YANGILIKLAR

2019-yil 8-fevral kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Alisher Navoiy tavalludi munosabati bilan “Alisher Navoiy – g‘azal mulkining sultoni” nomli madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

 

 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi mutasaddilari, Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali drama teatri aktyorlari, oliy ta’lim muassasalarining Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektorlari, yozuvchilar, shoirlar, estrada xonandalari, OAV xodimlari, universitet pedagog jamoasi va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

 

 

Ta’kidlanganidek, bugun Alisher Navoiy haqli suratda jahon madaniyatining mumtoz vakillari safidan o‘rin oldi. Uning asarlari jahondagi yuzlab tillarga tarjima qilindi. Dunyo ahli uning merosi bilan qiziqmoqda, asarlarida tarannum etilgan olijanob g‘oyalar va falsafiy mushohadalaridan zavq olmoqda. Shoir haykallari Yaponiyaning Soka universiteti hovlisida, Moskva, Dushanbe va Boku shaharlarida qad ko‘tardi.

 

 

Navoiy yashagan davrdan buyon besh asrdan asrdan ko‘proq vaqt o‘tdi. Movarounnahr tuprog‘i ne-ne bosqinlarga, toju taxt uchun qonli kurashlarga sahna bo‘ldi. Ammo shoir ijodining qimmati aslo pasaymadi. Har avlod undan o‘zi uchun nimadir topdi. Navoiy asarlari xalqimiz uchun ma’naviy quvvat va yuksalish manbai bo‘ldi.

 

 

 

Tadbirda “Universitetning eng faol kitobxon bilimdonlari” ko‘rik-tanlovida Navoiy asarlari bilan ishtirok etayotgan fakultet talabalarining chiqishlari barchaga xush kayfiyat ulashdi.

 

 

 

Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti talabalari “Hayrat ul-abror” dostonini, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Ural davlat iqtisodiyot universitetining qo‘shma ta’lim dasturida tahsil olayotgan talabalari Navoiy asarlaridan namunalarni (rus tilida), Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Krems amaliy fanlar universitetining qo‘shma ta’lim dasturida tahsil olayotgan talabalari Navoiy asarlaridan namunalarni (ingliz tilida), Korporativ boshqaruv fakulteti talabalari “Farhod va Shirin” dostonini, Xalqaro turizm fakulteti talabalari “Layli va Majnun” dostonini, Iqtisodiyotda axborot tizimlari fakulteti talabalari “Sab’ai sayyor” dostonini, Iqtisodiyot fakulteti talabalari “Saddi Iskandariy” dostonini taqdimotini o‘tkazdilar.

 

 

Tadbir so‘ngida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Bahodir Xodiev Alisher Navoiy ijodini sahna ko‘rinishlarida aks ettirgan, shoirning boy ma’naviy merosini keng targ‘ib qilgan talaba-yoshlarga samimiy minnatdorlik bildirdi. Taqdimot bilan chiqqan har bir jamoaga Tashakkurnoma va kitoblar jamlanmasini topshirdi.

 

Ulashish:

Kalit so‘zlar: Iqtisodiyot, Logistika, Mehnat

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php