YANGILIKLAR

2019-yil 16-mart kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rektorlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat maslahatchilari, Hukumat vakillari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalari, xorijiy OTMning filiallari rahbar xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

 

 

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojatnomasini o‘rganish va keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib etishga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop qo‘llanmaning taqdimoti bilan boshlandi.

Mamlakatimizning 2019-yildagi taraqqiyotining asosiy yo‘nalish va mazmunini belgilab bergan ushbu Murojaatnoma o‘zining ma’no-mazmuni, tarkibiy tuzilishiga ko‘ra g‘oyat serqirra va keng ko‘lamlidir.

 

 

Biz 2019-yilda xalqimiz, mamlakatimiz oldida qanday muhim vazifalar turganini har tomonlama chuqur anglab, ularni amalga oshirishda faol ishtirok etish, bu ulug‘ ishga o‘z hissamizni qo‘shish uchun avvalo ushbu Murojaatnomaning ma’no-mazmunini o‘rganib, tushunib olishimiz kerak. Bu bizga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonidagi o‘z o‘rnimizni aniq belgilab olishga yordam beradi.

 

 

Ana shularning barchasini inobatga olib, mamlakatimizdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlarida faoliyat olib borayotgan tajribali olimlar, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan Murojaatnomani o‘rganish bo‘yicha qo‘llanma tayyorlandi. Ushbu qo‘llanma mazkur yo‘nalishdagi dastlabki urinish, yangi tajriba bo‘ldi.

 

 

Tadbir davomida iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirishda akademik ilm-fanning rolini kuchaytirish, ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, ilg‘or ilmiy yutuqlarni amaliyotga joriy etish, joylarda ilmiy maktablarni mustahkamlash hamda tegishli hududiy va tarmoq muammolarini hal qilishda ularning faol ishtirokini ta’minlash, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, xalqaro miqyosda mamlakat ilm-fani nufuzini oshirish masalalari atroflicha muhokama etildi.

Qayd etib o‘tilganidek, Murojaatnomada talabalar qabulining soddalashgan tizimini joriy etish orqali qabul jarayonining kvota tizimidan davlat buyurtmasi va tabaqalashgan to‘lov-kontrakt tizimiga o‘tish zarur. Oliy ta’lim muassasalarining xalqaro nufuzini oshirish, pedagog kadrlarning ilmiy-pedagogik faoliyatini munosib rag‘batlantirish maqsadida markazlashgan moliyalashtirishdan o‘zini o‘zi moliyalashtirish hamda iqtisodiy mustaqil tizimga o‘tish vazifasi qo‘yildi.

 

 

Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqarish sohasi bilan hamkorlikda tarmoq ilmiy-tadqiqot muassasalari, konstruktorlik byurolari, tajriba-ishlab chiqarish va innovatsiya markazlar tashkil etish maqsadga muvofiqdir.

Bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 2019 yilda ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish maqsadida ilm-fan, zamonaviy va uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish borasidagi soha oldida turgan vazifalar muhokama etilib, tegishli vazifalar belgilab olindi.

Ulashish:

Kalit so‘zlar: Iqtisodiyot, Logistika, Mehnat

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php