Bugun, 29 sentyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 1 oktyabr — Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi. Uzoq yillar ta’lim dargohimizda ilmiy va mehnat faoliyatini olib borgan faxriy professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar, san’atkorlar, madaniyat xodimlari bayram dasturxoniga taklif etildi.

Tadbirni kirish so‘zi bilan universitetimiz rektori Bahodir Xodiev ochib, barcha ustoz-murabbiylarni bayram bilan samimiy tabrikladi. Xalqimiz doimo ustoz va murabbiylarni e’zozlab kelishi, davlatimiz rahbariyati tomonidan berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik haqida to‘xtalib o‘tdi. Mamlakatimiz taraqqiyotining munosib egalarini voyaga yetkazishdek mas’uliyatli ishda ulkan zafarlar tiladi.

Bayram tadbiriga taklif etilgan O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov tomonidan ijro etilgan Vatanni madh qiluvchi, ustozlarni e’tirof etuvchi she’rlar, O‘zbekiston xalq hofizi Orolmirza Safarov, Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali teatri aktyori Alisher Yo‘ldoshev ijrosidagi jonli kuy-qo‘shiqlar, estrada xonandalari Nargiz va Sardor Rasulov, universitet san’at saroyi ijodiy jamoasining chiqishlari yig‘ilganlarga yuqori kayfiyat ulashdi.

Bayram tadbiri davomida ta’lim sifati komissiyasi raisi, Marketing kafedrasi professori Qo‘chqor Dadaboev O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Faxriy yorlig‘i bilan tadirlandi. Eng faol 35 nafar professor-o‘qituvchi, ishchi-xodimga universitet ma’muriyati va Kasaba uyushmasi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, universitet pedagog jamoasi hamda barcha xodimlariga bayram munosabati bilan mukofot pullari berildi.

Yoshlarimiz erishayotgan yutuqlarni ko‘rganda, yurtimiz bayrog‘i baland ko‘tarilganda hursand bo‘lmagan yurtdoshimiz bo‘lmasa kerak. Yoshlar yutuqlarining bosh sababchisi, xizmatchisi va yuqori darajalarga ko‘taruvchi bu ustozlarning mehnatidir! Fursatdan foydalanib, barcha ustoz va murabbiylarni o‘z mehnati samarasidan bahra olib yurishni tilab qolamiz.


TDIU Axborot xizmati