Talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida” gi 2021-yil 22-iyundagi PQ-5157-sonli qaroriga muvofiq talabalar o‘qishini ko‘chirishning amaldagi tartibiga (2021-yil 15-iyuldan boshlab) quyidagicha o‘zgarishlar kiritildi:

a) talabalar o‘qishini xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan (shu jumladan, xalqaro tan olingan reytinglarda birinchi 1 000 ta o‘rindan birini egallagan) oliy ta’lim tashkilotlaridan O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishda:

talabadan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladi. Bunda, kasbiy (ijodiy) imtihonlar tegishli oliy ta’lim muassasasi tomonidan, test sinovlari Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladi;

test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘yicha o‘tish ballari joriy yil 25-iyulga qadar, keyinchalik har yili 15-iyulga qadar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilanadi hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi;

o‘tish balidan past ball to‘plagan talabalar bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi;

test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari Davlat test markazi hamda oliy ta’lim muassasalarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi;

b) talabalar o‘qishini xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlaridan O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishga ruxsat etilmaydi;

v) talabalar o‘qishini O‘zbekiston Respublikasining bir hududida joylashgan davlat oliy ta’lim muassasasidan boshqa hududidagi davlat oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirishda:

o‘qishni mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishga uzrli sabablar mavjud bo‘lganda ruxsat etiladi. Bunda, o‘qishni ko‘chirish so‘ralayotgan hududda mos va turdosh ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lmaganda, o‘qishni mazkur hududdagi oliy ta’lim muassasasining boshqa ta’lim yo‘nalishiga ko‘chirishga ruxsat etiladi;

talabaning respublika bir hududidan ikkinchi hududiga doimiy yashash uchun ko‘chib o‘tishi, turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasining mehnat faoliyatini amalga oshirish joyi boshqa hududga o‘zgartirilishi, nikoh tuzgandan keyin turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududga ko‘chib o‘tishi uzrli sabablar etib tan olinadi;

talabalarning o‘qishini uzrli sabablar mavjud bo‘lmagan holatlarda, shuningdek, mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirish o‘rnatilgan tartibda, tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik to‘lov asosida amalga oshiriladi (mazkur kichik bandning ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno);

g) talabalar o‘qishini O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan filiallar va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan:

O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirish mazkur bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan tartibda;

O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirish o‘rnatilgan tartibda, tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik to‘lov asosida amalga oshiriladi;

d) sport musobaqalari g‘olibi sifatida imtiyoz bilan oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan hamda kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarning o‘qishini ularning arizalariga muvofiq, sirtqi ta’lim shaklidagi mos va turdosh ta’lim yo‘nalishiga (sirtqi ta’lim shakli mavjud bo‘lgan taqdirda) davlat granti asosida ko‘chirishga ruxsat beriladi.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 15-iyulga qadar qo‘shni davlatlarda faoliyat yuritayotgan va vakolatli tashkilot tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan oliy ta’lim tashkilotlari ro‘yxatini rasmiy veb-saytida e’lon qilish hamda mazkur ro‘yxatning har yili yangilab borishini ta’minlash vazifasi yuklangan.

 

Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha

KO‘P BERILADIGAN SAVOLLAR

 

1-savol. Talabalar o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash bo‘yicha ruxsat berish  vakolati qaysi komissiyalarga tegishli?

Javob. O‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalarni taqdim etish — har yili
15 iyuldan 5 avgustga qadar amalga oshiriladi. Bu masalada 4 ta vaziyatli holat bo‘lishi mumkin. Har bir holatda qaror qabul qilish vakolati quyidagicha:

 BIRINCHI VAZIYAT: O‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bir oliy taʼlim muassassi (OTM) doirasida bo‘lsa.

1-variant: Yo‘nalishlar mos va turdosh bo‘lsa, Oliy taʼlim muassasasi komissiyasi!

2-variant: Yo‘nalishlar mos va turdosh bo‘lmasa, Davlat komissiyasi!

 IKKINCHI VAZIYAT: O‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bitta vazirlik (idora) tasarrufidagi universitetlar doirasida bo‘lsa.

1-variant: Yo‘nalishlar mos va turdosh bo‘lsa, OTM boʻysinuvchi vazirlik komissiyasi!

2-variant: Yo‘nalishlar mos va turdosh bo‘lmasa, Davlat komissiyasi!

 UCHINCHI VAZIYAT: O‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash alohida (ikkita) vazirliklar (idoralar) tasarrufidagi universitetlar doirasida bo‘lsa.

1-variant: Yo‘nalishlar mos va turdosh bo‘lsa, OTM boʻysinuvchi vazirlik komissiyasi!

2-variant: Yo‘nalishlar mos va turdosh bo‘lmasa, Davlat komissiyasi!

 TO‘RTINCHI VAZIYAT: Xorijiy (akkreditatsiyaga ega bo‘lgan) oliy taʼlim muassasalaridan o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga ko‘chirish.

Variant: Yo‘nalishlar mos va turdoshligidan qatʼi nazar, Davlat komissiyasi!

 Asos: Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarorining 3-ilovasi bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida nizom

 

2-savol. O‘qishni ko‘chirish va qayta tiklashda mos va turdosh taʼlim yo‘nalishlari deganda, nima tushunilmoqda?

Javob. Taʼlim yo‘nalishlarining nomlanishi bir xil bo‘lganda bunday taʼlim yo‘nalishlari mos deb hisoblanadi.

Oliy taʼlimning turdosh taʼlim yo‘nalishlari ro‘yxati o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabuli boshlangunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va O‘zbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

 Asos:Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarorining 3-ilovasi bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida nizom”

3-savol. Hududiy ishchi guruh deganda, qanday guruh tushunilmoqda?

Javob. Respublikaning barcha hududlarida respublika oliy taʼlim muassasalariga o‘qishini ko‘chirish (ko‘chirib tiklash) to‘g‘risidagi arizalar qabul qiluvchi Hududiy ishchi guruhlar o‘z faoliyatini olib boradi.

Hududiy ishchi guruhlar har yili 15 iyungacha Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi buyrug‘i asosida tashkil etiladi. Hududiy ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bittadan masʼul OTMda hamda vazirlikda faoliyat yuritadi.

Hududiy ishchi guruhlar qabul qilingan hujjatlarni umumlashtirib, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligiga taqdim etadi.

 

Asos: Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarorining 3-ilovasi bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida nizom”

 

4-savol. O‘qishni ko‘chirish va qayta tiklashda kimga qanday hujjatlar topshiriladi?

Javob. O‘qishni ko‘chirish va tiklash uchun onlayn ariza topshirish axborot tizimi (transfer.edu.uz) orqali 15 iyuldan 5 avgustga qadar quyidagi hujjatlar asosida ro‘yxatdan o‘tiladi:

– ariza (online)

– reyting daftarchasi yoki akademik maʼlumotnoma yoxud transkript nusxasi (bittasi bo‘lsa kifoya);

– pasport nusxasi.

Arizada o‘qigan oliy taʼlim muassasasi va taʼlim yo‘nalishi (mutaxassisligi), taʼlim shakli, maqsadli qabul bo‘yicha o‘qishga kirmaganligi, ko‘chirish (qayta tiklash) sabablari, ko‘chirish (qayta tiklash) qoidalari bilan tanishganligi ko‘rsatiladi.

Nomzodlar tomonidan zarur hujjatlar to‘g‘ri va to‘liq bo‘lgan holatda taqdim etilganda, so‘zsiz qabul qilinadi.

Oliy taʼlim muassasalarining boshqa taʼlim yoʻnalishiga oʻqishni koʻchirish yoki oliy taʼlim muassasasiga oʻqishni tiklash toʻgʻrisidagi arizalar tegishliligi bo‘yicha quyidagi komissiyalar tomonidan koʻrib chiqiladi:

-Oliy taʼlim muassasasi komissiyasi;

-OTM boʻysinuvchi vazirlik komissiyasi;

-Davlat komissiyasi.

5-savol. Qaysi kurs talabalariga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat beriladi?

