Ilmiy yangiliklar

DOKTORANTIMIZNING ILMIY MAQOLASI RAG‘BATLANTIRILDI 

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish maqsadida o‘tgan yil iyul oyida «Islom Karimov xotirasiga bag‘ish­langan eng yaxshi ilmiy-ommabop maqola» tanlovi e’lon qilingan edi. Unga 2017 yilning 31 dekabriga qadar 2016-2017 yillarda respublika hamda xorij gazeta va jurnallari, internet nashrlarida e’lon qilingan materiallar qabul qilindi.

Tanlov uchun o‘zbek, qoraqalpoq, rus, ingliz, fransuz, italyan, xitoy, nemis, yapon, arab, koreys, ozarbayjon, qozoq, turkman, qirg‘iz tillarida yozilgan jami 900 ga yaqin material yuborilgan. Ularni adolatli baholash uchun tanlov hay’ati tarkibiga tajribali mutaxassislar, olimlar, tarixchilar, yozuvchilar, jurnalistlar, keng jamoatchilik vakillari jalb etildi. Yuborilgan ishlar, avvalo, maqola mavzusi yangiligi va mohiyatning ochib berilgani, mazmunan tarixiy haqiqatga zid kelmasligi, ilmiy manbalardan qanchalik foydalanilgani, shuningdek, ilmiy va badiiy saviya darajasi hisobga olingan holda baholandi.

Tanlovning birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rin g‘oliblaridan tashqari, tanlov tashkilotchilari tomonidan 20 ta rag‘batlantiruvchi mukofot ham ta’sis etildi va munosib nomzodlarning ishlari tanlab olindi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti doktoranti Avaz Jamolovich Qahhorov ham “Islom Abdug‘Anievich Karimov nomi bilan mashhur taraqqiyotning “o‘zbek modeli” bugun jahon hamjamiyati e’tirofida” deb  nomlangan ilmiy maqolasi bilan tanlovda ishtirok etib, top 20 talikning yuqori o‘rinlaridan joy egalladi.

Ularga Islom Karimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlab chop etilgan “Islom Karimov – mustaqil O‘zbekiston asoschisi” nomli kitob-al’bom sovg‘a qilindi. G‘oliblarga mukofotni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov va Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning rafiqasi T.Karimova topshirdi.

Share: