O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor

  Prorektor   Zaxidov Gafurdjan Erkinovich
  Qabul vaqti:   Seshanba 1400 – 1600, Payshanba 1400 – 1600, Shanba 1400 – 1600
  Telefon:   (0 371) 232-64-46
  Fax:    (0 371) 232-64-46
  E-mail:   prouib@tdiu.uz
  Veb-sayt:   www.tdiu.uz

 

O‘quv ishlari bo‘yicha prorektorning lavozim vazifalari:

– O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining ta’lim-tarbiya va kadrlar tayyorlash sohasidagi qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining normativ-huquqiy hujjatlarini, shuningdek ko‘rsatmalarini amalga oshirish;

– Davlat ta’lim standartlari asosida ta’lim jarayonini tashkil etish va malakali kadrlar tayyorlashni ta’minlash, Davlat ta’lim standartlariga muvofiq bilimlar mazmuni va tayyorgarlik darajasiga qo‘yiladigan talablar majmuini barcha dekanlar, kafedra mudirlari va pedagog xodimlar tomonidan to‘liq o‘zlashtirilishini tashkil etish;

– o‘quv jarayonlariga oid masalalar bo‘yicha universitet Kengashi qarorlari va ish beruvchi buyruqlarining bajarilishini tashkil qilish;

– ilg‘or mamlakatlar ta’lim tizimining rivojlanish tendensiyalarini o‘rganish, O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunida, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va boshqa ta’limga oid normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirish borasida uslub va vositalar ishlab chiqilishini tashkil etish va ularning amalga oshirilishini ta’minlash;

– o‘quv-tarbiya jarayonida o‘qitishning ilg‘or shakllarini, yangi pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil etish;

– uzluksiz ta’lim tizimi uchun yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratish konsepsiyasi talablariga muvofiq darsliklar va o‘quv-metodik adabiyotlar yaratilishi, tarjima qilinishini, darslik, o‘quv-uslubiy majmualar ta’minoti bo‘yicha nashriyot ishlarini tashkil etish;

– pedagog kadrlar va mutaxassislarni tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirishga rahbarlik qilish;

– barcha ta’lim yo‘nalishlarini o‘quv reja va dasturlari bilan ta’minlash;

– uslubiy kengashga rahbarlik qilish, o‘quv jarayonini ta’minlaydigan bo‘limlar, dekanatlar ishlarini muvofiqlashtirish, tashkil etish va nazorat qilish;

– O‘quv-uslubiy boshqarma, fakultet va kafedralar ish rejalarini tasdiqlash va ularning bajarilishiga rahbarlik qilish, fakultetlararo umumta’lim kafedralarini boshqarish;

– talabalarning o‘quv va ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish;

– mashg‘ulotlarning sifatini oshirish, professor-o‘qituvchilar tomonidan shaxsiy ish rejalari mazmuni bo‘yicha javob berish hamda bajarilishi ustidan nazorat olib borish va bajarilishini ta’minlash;

– o‘quv rejalarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

– o‘quv va uslubiy konferensiyalarni tashkil etish, universitetning uslubiy komissiyasi kengash ishlariga rahbarlik qilish, ilg‘or uslubiy tajribalarni umumlashtirish;

– Ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor bilan hamkorlikda talabalarni respublika va xalqaro miqyosdagi olimpiada tanlovlariga maqsadli tayyorlash, olimpiada natijalarini tahlil qilish, talabalarni davlat stipendiyalariga tayyorlash ishlarini uzluksiz shaklda tashkil etish va boshqarish;

– talabalar bilimini baholashning zamonaviy reyting tizimlarini tatbiq etish, talabalar bilimlarini ob’ektiv baholashni tashkil etish;

– fanlarni o‘zlashtira olmayotgan talabalarni universitetdan chetlashtirish, o‘qishdan chetlashtirilganlarni o‘rnatilgan tartibda qayta tiklash, talabalarni kursdan kursga o‘tkazish;

– o‘quv mashg‘ulotlari jadvalini tuzish, tasdiqlash va bajarilishini nazorat etish, kafedralar o‘quv yuklamalari va yillik hisobotlarini tahlil qilish va o‘quv jarayonini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

– talabalarni mustaqil ta’lim olishlari uchun zamonaviy usul va vositalarini tatbiq etishni tashkil qilish;

– professor-o‘qituvchilar va o‘quv ishiga yordamlashuvchi xodimlar shtatlari bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish, kafedralar, bo‘limlarni malakali kadrlar bilan ta’minlash ishlarini tashkil etish, kafedra mudiri va fakultet dekani lavozimlariga istiqbolli yoshlarni maqsadli tayyorlashni tashkil etish;

– pedagog kadrlarni vakant lavozimlarga tanlov asosida ishga qabul qilishni tashkil etish, katta ilmiy xodim-tadqiqotchi va mustaqil izlanuvchilarni hamda magistrlarni ishga olib qolish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

– o‘quv xonalaridan unumli foydalanish masalalari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

– birinchi kursga talabalikka qabul qilish ishlarini tashkil qilish, dekanlarning talabalarni o‘qishdan chetlashtirish, akademik ta’til berish to‘g‘risidagi takliflarini ko‘rib chiqish;

– universitet Kengashi rejasi asosida o‘quv jarayoniga tegishli masalalarni belgilangan muddatda sifatli tayyorlashni tashkil qilish;

– talabalar amaliyotlarini tashkil etish va o‘quv ishlarini ishlab chiqarish korxonalari bilan integratsiyasini tashkil etish;

– o‘quv-uslubiy hisobotlarni belgilangan shakllarda rektorga taqdim etishni ta’minlash;

– o‘quv jarayonlarini samarali va sifatli tashkil etish bo‘yicha kafedralar faoliyatini nazorat etish;

– mehnat va o‘quv intizomini buzgan pedagoglarga nisbatan chora ko‘rish va ular bilan shartnomani bekor qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

– kafedralar va fakultetlarning yillik faoliyati hisobotlarini o‘tkazish, tahlil qilish va xulosalar chiqarish, professor-o‘qituvchilarining o‘quv-uslubiy faoliyatini zamonaviy usullarda baholashni amalga oshirish;

– oliy ta’lim muassasalari bilan o‘quv-uslubiy yo‘nalishda doimiy hamkorlikni amalga oshirish, konferensiya, seminarlarda professor-o‘qituvchilarning faol ishtirokini ta’minlash;

– universitetni o‘rnatilgan tartibda doimiy ichki attestatsiyadan o‘tkazish, tashqi attestatsiyaga tayyorlash va uni o‘tkazishda faol ishtirok etish;

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 yanvardagi 12-sonli «Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq ijro intizomiga, mehnat va o‘quv intizomiga, mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik texnikasi va ishlab chiqarish sanitariyasiga doir qoidalar, universitetning Ustavi, mazkur Qoidalar, Kengash qarorlari, ish beruvchi buyruqlari hamda ta’lim tizimiga doir normativ-huquqiy hujjatlarda qo‘yilgan maqsad va vazifalarga, shuningdek o‘zining xizmat vazifalariga qat’iy rioya etish.

Share: