Bugun, 31 avgust kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Jahon universitetlarining reytingi QS Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha hududiy direktori Zoya Zaytseva boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan bo‘ldi.
Mehmonlarni universitet Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Sherzod Mustafaqulov, Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Nozima Zufarova kutib oldilar.

Universitet rektori Bahodir Xodiyev va QS Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Zoya Zaytseva, Elsevier kompaniyasining mintaqaviy direktori Aliya Ospanova, Elsevier kompaniyasining O‘zbekiston bo‘yicha kordinatori Dilnoza Allanazarova ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda jahon universitetlari reytingini belgilab beruvchi nufuzli QS kompaniyasi bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini xalqaro reytingda ishtirokini ta’minlash, kelajakda mazkur vazifani amalga oshirish bo‘yicha universitet oldida turgan muhim vazifalar va ularni samarali ro‘yobga chiqarish bo‘yicha hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida TDIUni xalqaro reytingga kiritish bo‘yicha bosqichma-bosqich jarayonlarni tashkil etish va bu borada ilg‘or xorijiy tajribalardan unumli foydalanish, QS kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Zoya Zaytseva tomonidan xalqaro reyting talablarini bajarish bo‘yicha zarur ma’lumotlar va ko‘rsatmalar berildi.

TDIU Axborot xizmati