YANGILIKLAR

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Ural davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligidagi qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha tahsil olayotgan talabalarning Samarqand shahriga sayohati tashkil etildi.

 

 

Bilim olishda yuqori ko‘rsatkichlar qayd etgan va eng faol bo‘lgan 28 nafar talaba hamda 4 nafar professor-o‘qituvchi Samarqandning diqqatga sazovor joylariga sayohatni Imom al-Buxoriy majmuasidan boshladilar. Mazkur ziyoratgoh, ayniqsa musulmon mamlakatlaridan tashrif buyurgan sayyohlar uchun bag‘oyat qadrlidir. Chunki, bu yerda, o‘z xizmatlari bilan islom dunyosida mashhur bo‘lgan ulug‘ olim Imom al-Buxoriy abadiy uyquda yotibdilar. Imom al-Buxoriy dafn etilgan joy Chelak tumanidagi Xartang kishlog‘i bo‘lib, bu yerda Buxoro xoni Abdullaxon tomonidan qurilgan masjid ham saqlangan. Imom Buxoriyning “Al-Jome’ as-sahiyh” asari islom olamida birinchi kitobdan keyingi birinchi kitob, deb nomlanadi. Ya’ni, “Ilohiy kitoblarning ichida eng oliy kitob Qur’oni Karim, insonlar tomonidan yaratilgan asarlar ichida eng oliysi Imom Buxoriyning “Al-Jome’ as-sahiyh” asaridir” deb e’tirof etiladi.

 

 

Shundan so‘ng, universitetimiz jamoasi butun dunyoga mashhur Registon maydoni, mustaqil O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov mangu qo‘nim topgan Hazrati Xizr majmuasi, u tahsil olgan maktab, Shohi Zinda majmuasi, Go‘ri Amir maqbarasi, Bibixonim madrasasi kabi qadimiy moddiy-madaniy meros ob’ektlariga tashrif buyurdilar.

 

 

Arxeologik yodgorliklar va undagi topilmalar muayyan bir xalqning o‘tmishi, tarixi, ma’naviyati va qadriyatlarini o‘zida aks ettiradi. Shu bois dunyoning barcha davlatlarida arxeologik yodgorliklar va ularda qayd qilingan noyob topilmalarni saqlash va kelajak avlodga yetkazish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi, deydi Baxtiyor Nasimov. So‘nggi yillarda yurtimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan beqiyos islohotlar va amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish bilan birga, xalqimiz, qolaversa, yosh avlodlarimizning boy tariximizni o‘rganishga, o‘zligimizni anglashga, ma’naviy olamimizni boyitishga xizmat qiladi.

 

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Bahodir Xodiyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Samarqandga tashrif sayohatchilarda katta taassurotlar qoldirdi va ularga unutilmas onlarni tuhfa qildi.

Ulashish:

Kalit so‘zlar: Iqtisodiyot, Logistika, Mehnat

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php