Ta’lim sifatini ta’minlash har bir davlatning rivojlanish darajasi ko‘rsatkichini belgilaydi

2019-yil 4-aprel kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan birga pedagog o‘qituvchilar uchun bir guruh mutaxassislar, xususan bolalar psixologiyasi bo‘yicha xalqaro va jahon miqyosida katta obro‘ va nufuzga ega bo‘lgan ekspertlarning “mahorat darslari” tashkil etildi.

 

 

 

Tashrif buyurgan mutaxassis-olimlarning yorqin namunasi sifatida insonparvar (gumannaya) pedagogika asoschisi, akademik, psixologiya fanlari doktori Shalva Amonashvili o‘z ma’ruzasida qiziqarli va amaliy misollarga asoslangan pedagogika tamoyillari va uslublari haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

 

 

 

Bugungi kunda mamlakatimizda uzluksiz ta’lim: maktabgacha ta’lim – o‘rta ta’lim – oliy ta’lim – oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim konsepsiyasi asosida amalga oshirilib kelinmoqda. Ma’lumki, ta’lim sifati har bir davlatning rivojlanish darajasini ko‘rsatkichi. Barcha davlatlar shuni chuqur anglab, ta’lim sifatini mazmunan ko‘rib chiqib, yangi strategiyalar ustida izlanishlar olib bormoqda.

 

 

 

Xalqaro iqtisodiy forumning navbatdagi yig‘ilishida 21 asrda «yumshoq malakalar» «qattiq malakalar»dan ustun turishi bashorat qilindi. Akademik bilimlardan ko‘ra, ishchi resurslarning shaxsiy sifatlari: jamoada ishlash, javobgarlik, yetakchilik, doimo o‘z ustida ishlash, insoniylik kabi sifatlar muhimroq ekanligi ta’kidlanmoqda.

 

 

 

Bugungi anjumanda Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston Respublikasidan tashrif buyurgan ma’ruzachilar: Paata Amonashvili, Marina Targakova va Sergey Avakov har bir ta’lim pog‘onasida qanday pedagogika asosida yosh avlodni tarbiyalash, ularni qanday usul va uslublar bilan ta’lim olishga qiziqtirish kabi mavzular bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlarni yetkazishdi. 

 

 

Ayniqsa, Shalva Amonashvili o‘z chiqishida,  ma’naviyat – ichki ruhning tarbiyasi har bir insonning «ildizi»,  ma’rifatni esa, «qanot»lari sifatida e’tirof etdi. Bolalarni chegarasiz imkoniyatlarga, voyaga yetish jarayonida mustaqilligiga, erkinligiga, ijodkorligiga qattiq ishonch bag‘ishlash har bir pedagogning asosiy vazifasi ekanligiga alohida e’tibor qaratdi.

 

 

Bundan tashqari, Singapurning xalqaro EduCare konsalting markazi departament direktori Liliya Muxametshina «21 asrda zarur bo‘lgan ko‘nikmalar» mavzusida yangi bilim va qarashlarni yuqori mahorat bilan bayon etdi.

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php