Rektor tabrigi

Ilm-fan bilan shug‘ullanish, yangi kashfiyot va ixtirolar qilish igna bilan quduq qazishdek gap. Shunday ekan, bu mashaqqatli sohada fidokorona mehnat qilayotgan olimlarimiz mehnati tahsin va rag‘batga munosib.

Sh. Mirziyoyev

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga 1931-yilda asos solingan bo‘lib, u dastlab Toshkent xalq xo‘jaligi intituti nomi bilan faoliyat yuritgan. 1994-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga aylantirilgan. 1996-yilda milliy ta’lim tizimidagi islohotlar bilan bog‘liqlikda 2 bosqichli oliy ta’lim tizimiga o‘tilgan. Hozirgi kunda TDIU Markaziy Osiyoning yirik iqtisodiyot, moliya sohalarida yetuk kadrlarni tayyorlaydigan ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga universitet ilmiy pedagog kadrlarni tayyorlash, ijtimoiy-iqtisodiy hayotda mavjud muammo/masalalarni ilmiy jihatdan hal etish bo‘yicha ham chuqur izlanishlar olib boruvchi ilmiy maskan hisoblanadi.

Bularning tasdig‘i sifatida qayd etish lozimki, universitetda har yili O‘zbekiston Respublikasi Innovatsiyalarni rivojlantirish vazirligi (sobiq O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirish agentligi) tomonidan e’lon qilinadigan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi ilmiy-texnik loyihalarda professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar tomonidan o‘rtacha 900 mln.so‘mlik ilmiy loyihalar ustida tadqiqot ishlari olib boriladi. 2017-yilda universitet professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilari tomonidan davlat ilmiy-texnik dasturi doirasida 21 ta mavzu bo‘yicha jami 898,24 mln.so‘mlik loyihalar ustida ilmiy izlanishlar amalga oshirildi. Shuningdek, universitet har yili innovatsion g‘oyalar, loyihalar va texnologiyalar respublika yarmarkasi doirasida real sektor korxonalari, moliya-bank tashkilotlari bilan xo‘jalik shartnomalarini imzolaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyundagi “Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot soha va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3151-sonli qarorida belgilangan oliy ta’lim – ilm-fan – ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash maqsadida korxona va tashkilotlar bilan innovatsion-korporativ hamkorlik aloqalari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Birgina 2017 yilda ta’lim – ilm-fan – ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash maqsadida 42 ta yirik korxona va tashkilot bilan Innovatsion-korporativ hamkorlik shartnomalari tuzildi. Bugungi kunda ushbu loyiha doirasida chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda universitetda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining qarori bilan quyidagi ixtisosliklar bo‘yicha Ilmiy kengash (DSc.27.06.2017.I.16.01 raqamli) faoliyat yuritmoqda:

08.00.03 – Sanoat iqtisodiyoti;

08.00.06 – Ekonometrika va statistika;

08.00.10 – Demografiya. Mehnat iqtisodiyoti;

08.00.11 – Marketing;

08.00.13 – Menejment;

08.00.14 – Iqtisodiyotda axborot tizimlari va texnologiyalari.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-4947-sonli farmoni mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik e’tiboriga yetkazish hamda hududlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida ilmiy-innovatsion hamkorlik asosida viloyat hokimliklari bilan hamkorlikda amaliy ishlar olib borilmoqda. 2017-yilda respublika hududlarida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishini o‘rganish uchun 40 kunga mo‘ljallangan “Harakatlar strategiyasi: yozgi ta’til – 2017” loyihasi amalga oshirildi. Bunda professor-o‘qituvchilar o‘quv-uslubiy va ilmiy tadqiqot faoliyatlari uchun zarur bo‘ladigan tahliliy materiallarni to‘plashga muvaffaq bo‘ldilar, talabalar esa nazariy bilimlarini amaliyotda yuz berayotgan voqyea-hodisa va jarayonlar orqali mustahkamlashga erishdilar.

Universitetda ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish, professor-o‘qituvchilarning kasbiy malakasi hamda talabalar, ilmiy izlanuvchilarning bilim saviyasini oshirish maqsadida turli mavzulardagi seminar-treninglar, davra suhbatlari va “master klass”larni tashkil etish tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, mustaqil fikrlovchi, yuksak iqtidorga ega talaba-yoshlar bilan ishlash, ularning qiziqish va xohishlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ham katta tajriba to‘plangan. Iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘yicha har yili maxsus Harakatlar rejasi ishlab chiqiladi. Ushbu rejaga muvofiq yil davomida turli mavzularda yuqori obro‘ va nufuzga ega olimlar, amaliyotchi-mutaxassislar bilan qiziqarli uchrashuvlar tashkil etiladi.

Qobiliyatli yoshlarni rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish, ularni faol yaratuvchilik faoliyatiga keng jalb etish, iqtidorli talabalar va tayanch doktorantlarni qo‘llab-quvvatlash hamda munosib taqdirlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari va boshqa nomdor stipendiyalar tanloviga nomzodlarni tavsiya etish yuqori saviyada tashkil etiladi.

Xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik miqyosini kengaytirish, bakalavriat, magistratura bosqichi talabalari, ilmiy izlanuvchi va professor-o‘qituvchilarning almashinuv dasturlarida ishtirok etishini ta’minlash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Yaponiya, Koreya Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi bilan mustahkam va o‘zaro strategik sherikchilik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

Muxtasar qilganda, universitetning ilmiy tadqiqot faoliyatining ustuvor yo‘nalishi – mamlakatimiz iqtisodiyotining turli soha va tarmoqlaridagi mavjud muammolarni o‘rganish, ilmiy izlanishlar olib borish orqali yechimlarini izlab topish, xalqaro tajribalarni tahlil qilish asnosida ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.

Universitetning ilmiy tadqiqot sohasidagi missiyasi – iqtisodiyot sohasida yetuk mutaxassislarni tayyorlash, ularni mehnat bozorida raqobatlasha oladigan, tanqidiy tahlil qilish ko‘nikmasiga ega, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yuqori pragmatik qobiliyat bilan hal etuvchi qilib tayyorlashdan iborat.

Share: