Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazildi.Unda universitet rahbariyati, fakultet dekanlari, bo‘lim boshliqlari, kafedra mudirlari, guruh murabbiylari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

 

 

O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor G‘ofurjon Zaxidov kirish so‘zi bilan ochiq muloqotni ochib, bugungi kunda malakali kadrlarni tayyorlash, ta’lim tizimiga davlat darajasida berilayotgan e’tibor va bu boradagi dolzarb vazifalar xususida to‘xtalib o‘tdi. Ayni kundagi ta’lim sohasidagi islohotlardan pirovard maqsad, o‘sib kelayotgan yoshlarimizning kuchli bilim va ilm egalari bo‘lib, yaxshi mutaxassis kadrlar qilib tayyorlashdan iboratligi haqida so‘z yuritdi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida tashkil etilgan Jamoatchilik kengashi raisi o‘rinbosari, Toshkent Xalqaro Vesminster universitetining rektori Komiljon Karimov o‘z so‘zida Jamoatchilik kengashining tashkil etilishining bugungi ahamiyati haqida gapirib o‘tdi. Jamoatchilik kengashining turli soha vakillaridan iborat bo‘lgan tarkibda tashkil etilishdan maqsad va uning asosiy vazifalariga yig‘ilganlar e’tiborini qaratdi. Ta’lim tizimidagi muammo va kamchiliklar, taklif va mulohazalarni o‘rganib chiqib, ularni bartaraf etish va keyingi ishlab chiqiladigan konsepsiyalarda, strategik rejalarda hisobga olinishi haqida gapirib berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-dekabr kuni zamonaviy kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni to‘ldirish, bilimli yoshlarni strategik sohalarga jalb etish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazgan yig‘ilishida ko‘tarilgan masalalar, 2017-2021 yillarda Oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosi soha xodimlaridan ulkan mas’uliyatni talab qiladi. Aytib o‘tish kerakki, joriy yilda mamlakatimizda 13 ta yangi oliy ta’lim muassasasi, jumladan, xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallari tashkil etildi. Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishlari boshlab yuborildi. Shu bilan bir qatorda OTMga qabul kvotasi cheklovlarini bekor qilish va moliyaviy erkinliklar berish, har bir OTM o‘z ta’lim jarayonidagi muammo va kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf qilish imkonini berishi haqida ham to‘xtalib o‘tish zarur.

 

 

Shundan so‘ng ma’ruzachi yig‘ilgan professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlarni fikr-muloxazalari va takliflari bilan qiziqdi.

So‘zga chiqqan Sanoat iqtisodiyoti kafedrasining professori Baxtiyor Salimov aholini bilim darajasini oshirishga qaratilayotgan e’tibor, ya’ni ilmiy darajasini ko‘tarishga bo‘layotgan harakatlar haqiqatdan ham to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilayotganligi, bu mamlakatimizning ilmiy salohiyatini oshishi uchun eng zo‘r imkoniyatlardan ekanligini takidlab, shu bilan bir qatorda qabul kvotasi cheklovlarini bekor qilish yaxshi natija berishini, lekin ularni ishga joylashtirishda yana professor-o‘qituvchilarni jalb qilinishi, ularnining ilmiy faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lishlari va o‘z ustida ishlash uchun vaqtni qisqarishiga ham sabab bo‘lishi, bu holat bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish kerakligi haqida aytib o‘tdi.

Universitet Kasaba uyushma qo‘mitasining raisi, Ijtimoiy fanlar kafedrasini mudiri Azamat Muxtorov hozirgi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy islohatlarda har bir inson qaysi sohada bo‘lishidan qat’i nazar o‘z sohasida hissasini qo‘shmas ekan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar oldinga siljimasligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

 

 

Ekonometrika kafedrasining mudiri Dilmurod Rasulev yig‘ilishda bildirilgan fikrlar va berilayotgan takliflar tezda o‘z yechimini topmasligi, lekin yig‘ib, o‘rganib chiqib, kelgusida stratigik rejalarni ishlab chiqishda inobatga olinsa samarali natija berishi mumkinligi haqida hamda ta’limdagi faoliyatimizni tizimli tartibga soluvchi takliflar asosida strategik maqsadlarga erishish «Yo‘l xaritasini» ishlab chiqish maqsadga muvofiq bo‘lishini aytib o‘tdi.

Ekonometrika kafedrasining katta o‘qituvchisi Rahim Majidov bu borada OTMda ishlar to‘g‘ri tashkil etilganligi, lekin aholi doimiy yashaydigan mahallalarda bu bo‘yicha yetarlicha ma’lumotlarni yo‘qligi, aholini iqtisodiy va huquqiy savodxonligin oshishiga to‘siq bo‘layotganligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Buxgalteriya hisobi kafedrasining katta o‘qituvchisi F. Temirov mutaxassis kadrlarni tayyorlashda o‘tilayotgan fanlar sonini minimum darajagacha qisqartirib, asosiy kerakli bo‘ladigan fanlarni o‘qitishni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.

Iqtisodiyot fakultetining dekani Alisher Qobilov mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tuzilgan o‘quv va ishchi rejalarni ishlab chiqarish korxonalari bilan qayta ko‘rib chiqqan holda o‘qitishni tashil etish kerakligi haqida to‘xtaldi.

 

 

Universitet birinchi kurs doktoranti Xurshid Ergashev berilayotgan takliflarni hayotiy bo‘lishini ta’minlash maqsadida oilalarga, oiladagi ota-onalarga ham yetib borishi maqsadga muvofiqligi haqida to‘xtaldi.

Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti 2-bosqich talabasi R. Olimjonova darslarga korxona va tashkilotlardan amaliy tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar jalb etishni ko‘paytirish, dars jarayoni yanada qiziqarliroq o‘tgan bo‘lar edi, deb o‘z taklifini berib o‘tdi.

2-bosqich talabasi X. Mirziyodov darslarimizga o‘zaro almashish asosida Respublikamizdagi boshqa oliy ta’lim muassasalaridan professor-o‘qituvchilarni jalb etgan holda mahorat darslarini o‘tkazib borsak yana ham samarali dars o‘tishga erishgan bo‘lar edik, deb ta’kidladi.

Sharq yulduzi jurnali bosh muharriri Sirojiddin Raupov berilayotgan takliflar va bildirilayotgan fikrlar o‘rinli ekanligini, lekin ularga ruh, jon hamda ma’nafiy qiyofa berishlikni ham unutmasligimiz, buning uchun ko‘proq kitoblar, jurnallar va gazetalar o‘qib turishimiz lozimligiga ham to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birgalikda o‘z ishlarimizni olib borishda “ommaviy madaniyat”ga ham berilib ketmasdan, ularga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishimiz kerak, deb ta’kidladi.

Uchrashuv davomida professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar yuqorida ta’kidlangan masalalar yuzasidan o‘zlarining fikr-mulohazalarini ham bildirib o‘tdilar. Professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan to‘liq, tushunarli tarzda javob berildi.

Shuningdek, uchrashuv so‘ngida muhokama qilingan masalalar yuzasidan professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlarga ko‘rib chiqilgan masalalar doirasida tegishli tavsiyalar ham berildi.

Uchrashuv yakunida G‘ofurjon Zaxidov barcha ishtirokchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirgan holda uchrashuvni yakunladi.

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php