Seminarlar

Innovasion-korporativ hamkorlik doirasidagi ilmiy-amaliy seminarlar

 Innovasion-korporativ hamkorolik shartnomasiga muvofiq fakul’tetlar kafedralari tomonidan yillik tasdiqlangan rejaga muvofiq amaliyotchi-mutaxassislar ishtirokida ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etiladi. Seminarlarda nafaqat hamkor tashkilotlarning mutaxassislari, balki kafedralar professor-o’qituvchilari hamda bakalavriat va magistratura bosqichi talabalari sohaga oid dolzarb mavzular bo’yicha ma’ruza taqdimotlari amalga oshiriladi. Ushbu tadbirlar ham universitetda, ham korxona va tashkilotlarda tashkillashtiriladi. Bundan asosiy maqsad – real hayotda mavjud yoki yuzaga kelgan muammo/masala yuzasidan amaliyotchi mutaxassislar, olimlar va iqtidorli talabalar hamkorlikda ish olib borish, uning yechimi yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. 2017 yilda ushbu tadbirlar natijasida ilmiy izlanuvchilar dissertasiya ishi yuzasidan yangiliklarni amaliyotga tatbiq etish bo’yicha dalolatnomalarni qo’lga kiritgan bo’lsa, 3-va 4-bosqich bakalavriat hamda 2-kurs magistratura bosqichi talabalari esa, o’qishni bitirmasdanoq hamkor tashkilotlar tomonidan ishga qabul qilindilar.

 

Harakatlar strategiyasi: yozgi ta’til – 2017

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O’zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo’yicha harakatlar strategiyasi to’g’risida”gi PF-4947-sonli farmoni mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik e’tiboriga yetkazish maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan qator amaliy ishlar olib borildi.

Ushbu muhim hujjat bilan to’laqonli tanishtirish uchun Taraqqiyot strategiyasi markazi bilan hamkorlikda universitetda barcha talabalar va professor-o’qituvchilar uchun may oyida “Harakatlar strategiyasi haftaligi” tashkil etildi.

Bundan tashqari 2017 yil iyun’ oyida Taraqqiyot strategiyasi markazi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o’rtasida o’zaro hamkorlik to’g’risida Memorandum imzolanib, universitet ziyolilari va iqtidorli yoshlarining siyosiy faolligini oshirish, jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi ishtirokini ta’minlash maqsadida “Harakatlar strategiyasi xonasi” tashkil etildi.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o’zgartirishlar va xorijiy investisiyalarni jalb etish masalalari yig’ma Axborot-tahlil departamentining 2017 yil 6 iyuldagi 02/1-248-sonli majlis bayoni hamda universtitet rektorining buyrug’i asosida ijodiy ishchi guruhlar tuzildi.

Ushbu buyruqqa muvofiq “2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha harakatlar strategiyasi”ning “Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo’nalishlari” bandida belgilangan chora-tadbirlarning hududlarda bajarilishini o’rganish maqsadida 40 kunga mo’ljallangan “Harakatlar strategiyasi: yozgi ta’til – 2017” amaliy loyihasiga muvofiq har bir hudud bo’yicha shakllantirilgan 433 nafar universitet professor-o’qituvchi, tayanch doktorant, doktorant hamda ko’ngilli iqtidorli talabalaridan tashkil topgan ijodiy ishchi guruhlar yozgi ta’til davrida hududlarga yuborililib, tuman va shahar hokimiyatlaridan biriktirilgan mas’ullar bilan birga harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarning joylarda amalga oshirilishini o’rgandilar hamda ma’lumotlar to’pladilar.

Amaliy loyiha yakunida, har bir hududda mavjud holat bo’yicha Taraqqiyot strategiyasi markazi bilan hamkorlikda keng qamrovli tahliliy axborot tayyorlandi hamda hududlarni istiqbolda rivojlantirishga doir ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Ushbu loyiha asosida to’plangan ma’lumotlar natijasida “Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo’nalishlari” bandida belgilangan chora-tadbirlarning respublika hududlarida bajarilishi bo’yicha yig’ma tahliliy ma’lumotnoma tayyorlash va viloyatlar kesimida “Kompleks harakat dasturi”ni ishlab chiqishga yordam berdi.

 

Davra suhbatlari, seminar-treninglar, “mahorat darslari”

Universitetda ilg’or tajribalarni o’zlashtirish, professor-o’qituvchilarning kasbiy malakasi hamda talabalarning bilim saviyasini oshirish maqsadida turli mavzulardagi seminar-treninglar, davra suhbatlari va “master klass”larni tashkil etish tizimi yaxshi yo’lga qo’yilgan.

Universitet prorektori tomonidan innovasion-korporativ hamkorlik doirasida o’tkaziladigan seminarlar grafigi tasdiqlangan bo’lib, ushbu grafikka muvofiq kafedralar tomonidan 2017 yilda jami 10 dan ortiq davra suhbati va ilmiy seminarlar tashkil etildi.

Share: