YANGILIKLAR

Bugun, 22-yanvar kuni Toshkent shahar Chilonzor tumanida joylashgan 195-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida “Men shu aziz Vatan farzandiman!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirni Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Baxtiniso Amanova kirish so‘zi bilan ochib, o‘tkazilayotgan uchrashuvning mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

 

 

Tadbirda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Bahodir Xodiev ishtirok etib, o‘quvchi yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyati inson omiliga qaratilgani, yoshlarning bilim olishi, har bir inson hayotda munosib o‘rin topishiga davlat darajasida berilayotgan e’tibor haqida gapirib o‘tdi.

“Men shu aziz Vatan farzandiman!”, nima uchun biz bu mavzuni tanladik? Nega aziz Vatan, deb atayapmiz? Bu yerda biz aniq bilib olishimiz kerak bo‘lgan tushunchalar mavjud. Kimki o‘z oldiga ezgu maqsad qo‘yib, u sari olg‘a intilsa, ota-onasiga, ustoziga, do‘st-o‘rtog‘iga g‘amxo‘r bo‘lsa, ilm o‘rgansa bu savollarga mukammal javobni oladi. Buning uchun avvalo, har bir inson o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yishi, vaqtni to‘g‘ri taqsimlay olishi, uni behuda va o‘tkinchi ishlarga sarflamasligi lozim.

 

 

Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan ta’limning barcha bo‘g‘inlarida tub islohotlar va amaliy sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Bu bejiz emas albatta. Dunyoning istalgan rivoj topgan davlatlariga nazar solsangiz, ular taraqqiyotining bosh mezoni — ilm-fan, ta’lim sohasida erishilgan yutuqlar natijasidir. Qaerdaki intelektual bilimli, aqliy qobiliyati yuqori insonlar soni ko‘paysa, o‘sha yerda rivojlanish, farovon hayot bo‘ladi. Bilimli bo‘lish va uni insonlar, jamiyat uchun foydali yo‘lda sarflash har bir odamni asrlar davomida mangu yashashiga xizmat qiladi. Buni biz ulug‘ bobolarimiz – Xorazmiy, Buxoriy, Beruniy, Navoiy, Amir Temur, Ulug‘bek, Bobur kabi ajdolarimiz misolida ko‘rib turibmiz, deya ta’kidlab o‘tdi Bahodir Xodiev.

Shundan so‘ng, Iqtisodiyot fakulteti talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Ruxsora Masharipova hamda Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti talabasi, Xalqaro fan olimpiadalari g‘olibi Jazira Bo‘ronova so‘zga chiqib, o‘quvchilarga ilm olishga mehr bergan yoshlarga davlat tomonidan berilayotgan yuksak e’tibor haqida o‘z hayotlari misolida to‘xtalib o‘tdilar.

 

 

Yuqorida ustozimiz ta’kidlab o‘tganidek, vaqtni to‘g‘ri sarflash, undan maqsadli foydalanish insonni qanchalik ko‘klarga ko‘tarishini biz talabalar o‘z hayotimizda ko‘rib guvoh bo‘ldik. Vaqtni shunchaki sho‘xlik, oldi-qochdi gaplar, kundalik mashmashalar haqida gapirib o‘tkazib yuborishimiz mumkin. Lekin uni biror xorijiy tilni o‘rganish, badiiy kitob o‘qish yoki ilm o‘rganishga ham sarflash mumkin.

Shuning bilan birga o‘zgalar mehnatini qadrlashni bilishimiz ham juda muhim. Masalan, bilim berayotgan ustozingiz, sizga tozalik va ozodalikni berayotgan farrosh, ota-onangiz mehnatini qadrlashni o‘rganish.

 

 

Tadbir so‘ngida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti haqidagi videofilm va roliklar namoyish etildi.

P/S 2008 yildan boshlab ixtisoslashtirilgan Davlat umumta’lim maktabi maqomini olgan ushub o‘quv dargohida bugungi kunda 2930 nafar o‘quvchilar tahsil olmoqda. Ularga 120 nafardan ortiq o‘qituvchilar dars berib kelmoqda.

“Innofatsion olimpiada”ning Biologiya, Fizika, Kimyo va Matematika fanlaridan 4 nafar o‘quvchi Respublika bosqichida ishtirok etib, shundan 3 nafari birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Maktabning 7-A sinf o‘quvchilaridan tashkil topgan “Kamalak jilolari” guruhi “Kamalak bilimdonlari” tanlovining Respublika bosqichida ishtirok etib, faxrli 3-o‘rinni egallashdi.

Shuningdek, maktab o‘quvchilari tuman olimpiadasida fanlar yo‘nalishida ishtirok etib, ularning 19 nafari sovrinli o‘rinlarni egalladilar. 17 nafar o‘quvchilar Fanlar olimpiadasining shahar bosqichida ishtirok etish uchun g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar.

Undan tashqari “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti uchun nomzodlar tanlovida maktabimizning 5 nafar o‘quvchilari tumanda faol ishtirok etdilar va 1 nafar o‘quvchi shahar bosqichida faol ishtirok etdi.

Ulashish:

Kalit so‘zlar: Iqtisodiyot, Logistika, Mehnat

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php