Hurmatli Ustozlar, qadrli hamkasb do‘stlar, aziz talabalar, bitiruvchilar va mehmonlar!

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, globallashuv va integrasiya jarayonlarining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi ko‘p jihatdan katta hayotga kirib kelayotgan yangicha fikrlaydigan, islohotlar samarasini ta’minlashga qodir malakali kadrlarga bog‘liq. Bu jarayon oliy ta’lim dargohlari oldiga ham katta vazifalar qo‘ymoqda. Unda munosib ishtirok etish katta sharaf bo‘lish bilan birga, ulkan mas’uliyat hamdir. Ishonch bilan ayta olamizki, Siz azizlar bilan ta’lim va tarbiya masalasi alohida ustuvor yo‘nalish darajasiga ko‘tarilgan shunday muhim pallada oldimizdagi vazifalarni sadoqat bilan ado qilamiz.

Joriy yilning butun insoniyat uchun sinovli kelishi sharoitida ham jonkuyar ustoz-murabbiylarimiz noan’anaviy tarzda faoliyatga moslashib, o‘z mehnat faoliyatlarini bir zum ham to‘xtamagani quvonarlidir. Ham o‘zining professional faoliyatini yangitdan boshlash, ham talabalarga yangicha sharoitda ta’lim berish professor-o‘qituvchilarimiz matonatini sinovdan o‘tkazgani sir emas.

Siz azizlarga, hayot qanday sinovlarni tuhfa qilmasin, ulug‘ ajdodlarimizning “Ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas”, degan hikmatlaridan saboq olib, xalqimizning farovon hayotini ta’minlash yo‘lida fidokorlik namoyish etadigan farzandlar tarbiyasida tuganmas kuch-quvvat va mustahkam sog‘liq tilaymiz. Dunyodagi eng e’zozli, ehtirom va e’tiborga loyiq, qalblarga yaxshilik, ezgulik, komillik olib kiruvchi muborak kasbni tanlab, yoshlarga ilm, bilim berish bilan bir qatorda barkamollik sari yetaklab, ularga ziyo nurini taratishdan aslo charchamang, deb qolamiz.

Qo‘ng‘irotboy SHARIPOV, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori