Makroiqtisodiy barqarorlik, investitsion faollik va innovatsion rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 27-may kuni “O‘zbekiston Respublikasining Harakatlar strategiyasi:  makroiqtisodiy barqarorlik, investitsion faollik va  innovatsion rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning yalpi majlimi bo‘lib o‘tdi. Unda AQSh, Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Indoneziya, Yevropa Ittifoqi, Markaziy Osiyo va boshqa xorijiy mamlakatlarning taniqli iqtisodchi olimlari, xususan, fan arboblari, oliy ta’lim muassalari rektorlari va iqtisodchi olimlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus va xorijiy kompaniyalar vakillari hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining iqtisodiyot sohasidagi akademiklari, ilmiy-tadqiqot institutlari direktorlari, amaliyotchi mutaxassislar hamda nufuzli oliy ta’lim muassasalarining rektorlari va professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Ta’kidlandiki, jahon miqyosida raqobat tobora kuchayib borayotgan bugungi keskin bir davr barchamizdan yangicha ishlash va fikrlashni, yuqori darajada safarbarlikni talab etmoqda. Shunga ko‘ra mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilindi.

Konferensiyada Harakatlar strategiyasi bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning mazmun-mohiyati, bugungi globallashuv sharoitida jahon iqtisodiyotida yuz berayotgan keskin o‘zgarishlarning tahlili, kuchli raqobatlashgan bozor sharoitida mamlakatlar tomonidan qabul qilinayotgan strategiyalar, ularning natijalari bo‘yicha xorijiy olimlar, nufuzli iqtisodchi olimlar va amaliyotchi mutaxassislarning ma’ruza taqdimotlari amalga oshirildi. Shuningdek, Harakatlar strategiyasini hayotga tatbiq etish davomida O‘zbekistonda eng avvalo, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash, qat’iy pul-kredit siyosatini yuritish, milliy valyuta va ichki bozordagi narxlar barqarorligini ta’minlash, soliq-byudjet islohotlarini olib borishga asosiy e’tibor qaratilganligiga alohida e’tirof etildi.

Ma’lumki, «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» deb e’lon qilingan 2018-yilda mamlakatimizda iqtisodiyot, ijtimoiy soha va davlat boshqaruviga zamonaviy ilm-fan yutuqlari, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

O‘tgan yilda, qulay investitsion muhit va tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish hamda eksportni qo‘llab-quvvatlash borasida ham muayyan ishlar amalga oshirildi. Bunda:

Birinchidan, 2018-yilda 18 ta davlatlararo tashriflar amalga oshirildi va 50 milliard AQSh dollariga teng investitsiyaviy kelishuvlarga erishildi. 30 dan ortiq davlatlararo va halqaro tuzilmalar rahbarlari bilan oliy darajadagi muzokaralar olib borildi, 180 ta ikki tomonlama shartnoma hamda kelishuvlar tuzildi. Shuningdek, hukumat, vazirlik, idoralar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari darajasida 360 ta tashrif amalga oshirildi. Shuningdek, 2018 yilning yanvar-dekabr oylarida 20 dan ortiq, davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilib, 89 ta xalqaro shartnoma va bitimlar imzolandi. Xorijiy sarmoyadorlar bilan 17 milliard AQSh dollari qiymatidagi 182 ta loyihani amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Bugungi kunda yurtimizda chet el investitsiyalari hisobidan qiymati 23 milliard AQSh dollari miqdoridagi 456 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Ikkinchidan, tashqi savdo faoliyatidagi barcha sun’iy to‘siqlar olib tashlandi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida respublikaning tashqi savdo aylanmasi 2017 yilning yanvar-dekabrida 33809,1 mln. AQSh dollarini, jumladan eksport – 14 253,9  mln. AQSh dollarini, import – 19 555,2 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Tashqi savdo saldosi – minus 5 301,3 mln. AQSh dollarini, shu jumladan MDH davlatlari bilan minus 1 846,5 mln. AQSh dollarini va boshqa davlatlar bilan minus 3 454,8 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Xususan, 2019 yilning yanvar-mart oylarida tashqi savdo aylanmasi 9 406,2 mln. AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27,2 % ga o‘sdi. jumladan eksport – 4 132,7 mln. AQSh dollariga (o‘sish sur’ati 20,6 %), va  import – 5 273,5 mln AQSh dollariga (o‘sish sur’ati 32,9 %) yetdi. Tashqi savdo saldosi – minus 1 140,8 AQSh dollarini tashkil etdi.

Uchinchidan, bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijasi jahondagi yetakchi xalqaro reyting agentliklari tomonidan e’tirof etilmoqda. Jumladan:

  • Dunyodagi nufuzli “Fitch Ratings” va “Standart & Poo’rs” reyting agentliklari birinchi marta mamlakatimizning xalqaro suveren kredit reytingini belgiladi. Ana shu reyting baholari “Barqaror” prognoziga ega bo‘lib, bu yaqin 12-18 oy davomida ushbu ko‘rsatkichning pasayish ehtimoli kamligini bildiradi, deya ta’kidlab o‘tdilar.
  • BG’ning «Markaziy Osiyoga investitsiyalar: bir mintaqa, ko‘plab imkoniyatlar» ma’ruzasi mualliflari Markaziy Osiyo global tushkunlik o‘sib borayotgan sharoitda investorlar uchun yangi maskan bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda. Ularmintaqaning noxomashyo sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritish salohiyatini 40-70 mlrd dollar deb baholashmoqda. BG hisob-kitobiga ko‘ra, Markaziy Osiyoda investitsion salohiyat bo‘yicha yetakchi uchlikdan O‘zbekiston (7-13 mlrd. dollar) ham o‘rin olgan.
  • So‘nggi 5 yil davomida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingi 2 baravardan ortiq yaxshilanib, mamlakatimiz jahonning 190 ta mamlakati orasida 2012 yildagi 166-o‘rindan 2017 yilda 74-o‘ringa ko‘tarildi va hokazo.

Bundan tashqari, Shuningdek, umumiy qiymati 16,9 trillion so‘m va 8,1 milliard AQSh dollariga teng loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish-ning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi tasdiqlandi.

Yalpi majlisda bir qator masalalar, mavzular va muammolar muhokama qilindi, jumladan, global iqtisodiyotda yuz berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy tendensiyalar va hodisalar, ularning milliy iqtisodiyotga ta’siri; inson kapitali: uni oshirish yo‘llari va hisoblashning xalqaro usullari; mintaqalarni kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning mavjud salohiyatidan samarali va optimal foydalanish; qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish; valyuta bozorini liberallashtirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar; tashqi savdoni erkinlashtirish va samarali bozor iqtisodiyotini yaratish maqsadida xalqaro andozalarga mos ravishda olib borilayotgan iqtisodiy siyosat; Davlatning iqtisodiyotdagi aralashuvini qisqartirish, iqtisodiyotda xususiy sektorning o‘rni va ahamiyatini oshirish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Anjuman ishi davomida O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining uchinchi yo‘nalishi − “Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish”ga muvofiq belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi yo‘lida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarga jahon hamjamiyati, xususan nufuzli olimlar, amaliyotchi mutaxassislar va xalqaro ekspertlar tomonidan bildirilayotgan munosabat va e’tiroflarga ilmiy-nazariy, ilmiy-uslubiy hamda ilmiy-amaliy jihatdan baho berildi.

Shuningdek, konferensiya natijalari bo‘yicha so‘zga chiqqan barcha olimlar, xususan xorijiy olimlarning bildirgan xulosalari va konferensiya to‘plamiga kelib tushgan ilmiy maqolalarda bildirilgan taqqoslama tanqidiy tahlillar asosida Hukumat uchun konferensiyaning taklif va tavsiyalari tayyorlandi.

Konferensiyaning tashkiliy va ijodiy-tahrir qo‘mitasi tomonidan ilmiy tadqiqotchilarning “eng yaxshi”, deb topilgan maqolalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan hamda retsenziyalangan “Iqtisodiyot va innovatsion texnologiyalar” elektron jurnalida chop etishga tavsiya qilindi.

 

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php