YANGILIKLAR

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Avstriyaning Yevropa, integratsiya va tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Yoxannes Peterlik boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan bo‘ldi. Delegatsiya rahbariga Avstriyaning Yevropa, integratsiya va tashqi ishlar masalalari bo‘yicha kotibiyati mudiri Yoxannes Leybetseler, Avstriyaning O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Alois Kraut, Avstriyaning Yevropa, integratsiya va tashqi ishlar vazirligining Bolqon, Sharqiy Yevropa, Janubiy Kavkaz, Markaziy Osiyo va Markaziy Yevropa masalalari departamenti direktori Rudolf Taler, Krems amaliy fanlar universiteti prezidenti Xayns Boyer hamrohlik qildi.

 

 

Tashrifdan asosiy maqsad Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Krems amaliy fanlar universitetining qo‘shma ta’lim dasturini rivojlantirish, kelgusidagi hamkorlik aloqalari yuzasidan fikr almashish va kelishuvlarga erishish, yangi loyihalarni ishga tushirishdan iborat bo‘ldi.

 

 

Dastavval mehmonlar universitet infratuzilmasi bilan tanishdilar. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Krems amaliy fanlar universitetining qo‘shma ta’lim dasturi asosida tahsil olayotgan talabalar bilan suhbat olib bordilar. Talabalarga hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar haqida batafsil ma’lumotlar berib o‘tdilar.

 

 

 

Shundan so‘ng ikki tomon o‘rtasida hamkorlik yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Bahodir Xodiev ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, siyosiy-ijtimoiy yo‘nalishlarda samarali hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlab, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan hamkorlik aloqalari istiqbollari haqida to‘xtalib o‘tdi. Ishonamizki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalari nafaqat siyosiy-iqtisodiy, balki ijtimoiy sohaning muhim qismi hisoblanadigan ta’lim sohasining yanada rivojlanishiga xizmat qiladi, deya ta’kidladi.

 

 

 

Avstriya delegatsiyasi rahbari Yoxannes Peterlik samimiy qabul va ko‘rsatilgan ehtirom uchun tashakkur bildirib, o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari davlatlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun aniq sharoitlar yaratadi, bu esa ikki mamlakat milliy manfaatlariga mos keladi, deya ta’kidladi. Muzokaralarning navbatdagi raundini Avstriyada o‘tkazamiz, degan umiddaman. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori boshchiligidagi delegatsiyani Vena shahrida ko‘rishdan baxtli bo‘lar edik.

 

 

Muzokaralar davomida kelishilgan erishuvlar va amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan ikki tomonning aniq vazifalari belgilab olindi.

 

 

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, 2018 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturi ishga tushirilgan. Bugungi kunda ushbu qo‘shma ta’lim dasturi akkredatsiya jarayonida bo‘lib, bakalavriat bosqichida Eksportni boshqarishga yo‘naltirilgan menejment va Turizmni boshqarishga yo‘naltirilgan menejment yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi va ayni paytda 89 nafar talaba barcha imkoniyatlarga ega bo‘lgan sharoitda tahsil olishmoqda.

 

 

 

Talabalarga Ingliz tili, Iqtisodiyot nazariyasi va Oliy matematika fanlaridan malakali professor-o‘qituvchilar ta’lim berishmoqda. Ayniqsa, Ingliz tili fani Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tavsiya etilgan yuqori malakali o‘qituvchilar tomonidan ixtisoslashtirilgan holda olib borilayotir.

 

 

Qo‘shma ta’lim dasturi doirasida magistrlarni tayyorlash bo‘yicha Krems amaliy fanlar universiteti jamoasi bilan hamkorlik masalalari muzokaralar jarayonida. Bu loyihani kelgusi o‘quv yilidan boshlab ishga tushirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

 

Ulashish:

Kalit so‘zlar: Iqtisodiyot, Logistika, Mehnat

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php