Javob. Oliy taʼlim muassasalarda tahsil olayotgan barcha talabalarga, kursidan qatʼiy nazar o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza topshirishga ruxsat beriladi. Biroq, agar namunaviy o‘quv rejadagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshsa, bu talabalarning o‘qishni ko‘chirish haqidagi arizasiga oliy taʼlim muassasasi rektori tomonidan rad javobi berilishiga asos bo‘ladi.

 

6-savol. Qanday holatlarda o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha murojaatga rad javobi berilishi mumkin?

Javob. Quyidagi holatlar fuqaroning o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash haqidagi arizasiga rad javobi berilishiga asos bo‘ladi:

-xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan oliy taʼlim muassasalarida yoki ularning filiallarida o‘qiganlarga;

-respublika oliy taʼlim muassasalaridagi mavjud taʼlim shaklidan o‘zga (boshqa) taʼlim shaklida o‘qiganlarga;

-oliy taʼlim muassasalarining markazlari, bo‘limlari, o‘quv-maslahat punktlari va boshqalarda o‘qiganlarga;

-birinchi kursning birinchi semestriga birinchi semestr tugallanmagan holatda o‘qishni ko‘chirishga (talabaga kasallik tufayli akademik taʼtil berilgan holatlar, o‘qigan taʼlim yo‘nalishi mavjud bo‘lmaganda ko‘chirib tiklash holatlari bundan mustasno);

-oliy taʼlim muassasasida mos (turdosh) taʼlim yo‘nalishi (mutaxassisligi) yoki taʼlim shakli mavjud bo‘lmasa;

-namunaviy o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshganda;

-to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilganlar to‘lovni belgilangan muddatda amalga oshirmaganda;

-talabaning shaxsiy yig‘ma jildi (akademik maʼlumotnoma) belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganda;

-oliy taʼlim muassasasiga davlat granti asosida ko‘chirish va qayta tiklash davlat granti asosida taʼlim oluvchilar soni (qabul kvotalari) doirasida bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lmasa;

-oliy taʼlim muassasasi moddiy-texnika bazasining imkoniyati cheklanganda;

-maqsadli qabul qilinganlar boshqa taʼlim yo‘nalishi yoki taʼlim shakliga, boshqa oliy taʼlim muassasasiga;

-kechki (smenali) taʼlimdan sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimga hamda kechki (smenali) taʼlimning bir taʼlim sohasidan ikkinchi taʼlim sohasiga;

-sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimdan kunduzgi taʼlimga hamda sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimning bir taʼlim sohasidan ikkinchi taʼlim sohasiga;

-bir taʼlim shaklidan maxsus sirtqi taʼlim shakliga hamda maxsus sirtqi taʼlim shaklidan boshqa taʼlim shakliga;

-talaba O‘zbekiston va xorijiy oliy taʼlim muassasalarining o‘zaro kelishuvi asosida qabul qilinib qo‘shma taʼlim dasturlari asosida tahsil olgan yoki tahsil olayotgan bo‘lsa (mazkur qo‘shma dasturning o‘zi bundan mustasno);

-qonun hujjatlarida belgilangan boshqa holatlarda.

 

7-savol. Nodavlat oliy taʼlim muassasasidan ham o‘qishni ko‘chirishga ruxsat etiladimi?

Javob. Respublika oliy taʼlim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha murojaat qilish uchun tahsil olayotgan oliy taʼlim muassasasining mulkchilik shakli bo‘yicha cheklovlar yo‘q. Davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari talabalari birdek o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza topshirishga ruxsat beriladi. Faqatgina tahsil olayotgan oliy taʼlim muassasasi o‘z davlatida oliy taʼlim muassasasi sifatida davlat akkreditatsiyasidan o‘tgan bo‘lishi lozim.

8-savol. Xorijiy oliy taʼlim muassasasidan o‘qishimni O‘zbekistonga ko‘chirsam bo‘ladimi?

Javob. Xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirmoqchi bo‘lganlar faqat mos va turdosh yo‘nalishlarga o‘qishini ko‘chira oladi. Ular Davlat test markazi tomonidan test sinovidan o‘tkaziladi. Joriy yil 25-iyulgacha o‘tish bali belgilanadi. Agar o‘qishini ko‘chirayotgan talaba o‘tish balidan yuqori ball to‘plasa, bepul o‘qishini ko‘chira oladi. O‘tish balidan past ball to‘plaganlar bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Asos: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida” gi 2021-yil 22-iyundagi PQ-5157-sonli qarori.

9-savol. Xorijdan o‘qishni ko‘chirishda oilali bo‘lganlar uchun imtiyozlar bormi? Top-1000 talikka kirgan OTMlardan o‘qishini ko‘chirayotganlar-chi?

Javob. Xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirishda oilali talabalarga imtiyozlar ko‘zda tutilmagan. Agar talaba xorijiy oliy taʼlim muassasasiga o‘qishga kirgandan so‘ng turmushga chiqqan bo‘lsa, ushbu talaba bahorgi semestr boshlanishidan oldin ham o‘qishini turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy taʼlim muassasasiga ko‘chirish bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi va imtihonlarda ishtirok etishi mumkin.

Top-1000 talikka kirgan OTMlardan o‘qishini ko‘chirayotganlar ham Davlat test markazi tomonidan test sinovidan o‘tkaziladi. Masofaviy ta’lim olganlar o‘qishini ko‘chira olmaydi. Passportida kirdi-chiqdi belgisi mavjud bo‘lmaganlar ham o‘qishini ko‘chira olmaydi. Xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan turdosh bo‘lmagan yo‘nalishlarga o‘qishni ko‘chirib bo‘lmaydi.

10-savol. Men O‘zbekistondagi nodavlat oliy taʼlim muassasasida 1-kursni tamomladim. Men o‘qishimni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga ko‘chirmoqchiman. Bu qanday tartibda bo‘ladi?

Javob. O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan filiallar va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalariga mos va turdosh yo‘nalishlarga ko‘chirmoqchi bo‘lganlar Davlat test markazi tomonidan test sinovidan o‘tkaziladi. Har yili 15-iyulgacha (joriy yil 25-iyulgacha) o‘tish bali belgilanadi. Agar o‘qishini ko‘chirayotgan talaba o‘tish balidan yuqori ball to‘plasa, bepul o‘qishini ko‘chira oladi. O‘tish balidan past ball to‘plaganlar bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirish o‘rnatilgan tartibda, tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik to‘lov asosida amalga oshiriladi.

Asos: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida” gi 2021-yil 22-iyundagi PQ-5157-sonli qarori.

11-savol. Men Termiz davlat universitetidan o‘qishimni Farg‘ona davlat universitetiga ko‘chira olamanmi?

Javob. O‘qishni mamlakat ichidagi bir oliy ta’lim muassasasidan boshqa oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirishda o‘qishni mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishga uzrli sabablar mavjud bo‘lganda ruxsat etiladi. Bunda, o‘qishni ko‘chirish so‘ralayotgan hududda mos va turdosh ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lmaganda, o‘qishni mazkur hududdagi oliy ta’lim muassasasining boshqa ta’lim yo‘nalishiga ko‘chirishga ruxsat etiladi.

Talabalarning o‘qishini uzrli sabablar mavjud bo‘lmagan holatlarda, shuningdek, mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirish o‘rnatilgan tartibda, tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik to‘lov asosida amalga oshiriladi.

Asos: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida” gi 2021-yil 22-iyundagi PQ-5157-sonli qarori.

12-savol. Talabalar o‘qishini ko‘chirishda uzrli sabablar sifatida nimalar tan olinadi?

Javob. Uzrli sabablarga quyidagilar kiradi:

  1. Talabaning respublika bir hududidan ikkinchi hududiga doimiy yashash uchun ko‘chib o‘tishi.
  2. Turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasining mehnat faoliyatini amalga oshirish joyi boshqa hududga o‘zgartirilishi.
  3. Nikoh tuzgandan keyin turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududga ko‘chib o‘tishi.

Mana shu 3 ta holat uzrli sabablar etib tan olinadi. Bundan boshqa har qanday holat uzrli sabab hisoblanmaydi. 3 ta uzrli sababdan tashqari har qanday holatda ko‘chirish tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Asos: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida” gi 2021-yil 22-iyundagi PQ-5157-sonli qarori.

