Tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirishning dolzarb masalalari

Oliy harbiy davlat bojxona instituti va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan 2019 yil 25 martda imzolangan hamkorlik memorandumiga asosan “Tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Bojxona tartibga solinishi va bojxona to‘lovlari hamda Jahon iqtisodiyoti kafedralari hamkorligida tashkil etilgan davra suhbatida bojxona vakillari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar ishtirok etdi.

Tadbirda Jahon iqtisodiyoti kafedrasi professori, t.f.d. A. Shermuxammedov “O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga kirish muammolari” mavzusida ma’ruza qildi. Respublikamizda tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish va rivojlantirish, bu jarayonni faollashtirishda tashqi savdoni erkinlashtirish, milliy iqtisodiyotning xalqaro moliya-kredit, investitsiya, soliq-bojxona, valyuta va sug‘urta tizimiga integratsiyasini jadallashtirishga doir ustuvor vazifalar ijrosi samarali amalga oshirilayotganligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Davlat boshqaruv akademiyasi Iqtisodiyot va moliya kafedrasi dotsenti, PhD. U. Pardaev “Davlat xaridlari tizimida tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish masalalari” mavzusida o‘z ma’ruzasini davra suhbati qatnashchilariga taqdim etdi. Ma’ruzachi tomonidan bugungi kunda mamlakatimiz tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlanitirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, davlat xaridlari tizimida tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha islohotlarning tutgan o‘rni, xususan, bu boradagi o‘zgarishlar, rivojlanishlar, chegara va bojxona nazorati haqida to‘liq ma’lumotlar taqdim etildi. Soha rivojiga to‘siq bo‘layotgan va o‘z yechimini kutib turgan muammolar haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Shundan so‘ng, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi dotsenti, i.f.n. M. Qutbidinova “Erkin iqtisodiy zonalarga berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar” mavzusidagi ma’ruzasi bilan qatnashib, respublikada erkin iqtisodiy zonalarning faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlarning amalga oshirilayotganligini ta’kidlab, erkin iqtisodiy hududlarga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etishga ko‘maklashadigan keng ko‘lamli soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalari tizimi shakllantirilganligi natijada esa hozirgi kunda respublikamizning 10 ta mintaqasida 14 ta erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari tashkil etilib, hozirgacha ushbu zonalarda 62 ta loyiha amalga oshirilib, yana 87 ta loyiha bo‘yicha ishlar davom ettirilayotganligi xususidagi ma’lumotlarni davra suhbati ishtirokchilariga ma’ruzasi davomida yetkazdi.

So‘ngra so‘z Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Jahon iqtisodiyoti” kafedrasi mudiri i.f.n. dots. N. Ismailova “Xalqaro iqtisodiy integratsiya jarayonlarida O‘zbekistonning ishtiroki” deb nomlangan o‘z ma’ruza taqdimoti bilan chiqish qildi. Ma’ruzada respublikamiz xalqaro integratsion jarayonlarga tezkorlik bilan javob qaytarayotganligini ta’kidlanib, mavzuning amaliy va ilmiy jihatlari asoslab berildi.

Bojxona tartibga solinishi va bojxona to‘lovlari kafedrasi dotsenti, bojxona xizmati podpolkovnigi T. Pardaev “Tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirishda bojxona to‘lovlarining o‘rni” mavzusidagi ma’ruzasida mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan qulayliklar va bojxona to‘lovlaridan berilayotgan imtiyozlar natijasida respublikamiz tashqi iqtisodiy faoliyat ko‘rsatkichlari ham yildan-yilga keskin o‘sib borayotganini qayd etdi.

Tadbir so‘ngida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Jahon iqtisodiyoti kafedrasi mudiri N. Ismailova mazkur innovatsion-korporativ hamkorlik doirasidagi davra suhbati juda mazmunli va qiziqarli o‘tganligi, mavzu yuzasidan o‘zaro almashilgan fikr va mulohazalar o‘zining ilmiy-amaliy, nazariy-uslubiy ahamiyatga ega ekanligi, tadqiqotlar natijasida tayyorlangan taqdimot ma’lumotlarga boy tarzda o‘tganligi, yangiliklarga to‘laligi bilan ahamiyatli bo‘lganligini ta’kidladi. Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona instituti rahbariyati hamda Bojxona tartibga solinishi va bojxona to‘lovlari kafedrasi xodimlariga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi.

 

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php