Ustav

TOSHKENT DAVLAT IQTISODIYOT UNIVERSITETI
U S T A V I

I. Umumiy qoidalar

1. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (keyingi o‘rinlarda universitet deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqlar do‘stligi ordenli Toshkent xalq xo‘jaligi institutini Toshkent davlat iqtisodiyot dorilfununiga aylantirish to‘g‘risida”gi 1991 yil 6 iyundagi farmoniga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent davlat iqtisodiyot dorilfununi masalalari to‘g‘risida”gi 1991 yil 19 iyundagi 164-son qaroriga muvofiq tashkil qilingan.

2. Universitet O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining (keyingi o‘rinlarda vazirlik deb yuritiladi) tashkiliy tuzilmasiga kiradi.

Universitet davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanib, oliy ta’limning asosiy va qo‘shimcha ta’lim dasturlarini bajarish bo‘yicha ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanadi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq o‘quv-uslubiy, ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy-tadqiqot hamda boshqa faoliyatni amalga oshiradi va ta’lim xizmatlarini ko‘rsatadi.

3. Universitet o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, vazirlikning normativ-huquqiy hujjatlari va Hay’ati qarorlari, shuningdek mazkur Ustavga amal qiladi.

4. Universitet yuridik shaxs hisoblanadi. U operativ boshqaruvida o‘z mol-mulkiga ega va ushbu mol-mulk bo‘yicha o‘z majburiyatlariga muvofiq javob beradi, o‘z nomidan mol-mulk sotib olishi va mulkiy hamda nomulkiy huquqlarni amalga oshirishi, zimmasiga majburiyat olishi, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.

Universitet mustaqil balansga, bank muassasalarida hisob-kitob va boshqa, shu jumladan, valyuta bo‘yicha hisob raqamlariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga, shtamplar va boshqa rekvizitlarga ega.

Universitet joylashgan manzil: 100003, Toshkent sh., Islom Karimov ko‘chasi, 49-uy.

Universitetning rasmiy to‘liq va qisqa nomi:

a) davlat tilida:

to‘liq nomi – kiril alifbosida “Тошкент давлат иқтисодиёт университети”, lotin alifbosida “Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti”;

qisqartirilgan nomi – kiril alifbosida “ТДИУ”, lotin alifbosida “TDIU”;

b) rus tilida:

to‘liq nomi – “Ташкентский государственный экономический университет”;

qisqartirilgan nomi – “ТГУЭ”;

v) ingliz tilida:

to‘liq nomi – “Tashkent state university of economics”;

qisqartirilgan nomi – “TSUE”.

II. Universitetning asosiy vazifalari

5. Universitetning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash asosida bozor iqtisodiyoti talablariga mos raqobatbardosh, yuqori malakali kadrlar tayyorlash;

shaxsning intellektual, madaniy va ma’naviy-axloqiy kamol topishiga bo‘lgan ehtiyojlarini oliy ta’lim va oliy ta’limdan keyingi ma’lumot olishi orqali erishishni qondirish;

har tomonlama rivojlangan va sodiq shaxsni, mustaqil davlat fuqarosini, o‘z Vatani fidoyisi, xalq, jamiyat va oila oldidagi o‘z mas’uliyatini his qiluvchi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qiluvchi, xalq an’analarini boyituvchi va mustahkamlovchi, Vatanimiz kelajagi uchun vijdonan va halol mehnat qiluvchi etib shakllantirish;

ilmiy-pedagogik xodimlar va ta’lim oluvchilarning tadqiqotlari va ijodiy faoliyatlari orqali fanni taraqqiy ettirish, olingan natijalardan ta’lim va iqtisodiy islohotlar jarayonlarida foydalanish;

iqtisodiyotning muvofiq sohalaridagi oliy ma’lumotli mutaxassislarni, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari ilmiy-pedagogik kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

jamiyatning axloqiy, madaniy va ilmiy qadriyatlarini saqlash va boyitish;

aholi o‘rtasida bilimlarni tarqatish, aholining ma’naviy-ma’rifiy va madaniy darajasini oshirish;

byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lardan oqilona foydalanish asosida o‘quv va ilmiy tadqiqotlarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish;

talabalar va xodimlarni ijtimoiy himoya qilish, ularga moddiy yordam ko‘rsatish va universitetning oziq-ovqatlar zaxirasidan keng foydalangan holda ularning sog‘lom ovqatlanishini o‘rnatilgan tartibda tashkil etish.

III. O‘quv-tarbiyaviy va ilmiy-metodik ishlarning sub’ektlari, ularning huquq va majburiyatlari

a) Talabalar.

6. Universitet rektorining buyrug‘i bilan o‘qishga qabul qilingan shaxs universitetning talabasi hisoblanadi. Talabaga talabalik guvohnomasi hamda reyting daftarchasi bepul beriladi.

Universitetga talabalarni qabul qilish qonunchilikda belgilangan tartibda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy (ikkinchi va keyingi ta’lim) ma’lumotiga ega bo‘lgan shaxslar arizalariga binoan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga talabalarni qabul qilish tartibi va qoidalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Oliy ta’lim muassasalariga qabul barcha shaxslar uchun (ham grantlar, ham to‘lov-kontrakt bo‘yicha) teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, test sinovlarida eng yuqori ball to‘plagan abiturientlarning davlat grantlari bo‘yicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi ta’minlanadi. Qolgan abiturientlar test ballari reytingi asosida belgilangan to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar. Qonunchilikka muvofiq test sinovlarisiz muayyan imtiyoz asosida ham o‘qishga qabul qilish kafolatlanadi.

7. Universitetning talabalari quyidagi huquqlarga ega:

fan-texnika, zamonaviy texnologiyalar yutuqlariga mos keluvchi bilimlar olish;

universitet Axborot-resurs markazida mavjud bo‘lgan kitoblar, davriy nashrlar, elektron ta’lim vositalaridan belgilangan tartibda bepul foydalanish;

bepul maslahatlar va yo‘l-yo‘riqlar olish;

auditoriyalar, ta’lim jarayoniga oid o‘quv-texnik vositalardan o‘rnatilgan tartibda bepul foydalanish;

ta’lim jarayoni samaradorligi va ta’lim sifatini oshirish yuzasidan o‘z taklif-mulohazalarini, tanqidiy fikrlarini belgilangan tartibda ta’lim muassasasi, dekanat va kafedra rahbariyatiga bildirish va ularni ko‘rib chiqilishini talab qilish;

universitet va fakultet miqyosida o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlarida ishtirok etish;

ilmiy-tadqiqot ishlarida va ilmiy konferensiyalarda o‘rnatilgan tartibda faol qatnashish;

universitetda qonuniy ravishda faoliyat yuritayotgan jamoat birlashmalariga a’zo bo‘lish;

o‘qishdan tashqari vaqtlarda ma’naviy-ma’rifiy, ta’mirlash-qurilish, ko‘kalamzorlashtirish, qishloq xo‘jaligi va boshqa jamoat ishlarida, qonunchilikka zid bo‘lmagan ishlarda ishtirok etish.

Talaba sifatli va yuqori saviyada bilim olishi, tanlagan ixtisosligi bo‘yicha yuqori malakali mutaxassis bo‘lib yetishish uchun zarur bo‘lgan, qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa huquqlardan foydalanishga haqlidir.

Talaba o‘z huquqlarini suiiste’mol qilmasligi, bu huquqlardan o‘zga shaxslar manfaatiga zid maqsadlarda foydalanmasligi shart.

8. Davlat grantlari bo‘yicha va to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishning ishlab chiqarishdan ajralgan holdagi shaklida ta’lim olayotgan talabalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib va miqdorda stipendiya bilan ta’minlanadilar.
Talabalar tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi, Islom Karimov, Beruniy, Ibn Sino, Navoiy va Ulug‘bek nomidagi Davlat stipendiyalari, shuningdek, o‘qishga yo‘llagan yuridik va jismoniy shaxslar tayinlagan stipendiyalarni olish huquqiga egadirlar.

9. O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq kunduzgi o‘quv shaklida ta’lim olayotgan talabalarga universitetda o‘qiyotgan vaqti davomida harbiy xizmatga chaqirish muddatini kechiktirish imkoni beriladi.

10. Universitetning talabalar turar joyiga muhtoj talabalari universitetning talabalar turar joylaridan sanitariya normalari va qoidalariga javob beradigan joy bilan ta’minlanadi. Talabalar turar joylarida to‘laydigan to‘lovlarning hajmi kommunal-maishiy xizmatlar uchun to‘lovlarni inobatga olib, universitet tomonidan belgilanadi. Turar joyga muhtoj talabalar mavjud bo‘lgan holda, universitetning talabalar turar joylari maydonidan boshqa maqsadlarda foydalanish (ijaraga berish, boshqa kelishuvlar)ga ruxsat etilmaydi.

Universitetning talabalari o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida o‘rnatilgan tartibda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega.

11. Universitetdan chetlashtirilgan talaba O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom qoidalari asosida o‘qishga qayta tiklanishi mumkin.

Ilgari universitetdan ma’muriyatning tashabbusi bilan chetlashtirilgan shaxslarni barcha o‘quv shakllari bo‘yicha talabalar safiga qayta tiklash to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Universitetning talabalari belgilangan tartib-qoidalar asosida o‘qishini ko‘chirish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi hududida ta’lim faoliyatini olib borish uchun litsenziyaga ega bo‘lmagan nodavlat oliy ta’lim muassasalari va boshqa mamlakatlar oliy ta’lim muassasalarining filiallari (markazlar, bo‘limlar, o‘quv-maslahat punktlari va boshqalar)dan talabalarni universitetga o‘qishini ko‘chirish yoki o‘qishga tiklash taqiqlanadi.

12. Universitet talabalari oliy ta’limning davlat standartlari, o‘quv dasturlari va rejalarida nazarda tutilgan bilimlarni egallashlari, topshiriqlarning barcha turlarini belgilangan muddatda bajarishlari zarur hamda universitetning Ustaviga, Ichki mehnat tartibi qoidalariga, Odob-axloq qoidalariga va Talabalar turar joylari qoidalariga rioya etishlari shart.

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari talabalarni o‘qish vaqti hisobidan ta’lim jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish man etiladi.

13. Talaba ushbu Ustav, universitetning Ichki mehnat tartibi qoidalari va Odob-axloq qoidalari hamda Talabalar turar joylari qoidalarida nazarda tutilgan majburiyatlarni buzgan taqdirda unga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari qo‘llaniladi: hayfsan yoki talabalar safidan chetlashtirish.

14. Talaba universitetdan quyidagi hollarda chetlashtirilishi mumkin:

a) o‘z xohishiga binoan;

b) o‘qishning boshqa ta’lim mussasasiga ko‘chirilishi munosabati bilan;

v) salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida);

g) o‘quv intizomini va universitetning Ichki mehnat tartibi qoidalarini buzganligi uchun;

d) bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirganligi sababli;

ye) o‘qish uchun belgilangan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli (to‘lov-kontrakt bo‘yicha tahsil olayotganlar uchun);

j) talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;

z) vafot etganligi sababli.

Harbiy xizmatni o‘tash, salomatligini tiklash, homiladorlik va tug‘ish, shuningdek bolalarni parvarish qilish ta’tillari davrida talabaga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda akademik ta’til berilishi mumkin.

Universitet ma’muriyati tashabbusi bilan 14-bandning 1-qism “ye)” kichik bandiga ko‘ra talabalarni o‘qishdan chetlashtirish talabalar kasaba uyushmasining yozma roziligini inobatga olgan holda (kasaba uyushmasi a’zosi bo‘lgan talabalar uchun) amalga oshiriladi. Shuningdek, talaba 14-bandning 1-qism “g)” kichik bandiga ko‘ra universitetdan chetlashtirilayotgan holda, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining universitetdagi boshlang‘ich tashkiloti bilan ham kelishilishi mumkin.

Intizomiy jazoga tortilgan talaba o‘ziga qo‘llanilgan jazo chorasining qonuniyligi va adolatliligi yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda universitet rektoriga, vazirlikka yoki sudga murojaat etishi mumkin.

Talaba universitetdan chetlashtirilganda, unga shaxsiy hujjatlari va belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma topshiriladi, ularning nusxasi shaxsiy yig‘majildda saqlanadi.

Intizomiy jazo choralari talabalarning kasallik yoki ta’tilda bo‘lgan vaqti hisobga olinmagan holda xatti-harakat aniqlangandan so‘ng bir oydan kechiktirilmay va xatti-harakat sodir etilganidan so‘ng olti oydan kechiktirilmay qo‘llaniladi. Talabalar kasallik paytida, akademik ta’til yoki homiladorlik va tug‘ish holati bilan bog‘liq bo‘lgan ta’til paytlarda ularga nisbatan intizomiy jazo choralarini ko‘rish man etiladi.

Talabaning kasal bo‘lganligi uning o‘zi yoki ota-onasi tomonidan yozma ariza bilan bevosita dekanatga, odatda, bir haftadan kechiktirilmasdan ma’lum qilinadi.

b) Tinglovchilar.

15. Universitet huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazida o‘qiyotgan shaxslar tinglovchilar hisoblanadi.

Kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi, tinglovchilarni o‘qitish shartlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 12 iyunda qabul qilgan “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilanadi.

v) Doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar.

16. Universitetning izlanuvchilari (doktorantlari va mustaqil izlanuvchilari) – bu muayyan yo‘nalish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishini olib borayotgan va falsafa doktori (Doctor of Philosophy, PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science, DSc) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tayyorlayotgan shaxslardir.

Doktorant – bu universitetga tayanch doktoranturaga yoki doktoranturaga belgilangan tartibda qabul qilingan shaxsdir.

Mustaqil izlanuvchi – bu universitetga mustaqil izlanuvchilikka belgilangan tartibda qabul qilingan shaxsdir.

Izlanuvchi – bu fansafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun doktorlik dissertatsiyasini tayyorlayotgan shaxsdir.

17. Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limga qo‘yiladigan talablar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2017 yil 16 fevraldagi PF-4958-son farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 22 maydagi 304-son qarori va boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlar asosida belgilanadi.

g) Universitetning professor-o‘qituvchilari tarkibi, o‘quv-yordamchi va ma’muriy-xo‘jalik xodimlari:

18. Universitetda professor-o‘qituvchilar tarkibi, ilmiy xodimlar, muhandislik-texnika, ma’muriy-xo‘jalik, ishlab chiqarish, o‘quv-yordamchi va boshqa xizmatchilar lavozimlari mavjud.

19. Pedagog xodimlar lavozimlariga ishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 16 fevraldagi 20-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Universitet prorektorlari rektor tavsiyasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni bilan kelishilgan holda tayinlanadi.

Fakultet dekani vazirlik bilan kelishilgan holda universitet rektorining buyrug‘i asosida tayinlanadi.

20. Universitetning pedagog xodimlari va ilmiy xodimlari quyidagi huquqlarga ega:

belgilangan tartibda universitet va fakultet Kengashlariga saylash va saylanish;

universitetning faoliyatiga taalluqli masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish;

universitetning Axborot-resurs markazi, o‘quv va ilmiy bo‘linmalarining xizmatlaridan, shuningdek, ijtimoiy-maishiy, tibbiy va boshqa bo‘limlar xizmatidan jamoa shartnomasiga muvofiq foydalanish;

o‘qitishning uslub va vositalarini tanlash, o‘quv va ilmiy jarayonning yuqori sifatini ta’minlovchi ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;

universitet ma’muriyatining buyruq va farmoyishlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda murojaat qilish;

qonunchilikda belgilangan tartibda vakant pedagog xodim lavozimlariga e’lon qilingan tanlovlarda qatnashish;

o‘zlari ishlayotgan kafedra, fakultetdan tashqari boshqa fakultet va kafedra, shuningdek tashkilotlarda o‘rindoshlik asosida ishlash (asosiy ish joyi bilan kelishilgan holda);

xorijiy hamkasblarning sohaga doir ilmiy va o‘quv-uslubiy adabiyotlari bilan tanishish va ular bilan fikr almashish;

o‘z fani bo‘yicha darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar tayyorlash;

nazariy bilimlarini, amaliy tajribasini, ilmiy-tadqiqot ishini olib borish uslubini, pedagogik mahoratini takomillashtirib borish;

talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish;

grantlar, ilmiy loyihalar, xo‘jalik shartnomalarida ishtirok etish;

O‘zbekiston Respublikasining ta’lim sohasiga oid qonunchiligida belgilangan boshqa huquqlardan foydalanish.

21. Universitetning pedagog xodimlari va ilmiy xodimlarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:

ta’lim to‘g‘risidagi qonunchilik, mehnat va texnologiya intizomi, universitet Ustavi, Ichki mehnat tartibi qoidalari va Odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya qilish;

o‘zining xizmat vazifalarini vijdonan bajarish va o‘qituvchilik sha’niga dog‘ tushirmaslik;

ish jarayonida muloqot qiladigan universitet xodimlari, talabalari va boshqa shaxslar bilan xushfe’l munosabatda bo‘lish;

ish beruvchining qonuniy topshiriqlarini bajarish, har yili tasdiqlanadigan shaxsiy ish rejasi asosida o‘quv-uslubiy, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, xususan:

a) ishlarni tasdiqlangan shaxsiy ish rejasi asosida bajarish va ma’naviy-ma’rifiy ishlarda ishtirok etish;

b) tarbiyaviy ishlarni olib borish, talabalar bilan ma’naviy-ma’rifiy ishlarda, shu jumladan, darsdan tashqari vaqtlarda o‘tkaziladigan tadbirlarda bevosita ishtirok etish;

v) Kengash tomonidan tasdiqlangan kafedra ilmiy mavzularida ishtirok etish;

g) o‘z malakasini muntazam ravishda oshirish;

akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun hamkorlikda yangi avlod adabiyotlari, o‘quv-uslubiy majmualar yaratishda ishtirok etish;

akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida ochiq va muammoli mashg‘ulotlar hamda “master klass”lar o‘tkazish;

o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimi muassasalarida o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalar asosida ta’lim sifatini oshirishga ko‘maklashish;

mehnatni muhofaza qilish, texnika xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasiga doir qoidalarga rioya qilish;

universitetning mol-mulkini avaylash, undan oqilona foydalanish;

ish beruvchiga bevosita yetkazilgan haqiqiy moddiy zararni qoplash;

universitetdagi jamoatchilik ishlarida qatnashish;

pedagogik va ilmiy jarayonning samaradorligini ta’minlash;

zamonaviy sivilizatsiya va demokratiya sharoitida ta’lim oluvchilarning tanlagan yo‘nalishi (mutaxassisligi) bo‘yicha yuksak kasbiy tayyorgarlikni, mehnatga bo‘lgan qobiliyatni shakllantirish;

chet tillari va axborot texnologiyalaridan savodxonligini oshirib borish;

ta’lim oluvchilarda mustaqil fikrlash, tashabbuskorlik, ijodiy qobiliyatni shakllantirish;

o‘ziga biriktirilgan talabalar bilan ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish;

o‘zining odobi, madaniyati, ma’naviy saviyasi bilan o‘rnak bo‘lish;

kiyinish madaniyatiga rioya etish;

respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar va jahonda ro‘y berayotgan yangiliklardan xabardor bo‘lish;

universitet, fakultet, kafedra tomonidan tashkil etiladigan madaniy, ma’naviy, ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etish;

o‘zi o‘qitadigan fan dasturini fan-texnika yutuqlari asosida muntazam boyitib borish;

darslarni yuqori saviyada o‘tish;

fan yo‘nalishiga tegishli yangi manbalarni topish va ular bilan talabalarni tanishtirib borish;

har o‘quv yili boshlangunga qadar o‘zi o‘qitadigan fan(lar)ning ishchi o‘quv dasturi, kalendar rejasi va reyting nazoratlari jadvalini ishlab chiqish va kafedra majlisida tasdiqlash;

reyting tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazish;

talabalar bilimini xolisona baholash;

yangi pedagogik texnologiyalarni dars jarayonida qo‘llash;

ilmiy salohiyat va pedagogik mahoratini oshirish;

xo‘jalik shartnomalari asosida ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish hamda pullik ta’lim va servis xizmatlarini ko‘rsatish;

oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarda faol qatnashish.

22. Universitet Ustavi, Ichki mehnat tartibi qoidalari va Odob-axloq qoidalari, shuningdek amaldagi mehnat qonunchiligida nazarda tutilgan majburiyatlarni buzgan taqdirda pedagog xodimga nisbatan mehnat qonunchiligiga muvofiq intizomiy jazo choralari ko‘rilishi mumkin.

Intizomiy jazoga tortilgan pedagog xodimlarga ish beruvchi tomonidan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilganda bir yil muddatgacha qonunda belgilangan tartibda rag‘batlantirishlardan mahrum etiladi. Intizomiy jazoga tortilgan pedagog xodim o‘ziga qo‘llanilgan jazo chorasining qonuniyligi va adolatligi yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda universitet rektoriga, vazirlikka yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.

Intizomiy jazo choralari pedagog xodimlarning kasallik yoki ta’tilda bo‘lgan vaqti hisobga olinmagan holda nojo‘ya xatti-harakat aniqlangandan so‘ng bir oydan va nojo‘ya xatti-harakat sodir etilganidan so‘ng olti oydan kechiktirilmay qo‘llaniladi. Pedagog xodimlarning mehnat ta’tillari, kasallik paytida yoki homiladorlik va tug‘ish holati bilan bog‘liq bo‘lgan ta’til paytlarida ularga intizomiy jazo choralarini ko‘rish man etiladi.

23. Universitet pedagog xodimlari va talabalarining chet elga xizmat safarlariga borishi masalalari O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

24. Universitetda pedagog xodimlarning uch yilda kamida bir marotaba malakasini oshirish ta’minlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 12 iyunda qabul qilgan “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq universitetning rahbar va pedagog kadrlari uch yilda kamida bir marta doimiy asosda 288 soatlik maxsus dasturlar bo‘yicha ikki oy davomida ishdan ajragan holda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha qayta tayyorlanishi va malakasini oshirishi shart. Kurslar yakunida tinglovchilar attestatsiyadan o‘tadi. Attestatsiyadan o‘tolmagan universitetning rahbar va pedagog kadrlari belgilangan muddatda takroriy qayta tayyorlash va attestatsiyadan o‘tishi shart. Universitetning rahbar va pedagog kadrlari takroriy attestatsiyadan o‘tolmagan taqdirda, universitetda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini yo‘qotadi va ular bilan asosiy ish joyi bo‘yicha mehnat shartnomasi bekor qilinadi.

25. Universitet xodimlarining huquq va majburiyatlari universitetning Ichki mehnat tartibi qoidalari va Odob-axloq qoidalari hamda lavozim yo‘riqnomalari bilan belgilanadi.

IV. O‘quv-tarbiyaviy va ilmiy-metodik ishlar

26. Universitet quyidagi yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha oliy ta’lim va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning asosiy ta’lim dasturlari, qo‘shimcha ta’lim (kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish)ning dasturlarini amalga oshiradi:

a) ishlab chiqarishdan ajralgan holda (bakalavriat) o‘quv shakli quyidagi yo‘nalishlarda:

Kasb ta’limi (yo‘nalishlar bo‘yicha);

Iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha);

Menejment (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha);

Marketing (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha);

Bank ishi;

Soliqlar va soliqqa tortish;

Buxgalteriya hisobi va audit (tarmoqlar bo‘yicha);

Statistika (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha);

Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi;

Kadrlar menejmenti;

Korporativ boshqaruv;

Informatika va axborot texnologiyalari (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha);

Xizmatlar sohasi (faoliyat turlari bo‘yicha);

Mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish.

b) ishlab chiqarishdan ajralmagan holda (bakalavriat) o‘quv shakli qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilishi mumkin.

v) magistratura mutaxassisliklari (ishlab chiqarishdan ajralgan holda):

Kasb ta’limi nazariyasi va metodikasi (mutaxassisliklar bo‘yicha);

Kasb ta’limi nazariyasi va metodikasi;

Iqtisodiy nazariya;

Iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha);

Makroiqtisodiyot;

Ekonometrika;

Iqtisodiyotda axborot texnologiyalari va tizimlari;

Monopoliyaga qarshi boshqaruv va raqobatni rivojlantirish;

Demografiya. Mehnat iqtisodiyoti;

Menejment (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha);

Marketing (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha);

Logistika;

Bojxona ishi (faoliyat turlari bo‘yicha);

Davlat moliyasini boshqarish;

Bank ishi (faoliyat turlari bo‘yicha);

Soliqlar va soliqqa tortish;

Buxgalteriya hisobi (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha);

Audit (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha);

Statistika (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha);

Turizm (faoliyat turlari bo‘yicha).

g) ishlab chiqarishdan ajralmagan holda (magistratura) o‘quv shakli qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilishi mumkin.

Universitetda kadrlar iste’molchilari talablari asosida vazirlikning buyrug‘i bilan yangi yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlanishini tashkil etish mumkin.

27. Universitet ta’limning asosiy ta’lim dasturlarini ikki bosqichda amalga oshiradi: bakalavriat va magistratura.

Bakalavriat – ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha fundamental va amaliy bilimlar beruvchi, o‘qish muddati 4 yildan kam bo‘lmagan tayanch oliy ta’limdir.

Bakalavriat dasturini tugatgan bitiruvchilarga davlat attestatsiyasi yakunlari asosida ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha «bakalavr» darajasi beriladi hamda davlat namunasidagi diplom topshiriladi.

Magistratura – yo‘nalishning muayyan mutaxassisligi bo‘yicha fundamental va amaliy bilimlar beruvchi, bakalavriat negizida, o‘qish muddati 2 yildan kam bo‘lmagan oliy ta’limdir.

Magistratura dasturini tugatgan bitiruvchilarga davlat attestatsiyasi yakunlari asosida tayyorlangan muayyan mutaxassislik bo‘yicha «magistr» darajasi beriladi va davlat namunasidagi diplom topshiriladi.

Bakalavrlik va magistrlik davlat namunasidagi diplomi uning egalariga kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish yoki tanlangan ta’lim yo‘nalishiga va mutaxassisligiga muvofiq ta’lim muassasalarining navbatdagi bosqichlarida o‘qishni davom ettirish huquqini beradi.

Share: