YANGILIKLAR

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori

Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2018 yil 5 iyundagi PQ-3775-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, chet tilini bilish darajasi bo‘yicha tegishli sertifikatga ega bo‘lgan abiturientlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi o‘rinlarda Davlat test markazi deb ataladi), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligining taklifiga muvofiq 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish sinovlarida quyidagi imtiyozlar belgilansin:
  2. a) test sinovlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) majmuasiga chet tili (ingliz, nemis, fransuz, ispan, turk, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, italyan, yapon tillari) (keyingi o‘rinlarda chet tili deb ataladi) birinchi (asosiy) fan sifatida kiritilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan va Davlat test markazi tomonidan beriladigan chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi sertifikat (keyingi o‘rinlarda milliy sertifikat deb ataladi) yoki xalqaro sertifikatning quyidagi darajalariga ega bo‘lgan abiturientlarga ushbu fandan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball beriladi:

ingliz tili uchun — milliy sertifikat yoki International English Language Testing System (IELTS 5,5), Test of English as a Foreign Language (TOEFL IBT 72), Cambridge Assessment English FCE xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

yapon tili uchun — milliy sertifikat yoki Japanese Language Proficiency Test (JLPT № 2) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

nemis tili uchun — milliy sertifikat yoki Goethe-Zertifikat, Deutsches Sprachdiplom (DSD), Test Deutsch als Fremdsprache (Test DAF) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

fransuz tili uchun — milliy sertifikat yoki Diplôme d’Etudes en Langue Française (DELF), Test de Connaissance du Français (TCF) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

boshqa tillar uchun — milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

  1. b) test sinovlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) majmuasiga chet tili birinchi (asosiy) bo‘lmagan fan sifatida kiritilgan boshqa bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga (Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bundan mustasno) hujjat topshirgan va milliy yoki xalqaro sertifikatning quyidagi darajalariga ega bo‘lgan abiturientlarga ushbu fandan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball beriladi:

ingliz tili uchun — milliy sertifikat yoki International English Language Testing System (IELTS 4,5), Test of English as a Foreign Language (TOEFL IBT 42), Cambridge Assessment English PET xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B1 va undan yuqori;

yapon tili uchun — milliy sertifikat yoki Japanese Language Proficiency Test (JLPT № 3) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B1 va undan yuqori;

nemis tili uchun — milliy sertifikat yoki Goethe-Zertifikat, Deutsches Sprachdiplom (DSD) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B1 va undan yuqori;

fransuz tili uchun — milliy sertifikat yoki Diplôme d’Etudes en Langue Française (DELF), Test de Connaissance du Français (TCF) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B1 va undan yuqori;

boshqa tillar uchun — milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B1 va undan yuqori;

  1. v) Toshkent davlat yuridik universitetining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan va milliy yoki xalqaro sertifikatning quyidagi darajalariga ega bo‘lgan abiturientlarga ushbu fandan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball beriladi:

ingliz tili uchun — milliy sertifikat yoki International English Language Testing System (IELTS 5,5 (bunda writing modulidan 5,5 ball)), Test of English as a Foreign Language (TOEFL IBT 72), Cambridge Assessment English FCE va CAE xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

yapon tili uchun — milliy sertifikat yoki Japanese Language Proficiency Test (JLPT № 2) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

nemis tili uchun — milliy sertifikat yoki Goethe-Zertifikat, Deutsches Sprachdiplom (DSD II) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

fransuz tili uchun — milliy sertifikat yoki Diplôme d’Etudes en Langue Française (DELF), Test de Connaissance du Français (TCF4) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

boshqa tillar uchun — milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

  1. g) kirish sinovlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) majmuasiga chet tili fani kiritilgan magistratura mutaxassisliklariga (Toshkent davlat yuridik universiteti magistratura mutaxassisliklari bundan mustasno) hujjat topshirgan milliy sertifikat yoki xalqaro sertifikatning quyidagi darajalariga ega bo‘lgan talabgorlarga mazkur fandan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball beriladi:

ingliz tili uchun — milliy sertifikat yoki International English Language Testing System (IELTS 5,5), Test of English as a Foreign Language (TOEFL IBT 72), Cambridge Assessment English FCE xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

yapon tili uchun — milliy sertifikat yoki Japanese Language Proficiency Test (JLPT № 2) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

nemis tili uchun — milliy sertifikat yoki Goethe-Zertifikat, Deutsches Sprachdiplom (DSD), Test Deutsch als Fremdsprache (Test DAF) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

fransuz tili uchun — milliy sertifikat yoki Diplôme d’Etudes en Langue Française (DELF), Test de Connaissance du Français (TCF) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

boshqa tillar uchun — milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori.

Toshkent davlat yuridik universitetining magistratura mutaxassisliklariga hujjat topshirgan va milliy yoki xalqaro sertifikatlarning tegishli darajalariga ega bo‘lgan abiturientlarga Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibiga muvofiq chet tili fanidan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball beriladi.

  1. 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab test sinovlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) majmuasiga chet tili fani kiritilgan barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan va milliy yoki xalqaro sertifikatning quyidagi darajalariga ega bo‘lgan abiturientlarga ushbu fandan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball berilishi nazarda tutilsin:

ingliz tili uchun — milliy sertifikat yoki International English Language Testing System (IELTS 5,5 (bunda Toshkent davlat yuridik universiteti uchun writing modulidan 5,5 ball)), Test of English as a Foreign Language (TOEFL IBT 72), Cambridge Assessment English FCE xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

yapon tili uchun — milliy sertifikat yoki Japanese Language Proficiency Test (JLPT № 2) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

nemis tili uchun — milliy sertifikat yoki Goethe-Zertifikat, Deutsches Sprachdiplom (DSD), Test Deutsch als Fremdsprache (Test DAF) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

fransuz tili uchun — milliy sertifikat yoki Diplôme d’Etudes en Langue Française (DELF), Test de Connaissance du Française (TCF4) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

boshqa tillar uchun — milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari V2 va undan yuqori.

  1. 2019 yilga qadar Davlat test markazi tomonidan berilgan milliy sertifikatning imtiyozi ushbu sertifikatlarning amal qilish muddati davrida saqlanib qolinsin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
  3. Davlat test markazi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
  4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.A. Abduxakimov hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori M.M. Karimov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2019 yil 13 may,

395-son

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 maydagi 395-son qaroriga
ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar

  1. Vazirlar Mahkamasining «Ta’lim muassasalarida chet tillarini o‘qitishning sifatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 11 avgustdagi 610-son qarorining 3-bandida:
  2. a) birinchi xatboshidagi «3» raqami «2» raqami bilan almashtirilsin;
  3. b) uchinchi va to‘rtinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
  4. v) beshinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin.
  5. Vazirlar Mahkamasining «Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida» 2013 yil 31 dekabrdagi 352-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2013 y., 12-son, 97-modda) 1-ilovasining matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2012 yil 10 dekabrdagi PQ-1875-son qaroriga muvofiq chet tillarni bilish darajasini aniqlash va davlat namunasidagi malaka sertifikatini berish tartibini belgilaydi.
  2. Chet tilini bilish darajasini aniqlash va davlat namunasidagi malaka sertifikatini (keyingi o‘rinlarda sertifikat deb ataladi) berish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi o‘rinlarda Davlat test markazi deb ataladi) tomonidan to‘lov asosida amalga oshiriladi.

Chet tilini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish uchun talabgor tomonidan ariza berilgan kundagi eng kam ish haqining 1,5 baravari miqdorida to‘lov undiriladi.

  1. Sertifikat test sinovlari yakunlari bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslarga 2 yil muddatga beriladi.

2-bob. Chet tilini bilish darajasini aniqlash

  1. Chet tilini bilish darajasi test sinovi, yozma ish va og‘zaki suhbat o‘tkazish yo‘li bilan aniqlanadi, u quyidagi bo‘limlardan iborat bo‘ladi:
  2. a) «tinglab tushunish» bo‘limi — og‘zaki nutqni qabul qilish ko‘nikmalarini, eshitilgan matnlardagi asosiy fikr va detalni tushunish mahoratini tekshiradi;
  3. b) «o‘qish» bo‘limi — o‘qilgan matnlardagi asosiy fikr va detalni tushunish mahoratini tekshiradi;
  4. v) «leksik va grammatik kompetensiyalar» bo‘limi — grammatik tuzilishni va lug‘at zaxirasini farqlash hamda ulardan to‘g‘ri foydalanish mahoratini tekshiradi;
  5. g) «yozma ish» bo‘limi — tegishli darajadagi grammatik tuzilishdan va talabgorning lug‘at zaxirasidan foydalangan holda berilgan mavzular bo‘yicha bir-biri bilan bog‘langan matnlar tuzish mahoratini tekshiradi;
  6. d) «gapirish» bo‘limi — tegishli darajadagi grammatik tuzilishdan va lug‘at zaxirasidan foydalangan holda, berilgan savollarga mos javob berish va o‘z nuqtai nazarini asoslash mahoratini tekshiradi.
  7. Test sinovini o‘tkazish uchun topshiriqlar O‘zbekiston Respublikasi uzluksiz ta’lim tizimining davlat ta’lim standartiga muvofiq har bir daraja (A2, A2+, V1, V1+, V2, S1) uchun Davlat test markazi tomonidan ishlab chiqiladi.
  8. Chet tilini bilish darajasini aniqlash yuzasidan talabgorlarni test sinoviga mustaqil tayyorlash uchun zarur materiallar Davlat test markazining Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
  9. Test sinovini o‘tkazish tartibi Davlat test markazi tomonidan belgilanadi.

3-bob. Chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha test sinovini tashkil etish

  1. Talabgor chet tilini bilish darajasini aniqlash va sertifikatni olish maqsadida test sinovida qatnashishga ro‘yxatdan o‘tish uchun Davlat test markazining Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-sayti orqali onlayn yoki bevosita Davlat test markazi va uning viloyatlardagi hududiy bo‘linmalariga (ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha) ariza bilan murojaat qiladi.
  2. Quyidagi ma’lumotlarning aniqligi uchun ariza beruvchi shaxsan javobgar hisoblanadi:

shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma) to‘g‘risida ma’lumot;

3,5 x 4,5 sm o‘lchamli rangli, orqa foni oq rangdagi fotosurat;

chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati olish uchun to‘lov to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat.

Talabgor shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi va to‘lov to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat nusxalari va 3,5 x 4,5 sm o‘lchamli fotosuratni Davlat test markaziga yoki Davlat test markazining hududiy bo‘linmalariga shaxsan olib kelib topshiradi.

Bunda Davlat test markazi xodimi tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida talabgorning elektron barmoq izi va fotosurati olinib ro‘yxatdan o‘tadi.

  1. Talabgorning tushgan arizasi Davlat test markazi tomonidan yetti ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi. To‘g‘ri rasmiylashtirilgan hujjatlar asosida talabgor ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda test sinoviga qo‘yiladigan talabgorlar ro‘yxatiga kiritiladi. Ro‘yxatdan o‘tkazishda talabgorga test sinovidan o‘tish qoidalari to‘g‘risidagi eslatma beriladi.

Zarur hujjatlar talab darajasida rasmiylashtirilmaganda, Davlat test markazi bu to‘g‘risida talabgorning ro‘yxatdan o‘tish davrida ko‘rsatgan elektron pochtasiga xabar yuboradi yoki telefon orqali talabgorni xabardor qiladi. Talabgor bir hafta mobaynida hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish va ularni Davlat test markaziga qayta taqdim etish huquqiga ega.

  1. Davlat test markazi xodimlari tomonidan ariza beruvchilar to‘g‘risidagi shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligi ta’minlanadi. Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli davlat organlari tomonidan rasmiy murojaat bo‘lgan taqdirda ariza beruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etiladi.
  2. Test sinoviga qo‘yiladigan talabgorlar ro‘yxati, uni o‘tkazish sanasi va joyi to‘g‘risidagi axborot Davlat test markazining Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. Test sinovini o‘tkazish sanasi u o‘tkaziladigan kundan kamida bir hafta oldin e’lon qilinadi. Test sinovini o‘tkazish joyi va sanasi Davlat test markazi tomonidan belgilanadi.
  3. Test sinovi guruhlarning shakllantirilishiga qarab, talabgor ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan boshlab olti hafta ichida o‘tkaziladi.

Talabgorning test sinovida belgilangan o‘tirish joyi Davlat test markazi tomonidan qur’a tashlash yo‘li bilan aniqlanadi.

  1. Test sinovi blankalarda yoki kompyuterda, tegishli dasturiy ta’minotdan foydalangan holda, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali masofadan o‘tkaziladi. Test sinovi Davlat test markazi tomonidan tasdiqlangan imtihon komissiyasi a’zolari va kuzatuvchilar ishtirokida o‘tkaziladi.

Test sinovi blankalarda o‘tkazilganda ikki bosqichdan iborat bo‘ladi. Bunda birinchi bosqich «tinglab tushunish», «o‘qish», «leksik va grammatik kompetensiyalar», «yozma ish» bo‘limlaridan, ikkinchi bosqich «gapirish» bo‘limidan tashkil topadi.

Test tegishli dasturiy ta’minot asosida kompyuterda o‘tkazilganda barcha bo‘limlar qamrab olingan holda bir bosqichda amalga oshiriladi.

Test sinovi internet jahon axborot tarmog‘i orqali masofadan o‘tkazilganda, u Internet tarmog‘idan foydalanadigan davlat ta’lim muassasalarining axborot-resurs markazlarida bo‘lib o‘tadi. Test sinovi Davlat test markazi xodimining rahbarligida va kuzatuvida o‘tkaziladi. Talabgorlar Davlat test markazining Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-sayti orqali tizimda ro‘yxatdan o‘tkaziladi va ular bajarish uchun test sinovi topshiriqlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Talabgorlarning test sinovi topshiriqlariga javoblari avtomatik ravishda, onlayn rejimida Davlat test markazining ma’lumotlar bazasiga tekshirish uchun yuboriladi.

Test sinovi vaqtida har bir ish joyida bir nafar talabgor o‘tiradi. Test sinovini o‘tkazish jarayoni videotasvirga tushiriladi.

  1. Test sinovini o‘tkazish uchun kuzatuvchilar jalb etilishi mumkin. Bunday hollarda ular bilan shartnoma tuziladi.
  2. «Tinglab tushunish», «o‘qish», «leksik va grammatik kompetensiyalar», «yozma ish» bo‘limlari bo‘yicha bilimlar maxsus dasturlar yordamida kompyuterda tekshiriladi. «Yozma ish» va «gapirish» bo‘limlari bo‘yicha bilimlar imtihon komissiyasi tomonidan tekshiriladi, natijalari rasmiylashtiriladi.

Imtihon komissiyasi tarkibi Davlat test markazi direktorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi, unga Davlat test markazi xodimlari va tajribali pedagoglar, malakali mutaxassislar kiritiladi.

  1. Talabgor shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma) asosida barmoq izi tekshirilib test sinoviga qo‘yiladi.
  2. Test sinovlarini o‘tkazish vaqti:

A2, A2+ darajasi uchun — «tinglab tushunish», «o‘qish», «leksik va grammatik kompetensiyalar», «yozma ish» uchun — 150 daqiqa, «gapirish» uchun — 10 daqiqa;

V1, V1+ darajasi uchun — «tinglab tushunish», «o‘qish», «leksik va grammatik kompetensiyalar», «yozma ish» uchun — 185 daqiqa, «gapirish» uchun — 15 daqiqa;

V2 darajasi uchun — «tinglab tushunish», «o‘qish», «leksik va grammatik kompetensiyalar», «yozma ish» uchun — 200 daqiqa, «gapirish» uchun — 15 daqiqa;

S1 darajasi uchun — «tinglab tushunish», «o‘qish», «leksik va grammatik kompetensiyalar», «yozma ish» uchun — 210 daqiqa, gapirish uchun 20 — daqiqani tashkil etadi.

  1. Test sinovlari formati: «Tinglab tushunish», «o‘qish», «leksik va grammatik kompetensiyalar» bo‘limlarining har biri 30 ta savoldan iborat bo‘ladi;

«yozma ish» bo‘limi A2, A2+, V1, V1+, V2 darajalari uchun ikkita yozma topshiriqdan, S1 darajasi uchun uchta yozma topshiriqdan (darajaga bog‘liq holda birinchi topshiriq — 30 — 150 ta so‘zdan, ikkinchi topshiriq — 50 — 250 ta so‘zdan, uchinchi topshiriq — 80 — 100 ta so‘zdan);

«og‘zaki suhbat» bo‘limi topshiriqlarning uchta turidan iborat bo‘ladi.

  1. Test sinovi har bir bo‘limining eng yuqori bahosi 30 ballni va barcha bo‘limlar uchun maksimal baho 150 ballni tashkil etadi.
  2. Test sinovi o‘tkazilayotgan auditoriyaga har qanday adabiyotni, telekommunikatsiya va texnika vositalarini olib kirish qat’iyan man etiladi. Test sinovi o‘tkazilayotgan vaqtda boshqa talabgorlar bilan muloqot qilishga, savollar kitobi varaqlarini yirtib olishga, savollar kitobini boshqa talabgorlarga berishga, test sinovini o‘tkazish jarayoniga xalaqit qilishga, test sinovlari tugagandan so‘ng yozishda davom etishga, boshqa talabgorga hyech qanday buyum uzatishga ruxsat etilmaydi. Ushbu talablarni buzgan talabgor auditoriyadan chiqarib yuboriladi va test sinovidan o‘tmagan deb hisoblanadi. Test sinovidan chiqarib yuborilgan talabgorlar to‘g‘risida ushbu Nizomning 2-ilovasidagi shakl bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
  3. Test sinovlari natijalari ular yakunlangan kundan boshlab uch haftadan kechikmay Davlat test markazining Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
  4. Test sinovi yakunlari bo‘yicha eng yuqori ballning 60 foizidan kam (90 balldan kam) ball olgan talabgor daraja shartlarini bajarmagan deb hisoblanadi va qayta qatnashish uchun, test sinovlari o‘tkazilgan kundan boshlab kamida bir oydan keyin, chet tilini bilish darajasini aniqlash va sertifikatni olish uchun belgilangan tartibda ariza bilan murojaat qilib to‘lov to‘lagan taqdirda test sinovlariga qo‘yiladi.

4-bob. To‘lov shartlari

  1. Talabgor Davlat test markazining Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytida onlayn ariza to‘ldirgandan so‘ng, uning elektron manziliga Davlat test markazi tomonidan elektron ariza va to‘lovni amalga oshirish uchun kvitansiya yuboriladi.

To‘lov istalgan bank yoki amaldagi elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilishi mumkin.

  1. Talabgor mazkur Nizomning 9-bandida nomlari keltirilgan hujjatlarni Davlat test markazi yoki Davlat test markazining hududiy bo‘linmalariga topshirganidan so‘ng Davlat test markazi va talabgor o‘rtasida shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
  2. Agar ariza beruvchi turli sabablarga ko‘ra test sinovlarida ishtirok eta olmaydigan bo‘lsa, Davlat test markaziga test sinovlari o‘tkaziladigan kundan 7 kun avval yozma murojaat etishi lozim. Bunda, talabgorning xohishiga ko‘ra navbatdagi test sinovlariga kiritiladi yoki to‘langan yig‘im 100 foiz miqdorda talabgorga qaytariladi (to‘lov amaldagi elektron tizim orqali amalga oshirilganda, ko‘rsatilgan xizmat uchun undirilgan yig‘imdan tashqari).

Talabgor test sinoviga kechikkan yoki uzrsiz sababga ko‘ra kelmagan hollarda, uning arizasiga binoan to‘langan yig‘imning 50 foiz miqdori qaytariladi.

  1. Test sinovi qoidalarini buzganlik uchun auditoriyadan chiqarib yuborilgan taqdirda amalga oshirilgan to‘lov talabgorga qaytarilmaydi.
  2. Uzrli sababga ko‘ra test sinovlarida qatnasha olmagan talabgor test sinovlari tugagan kundan boshlab besh ish kunida ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlarni Davlat test markaziga bevosita yoki elektron tarzda taqdim etishi lozim.

Talabgor kechikkan taqdirda test sinoviga qo‘yilmaydi. Agar talabgor test sinoviga uzrli sababga ko‘ra (tegishli hujjat bilan tasdiqlanganda) kelmaganda, uning arizasi asosida unga navbatdagi test sinovidan (gapirish ko‘nikmasi uchun boshqa vaqtda) o‘tishga ruxsat etiladi. Test sinovini boshqa vaqtga ko‘chirish to‘g‘risidagi qaror Davlat test markazi tomonidan qabul qilinadi.

  1. Test sinovi o‘tkazilishi jarayonida talabgorning faqat bitta chet tilidan test topshirishiga ruxsat etiladi.

5-bob. Apellyasiyalarni ko‘rib chiqish tartibi

  1. Test natijalaridan norozi bo‘lgan talabgor Davlat test markaziga apellyasiya taqdim etish huquqiga ega. Apellyasiya test sinovi natijalari e’lon qilingan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida, ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq yozma yoki elektron shaklda taqdim etiladi.
  2. Apellyasiyani ko‘rib chiqish uchun Davlat test markazi direktorining buyrug‘i bilan 5 — 7 nafar Davlat test markazi xodimlari va ta’lim tizimi pedagoglaridan iborat bo‘lgan Apellyasiya komissiyasi tuziladi.

Apellyasiya ikki hafta mobaynida ko‘rib chiqiladi. Talabgor Apellyasiya komissiyasi qarori to‘g‘risida yozma yoki elektron shaklda xabardor qilinadi.

Talabgor Apellyasiya komissiyasi qaroridan norozi bo‘lganda, sudga murojaat qilish huquqiga ega.

  1. Apellyasiyani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:

test sinovi natijalarini o‘zgarishsiz qoldirish va apellyasiyaning qondirilishini rad etish;

test sinovlari natijalarini o‘zgartirish va apellyasiyani qondirish;

test natijalarini bekor qilish va takroriy test sinovi o‘tkazilishini tayinlash.

Agar talabgor tomonidan ko‘rsatilgan dalillar tasdiqlanmasa, apellyasiyaning qondirilishini rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Test sinovi natijalarini bekor qilish to‘g‘risidagi qaror ushbu Nizom talablari buzilgan holda o‘tkazilgan taqdirda qabul qilinadi. Apellyasiya komissiyasining qarorlari ushbu Nizomning 4-ilovasiga muvofiq rasmiylashtiriladi.

Talabgorni takroriy test sinovidan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, Davlat test markazi test sinovini o‘tkazish sanasini belgilaydi va test sinovini takroran o‘tkazishda to‘lov undirilmaydi.

  1. Takroriy apellyasiyaga yo‘l qo‘yilmaydi.

6-bob. Chet tilini bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi malaka sertifikatini berish tartibi

  1. Test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorga test sinovi natijalari e’lon qilingan kundan boshlab bir hafta mobaynida, Davlat test markazi buyrug‘i asosida sertifikat beriladi.
  2. Sertifikat qat’iy hisobot yuritiladigan hujjat hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega bo‘ladi. Blankalar Davlat test markazi buyurtmasiga binoan, bosmaxona usulida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi «Davlat belgisi» davlat ishlab chiqarish birlashmasida tayyorlanadi. Davlat test markazi direktori sertifikatlar blankalarining hisobga olinishi, ularning saqlanishi va ulardan maqsadli foydalanilishi yuzasidan belgilangan tartibda shaxsan javobgar bo‘ladi.
  3. Davlat test markazi sertifikatlar reestrini yuritadi.

Sertifikatlar reestrida quyidagilar ko‘rsatilishi lozim:

talabgorning familiyasi, ismi, otasining ismi;

pasport ma’lumotlari (seriyasi va tartib raqami, pasportning kim tomonidan va qachon berilganligi) yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi ma’lumotlari (tartib raqami, guvohnomaning kim tomonidan va qachon berilganligi);

Davlat test markazining sertifikat berish to‘g‘risidagi buyrug‘ining sanasi va tartib raqami;

sertifikatning hisobga olish seriyasi va tartib raqami;

sertifikatning berilgan sanasi;

sertifikatning amal qilish muddati.

  1. Sertifikat pasport ko‘rsatilgan taqdirda, shaxsan talabgorga yoki talabgorning notarial tasdiqlangan ishonchnomasi asosida boshqa shaxsga beriladi.
  2. Yo‘qolgan, talabgorning aybi bilan ma’lumotlar noto‘g‘ri kiritilgan yoki yaroqsiz holga kelgan sertifikat o‘rniga talabgorning arizasiga ko‘ra dublikat beriladi.

Sertifikatni egasi malaka sertifikati yo‘qolganligi to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida e’lon beradi hamda Davlat test markaziga dublikat berish to‘g‘risidagi ariza va dublikat berilganligi uchun to‘lov to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat bilan birga ommaviy axborot vositalaridagi e’lonning tasdig‘ini taqdim etadi (talabgorning aybi bilan noto‘g‘ri kiritilgan ma’lumotlar uchun ariza berganlar bundan mustasno).

Sertifikatni dublikati malaka sertifikatining yangi blankasida «Dublikat» yozuvi majburiy ko‘rsatilgan holda, aynan oldingi tartib raqami hamda ilgari belgilangan amal qilish muddati bilan beriladi.

Yaroqsiz holga kelgan sertifikat Davlat test markaziga qaytariladi.

Malaka sertifikatining dublikati berilganligi uchun eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida to‘lov undiriladi.

7-bob. Yakunlovchi qoidalar

  1. Ushbu Nizomni qo‘llashda yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
  2. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar».
Ulashish:

Kalit so‘zlar: Iqtisodiyot, Logistika, Mehnat

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php