Infratuzilmani rivojlantirish va logistika kafedrasi tomonidan ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi

2019-yil 4-aprel kuni Infratuzilmani rivojlantirish va logistika kafedrasi hamda “O‘zbek lizing interneshnl” AJ tomonidan o‘zaro innovatsion hamkorlik doirasida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi. «Logistikada lizing mexanizmidan foydalanish: xorijiy tajriba va zamonaviy amaliyot» mavzusida bo‘lib o‘tgan tadbirda soha mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar, talabalar ishtirok etdi.

 

 

Seminarda oliy ta’lim sohasini yanada rivojlantirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish bilan integratsiyasini kengaytirish borasida innovatsion hamkorlik aloqalarining ahamiyati xususida so‘z yuritildi. Ilmiy tadqiqotlarni ishlab chiqish bilan integratsiya qilish, ilmiy faoliyat natijadorligini oshirish, iqtidorli talabalarni ilmiy izlanishlar olib borishi uchun zarur sharoitlar yaratish muhim vazifa ekanligi qayd etildi. Bu yo‘nalishdagi amaliy ishlarning natijasi mehnat bozoridagi tarkibiy o‘zgarishlarga javob beradigan, tadbirkorlik ko‘nikmalariga ega yoshlarni tarbiya qilishda yaqqol namoyon bo‘lishi ta’kidlandi.

 

 

Seminar ishida “O‘zbek lizing interneshnl” AJ Kredit bo‘limi yetakchi mutaxassisi Temur Yusupov “O‘zbekiston Respublikasida lizing jarayonlarini amalga oshirishda logistik tizimni tashkil etishning o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida, “O‘zbeklizing interneshnl” AJ Moliya bo‘limi bosh mutaxassisi Davlat Muxrimov “Lizing operatsiyalarini amalga oshirishda logistik hizmatlarni moliyalashtirish yo‘nalishlari” mavzusida, Xalqaro turizm fakulteti talabalari Ibrohim Musatullaev “Lizing hizmatlaridan foydalanishda milliy valyutani mavqyeini ko‘tarish yo‘nalishlari” mavzusida, Mohinisa Qo‘yboqova “Lizing hizmatlarini amalga oshirishda qaytariladigan lizing operatsiyalari” mavzusida ma’ruza qildilar.

 

 

Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan muhokama qilingan ma’ruzalar, ko‘tarilgan masalalarning ishlab chiqarishga integratsiyasi, ilmiy-nazariy jihatlari yuzasidan takliflar bildirildi.

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php