YANGILIKLAR

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rahbariyati va Kasaba uyushma qo‘mitasi tashabbusi bilan jamoat ishlarida faollik ko‘rsatayotgan, yoshlarga ilm sirlarini o‘rgatishda namuna bo‘layotgan 50 nafar professor-o‘qituvchi va xodimning qadimiy Buxoroga sayohati uyushtirildi.

Hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim omillaridan biri sifatida ichki turizmni jadal rivojlantirish, fuqarolarni mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosi hamda tabiiy boyliklari bilan tanishtirish maqsadida uyushtirilgan mazkur sayohat O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari Respublika kengashining amaliy yordami bilan tashkil etildi.

Har yili an’anaviy tarzda tashkil etiladigan sayohat davomida universitetimiz vakillari yetti pir — Abduxoliq G‘ijduvoniy, Muhammad Orif Revgariy, Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol va Bahouddin Naqshband me’moriy majmualarini ziyorat qildilar. Bu maskanlarda olib borilayotgan qurilish, obodonlashtirish ishlariga tasannolar aytdilar.

“Bu qadamjolar nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun dunyo musulmonlari uchun tabarruk maskanlar hisoblanadi”, deydi universitet Kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Azamat Muxtorov. “Bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari O‘zbekistonga yangi sayyohlik yo‘nalishini ochishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Manbalarda yetti piri komil Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vassallamdan boshlangan “oltin silsila”ning davomchilari sifatida e’tirof etilgan. Ular ko‘ngilni nafsu hirsdan poklash, halol mehnat qilib umr kechirish, Allohni jon-dildan sevish g‘oyalarini targ‘ib qilgan. Ushbu aziz-avliyolarning asarlari, qilgan ishlari zamonlar osha odamlarni tarbiyalab, ularga dinu diyonat, odob-axloq, ezgu so‘z va amaldan saboq berib kelmoqda.”

Sayohat davomida universitetimiz vakillari Buxoro shahridagi diqqatga sazovor joylar — ko‘hna Ark qo‘rg‘oni, Mir Arab madrasasi, Minorai Kalon, Labi hovuz, Mirzo Ulug‘bek madrasasi, Ismoil Samoniy maqbarasida ham bo‘lishdi va boy tariximiz, madaniy-ma’naviy merosimiz bilan yaqindan tanishdilar.

Shu bilan birga, sayohat davomida yurtimizga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar bilan suhbatlar bo‘lib o‘tdi. Ularning Vatanimiz haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar, boqiy obidalarimiz va madaniyatimiz haqida so‘zlab berdilar.

Ikki kunga mo‘ljallangan sayohat dasturi universitetimiz jamoasining har bir a’zosi qalbida unutilmas lahzalarni muhrladi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Ulashish:

Kalit so‘zlar: Iqtisodiyot, Logistika, Mehnat

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php