O‘zbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari

Iqtisodiy tahlil va audit kafedrasi O‘zbekiston Respublikasi Buxgalterlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasi hamda “PKF MAK ALYANS” auditorlik tashkiloti bilan innovatsion-korporativ hamkorlik doirasida “O‘zbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil etdi.

 

 

Ilmiy-amaliy seminarni Iqtisodiy tahlil va audit kafedrasi mudiri dots. Zafar Muqumov olib bordi.

So‘ngra kafedra dotsenti B. Otajonov so‘zga chiqib, kun tartibidan o‘rin olgan mavzuni qisqacha izohlab berdi va so‘zni ma’ruzachi O‘zbekiston Respublikasi Buxgalterlar va auditorlar Milliy assotsiyaatsiya kengash raisi, professor M. Tulaxodjayevaga berdi.

 

 

Ma’ruzada bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Auditorlik faoliyatini yanada rivojlanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida keltirilgan asosiy vazifalarni ta’minlash dolzarb masala sifatida qayd etildi.

Auditorlik xulosasidan foydalanuvchilar doirasi kengayib borayotganligi, qo‘shma korxonalar barpo etilayotganligi, chet el investitsiyalari mamlakatimiz iqtisodiyotining real sektoriga kiritilishi, zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini shartli etish audit tizimini xalqaro standartlar darajasida tashkil etishni talab etmoqda.

 

 

Aytib o‘tilganidek, iqtisodiyotning liberallashtirish va rivojlantirish sharoitida turli mamlakatlarda sifatli, taqqoslanadigan va ishonchli hamda uyg‘un axborotlarni shakllantirishda yagona yondashuvni qabul qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bunday imkoniyatga faqat moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini (MHXS) tan olish va unga muvofiq holda hisobotlar tuzish orqali erishish mumkin. Buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunning yangi tahririda ham buxgalteriya hisobi sub’ektlari belgilangan tartibda MHXSlarni qo‘llash mumkinligi e’tirof etildi.

 

 

Ma’ruza so‘ngida professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar berildi.

Shundan so‘ng ikkinchi ma’ruzachi, Buxgalterlar va auditorlar imtihon markazi direktori Abduraxmonova so‘zga chiqib, O‘zbekistonda buxgalterlarni milliy va xalqaro sertifikatlash tartibi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

 

 

Bundan tashqari ma’ruzachilar o‘z ma’ruzalarida hozirgi kunda buxgalteriya hisobi axborotlarini yig‘ish, guruhlashtirish va qayta ishlash, moliyaviy hisobot axborotlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirishning ayrim nazariy va uslubiy masalalari dolzarbligi hamda olimlar tomonidan o‘rganilayotganligi haqida ham gapirib o‘tdilar.

Ma’ruza so‘ngida seminar ishtirokchilaridan dots. M. Tulayev, dots. M. Xodjayeva, dots. B. Otajonovlar qatnashib, mavzuga oid o‘z fikr-mulohazalarini bayon etishdi hamda takliflar berishdi.

 

 

Innovatsion-korporativ hamkorlik doirasidagi ilmiy-amaliy seminarda Iqtisodiy tahlil va audit kafedrasi professor-o‘qituvchilari o‘z fikr-mulohazalari bilan faol ishtirok etishdi.

Seminar juda dolzarb mavzuda bo‘lganligi, berilgan ma’lumotlarning, fikr-mulohazalarning amaliy ahamiyati yuqoriligi bilan ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Iqtisodiy tahil va audit kafedrasi professor-o‘qituvchilarining takliflarini inobatga olib har oyda ikki marotaba dolzarb mavzularda Innovatsion-korporativ hamkorlik doirasidagi ilmiy-amaliy seminarlarni tashkil etishga kelishib olindi.

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php