Xorijlik vatandosh ishtirokida «Iqtisodiy siyosat tahlilida mukammal ekonometrikaning qo‘llanilishi» mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Markaziy Osiyoning oziq-ovqat siyosati bo‘yicha xalqaro tadqiqotlar institutining Rivojlanish strategiyasi va boshqaruv bo‘limi (DSGD) tadqiqotchisi va rahbari Komiljon Akramov ishtirokida mahorat darsi tashkil etildi. «Iqtisodiy siyosat tahlilida mukammal ekonometrikaning qo‘llanilishi» mavzusida tashkil etilgan mahorat darsida professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

 

 

Tadbirni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sherzod Mustafoqulov kirish so‘zi bilan ochib, chet ellarda faoliyat ko‘rsatayotgan salohiyatli vatandosh olimlar, mutaxassislar va ekspertlarni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga faol jalb etish borasida qilinayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi. Ilm-fanni rivojlantirish, tadqiqotlarni ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish, ilmiy faoliyat natijadorligini oshirish, iqtidorli talabalar ilmiy izlanishlar olib borishda xorijda faoliyat ko‘rsatayotgan salohiyatli vatandosh olimlar bilan hamkorlikning ahamiyati haqida gapirib o‘tdi.

 

 

Shundan so‘ng, asosiy ma’ruza uchun Komiljon Akramovga berildi. U o‘z so‘zida har bir iqtisodiyot yo‘nalishida ta’lim oluvchilarning birlamchi fani – Iqtisodiyot nazariyasi hisoblanadi, deya ta’kidladi. Chunki Iqtisodiyot nazariyasida barcha birlamchi iqtisodiy kategoriyalarga ta’riflar keltirib o‘tiladi.

 

 

Nazariy bilimlarni o‘zlashtirishda Iqtisodiyot nazariyasi fani qanchalik ahamiyat kasb etsa, olingan bilimlarni amaliyotga tatbiq etishda ekonometrikaning o‘rni ham shunchalik beqiyosdir. G‘arbdagi har qanday iqtisodchining asosiy instrumenti bu – ekonometrikadir. Hozirgi kunda dunyodagi iqtisodchilarning 80 foizi bugungi kunda ekonometrika bilan ish olib borishadi.

 

 

Ekonometrik model tuzishda biz avvalambor iqtisodiyot nazariyasiga yuzlanamiz, undan keyin iqtisodchining ichki intuitsiyasi zarur bo‘ladi. Keyin navbatta miqdoriy statistika va uy xo‘jaliklari hisoblanadi.

 

 

Davr taqozosi tufayli iqtisodiyotdagi ekonometrika yo‘nalishi ham tobora rivojlanib, takomillashib bormoqda. Evolyusiya davomida uning namoyandalari qo‘llaydigan tushunchalar o‘zgarmoqda, bugungi kunga kelib miqdoriy tahlil usullari ham rivojlanmoqda, tahlil sohasi ham kengayib bormoqda. Quyidagi omillar bu yo‘nalishning rivojini zarur qilib qo‘ydi:

tahlilning matematik va statistik uslublarining rivoji, ayniqsa matematik programmalash, turli o‘yinlar nazariyasi, matematik statistikaga oid ishlarning ko‘payishi;

ilmiy-texnika taraqqiyotining rivoji, fanning yangi tarmoqlarining paydo bo‘lishi, xususan kibernetika, elektro-hisoblash texnikasi, kompyuterlar tizimi, iqtisodiyot sohasidagi informatsiyaning tobora ko‘payishi, bu informatsiyani tayyorlash, uzatish, qabul qilish va qayta ishlash hajmlarining keskin ortib ketishi.

 

 

Umuman hozirgi davrda hayotni, uning muhim qismi bo‘lgan iqtisodiyotni bu yo‘nalishsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu sababli ekonometrika ham ilmiy, ham amaliy jihatdan muhim bo‘lib qoldi.

 

 

Komiljon Akramov tomonidan o‘tkazilgan mahorat darsi savol va javoblarga boy tarzda o‘tdi. Komiljon Akramovga amaliy hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirilib, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Tashakkurnomasi taqdim etildi.

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php