Seminarda meva-sabzavotlar eksportini amalga oshirishda xalqaro standartlardan foydalanish masalasi muhokama qilindi

Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi tomonidan innovatsion-korporativ hamkorlik doirasida “O‘zbekiston Respublikasida meva-sabzavotlar eksportini amalga oshirishda xalqaro standartlardan foydalanish” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

 

 

Ilmiy-amaliy seminarni Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi mudiri, dotsent Ibodulla Xotamov kirish so‘zi bilan ochib, seminarni tashkil etishdan ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalar xususida to‘xtalib o‘tdi.

 

 

Ta’kidlanganidek, milliy iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini oshirish hamda eksport salohiyatini mustahkamlash respublikamizni yaqin va uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasida alohida o‘rin tutadi.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-oktyabrdagi “Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida eksport faoliyatini liberallashtirish va soddalashtirish, eksport tarkibini va geografiyasini diversifikatsiya qilish, dunyo bozorlarida xaridorgir va eksportbop meva-sabzavot mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini oshirish orqali agrar sektorning eksport salohiyatini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

 

 

Bugungi kunda meva-sabzavotlar eksportini oshirishda xalqaro sifat standartlarini joriy etish masalalari muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida bu borada jiddiy chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan va tizimni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.

 

 

Shundan kelib chiqib, ilmiy-amaliy seminarda respublikamizning meva-sabzavotlar eksporti salohiyatini yuksaltirishda xalqaro sifat standartlaridan foydalanishning ilmiy-amaliy jihatlari muhokama qilindi hamda bu borada tegishli xulosalar va tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

 

Seminarda quyidagi mavzularda ilmiy ma’ruzalar tinglandi:

“Mahsulotlarni raqobatbardosh va eksportbopligini oshirishda standartlashtirishning ahamiyati

Ma’ruzachi: “O‘zstandart” agentligi huzuridagi Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot instituti yetakchi mutaxasisi Malik Ochilov;

 

“Meva-sabzavotlar eksporti va logistikasini tashkil etish

Ma’ruzachi: Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi dotsenti, PhD Muhiddin Yusupov;

 

“Meva-sabzavotchilik sohasida qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasini rivojlantirish chora-tadbirlari”

Ma’ruzachi: Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi dotsenti, i.f.n. Tolibjon Jo‘raev.

Ushbu ilmiy-amaliy seminar ishida sohaga tegishli amaliyotchilar, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.

 

 

 

Jumladan, O‘zbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi – “O‘zstandart”, “Lazzat karamel” qo‘shma korxonasi seminar ishida innovatsion korporativ hamkor tashkilotlar sifatida ishtirok etib, uni yuqori saviyada tashkil etishga munosib hissa qo‘shdilar.

 

 

 

Ilmiy-amaliy seminar ishi sermahsul, yuqori saviyada va qizg‘in bahs-munozaralar bilan o‘tdi. Seminar yakuni bo‘yicha qaror qabul qilinib, muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlarga taqdim etish uchun xulosa va tavsiyalar tayyorlanadi. Ular milliy iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini oshirish hamda “Harakatlar strategiyasi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga muayyan darajada o‘z hissasini qo‘shadi.

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php