13-savol. Davlat oliy taʼlim muassasalariga fanlardan qarzi bor talaba o‘qishini ko‘chira oladimi?

Javob. Faqatgina birinchi kursning birinchi semestridan qarzdor bo‘lgan talabalarning o‘qishini ko‘chirishga ruxsat etilmaydi. Boshqa semestrdagi fandan qarzdor bo‘lgan talaba o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. O‘qishi ko‘chirilishi ruxsat etilgan talabani kursini belgilashda mutaxassislik fanlari farqi solishtiriladi va bunda, talaba qarzdor bo‘lgan fan ham inobatga olinadi. Fanlar farqi 4 tadan ortiq bo‘lgan holatda talabaning o‘qishi muayyan kursga tavsiya etilmaydi.

14-savol. Men Termiz davlat universitetining Maktabgacha taʼlim yo‘nalishini birinchi kursini tamomladim. Doimiy yashash manzilim Farg‘ona viloyatida bo‘lganligi sababli o‘qishimni Farg‘ona davlat universitetining Boshlang‘ich taʼlim yo‘nalishiga ko‘chira olamanmi? Men oqiyotgan yonalish mazkur OTMda mavjud emas.

Javob. Uzrli sabablarga ko’ra o‘qishni ko‘chirishda dastavval hududdagi mos ta’lim yo’nalishiga ruxsat etiladi, mos yo’nalish mavjud bo‘lmasa turdosh ta’lim yo‘nalishiga tasiya etiladi, turdosh ta’lim yo‘nalishi ham mavjud bo‘lmaganda, o‘qishni mazkur hududdagi oliy ta’lim muassasasining boshqa ta’lim yo‘nalishiga ko‘chirishga ruxsat etiladi.

Maktabgacha taʼlim yo‘nalishi va Boshlang‘ich taʼlim yo‘nalishi turdosh ekanligi hamda Sizning doimiy yashash manzilingiz Farg‘ona viloyati ekanligini inobatga olgan holda Siz o‘qishingizni Farg‘ona davlat universitetining Boshlang‘ich taʼlim yo‘nalishiga ko‘chirishingiz mumkin.

15-savol. Xorijdan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tkaziladigan imtihonlarning o‘tish ballari qanday bo‘ladi?

Javob. Xorijiy va nodavlat oliy taʼlim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha imtihonlarning o‘tish ballari tizimida oliy taʼlim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan joriy yilning 25 iyul kuniga qadar o‘zlarining rasmiy saytlarida eʼlon qilinadi.

Asos: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida” gi 2021-yil 22-iyundagi PQ-5157-sonli qarori.

16-savol. Xorijdagi oliy taʼlim muassasasi magistraturasiga o‘qishga kirsam va 1-kursdan keyin o‘qishimni O‘zbekistondagi oliy taʼlim muassasasi magistraturasiga ko‘chira olamanmi?

Javob. Xorijiy oliy taʼlim muassasalarining magistraturasida tahsil olayotgan talabalar o‘qishini O‘zbekiston Respublikasidagi oliy taʼlim muassasalarining magistraturasiga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat etilmaydi.

 

[PDF] Олий таълим муассасаларига ўқишга қабул қилиш, талабалар ўқишини кўчириш, қайта тиклаш ва ўқишдан четлаштириш тартиби тўғрисидаги низомларни тасдиқлаш ҳақида


[lex.uz] Олий таълим муассасаларига ўқишга қабул қилиш, талабалар ўқишини кўчириш, қайта тиклаш ва ўқишдан четлаштириш тартиби тўғрисидаги низомларни тасдиқлаш ҳақида


[PDF] 2021/2022 ўқув йилида Ўзбекистон Республикасининг олий таълим муассасаларига ўқишга қабул қилишнинг давлат буюртмаси параметрлари тўғрисида


[lex.uz] 2021/2022 ўқув йилида Ўзбекистон Республикасининг олий таълим муассасаларига ўқишга қабул қилишнинг давлат буюртмаси параметрлари тўғрисида