Ishlab chiqarish jarayoni talabalarda katta taassurotlar qoldirdi

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Jahon iqtisodiyoti kafedrasi mudiri boshchiligida professor-o‘qituvchilar va Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar ta’lim yo‘nalishi talabalari “Artel Engineering and management” MChJ ga tashrif buyurdilar. Mazkur tashrif “Artel”ning Toshkent shahri Mahtumquli ko‘chasida joylashgan ishlab chiqarish komplekslariga uyishtirildi. Aynan bu kompleksda “Artel” va “Ariston” brendi ostida konditsioner, televizor, changyutkich va mikroto‘lqinli pechlar ishlab chiqariladigan bo‘lib, yana shunday 4 ta korxona faoliyat yuritadi. Maishiy texnikaning barcha turlarini ishlab chiqaradigan “Artel” mahsulotlarining sifatiga katta e’tibor qaratadi.

  

 

Bu yerda boshqaruv tizimi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ishlab chiqarish liniyalarida ishlovchi ishchilarning havfsizligiga alohida e’tibor qaratilgan. Ishchilarning ishga kelib-ketishlari va ish paytidagi holatlari to‘liq nazoratga olingan, ish vaqtidagi xavfsizlik bilan bog‘liq javobgarlik yo‘lga qo‘yilgan. Ishchilar dam olishlari uchun “12 soat tizimi” yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu har bir ishchi bugun birinchi smenada ishlasa, 12 soat dam oladi va ertasi kuni ikkinchi smenadan ishga tushadi va bugun ikkinchi smenada ishlagan ishchi 12 soat dam olib birinchi smenadan ishga tushishi natijasida ko‘proq dam oladi va ruhiy zo‘riqish bilan bog‘liq muommolarga duch kelishdan uzoqlashishini anglatadi.

Shuningdek, kelasi yildan ishchilarga yillik qo‘shimcha dam olish kunlari berishni kengaytirish va ish vaqtida jabrlanganlarga sog‘liqni tiklash bilan bog‘liq harajatlarni to‘liq qoplab berish tizimini joriy etish rejalashtirilgan. Kompleksda ishchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida har 6 oyda maxsus sifat tekshiruvi o‘tkaziladi.

 

 

Ushbu kompleksda 2 ta ishlab chiqarish liniyasi ishlaydi: biri to‘liq hajmda konditsioner ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lsa, boshqasi changyutgich, televizor  va mikroto‘lqinli pechlar ishlab chiqaradi. Har bir mahsulot jami 11 ta bosqichdan o‘tadi. Dastlabki sakkiz bosqich tovarni yig‘ish bilan bog‘liq, keyingi boshqichlarda, qadoqlash jarayoniga o‘tkaziladi. Bu yerda maxsus qadoqlash uskunalari yordamida qadoqlanadi va so‘ngi bosqichga yo‘l oladi. So‘ngi bosqich: qayta tekshiruv” deyiladi va bu bosqichda har 50 ta mahsulotdan biri qadoqdan ochiladi va ishlashi to‘liq tekshiriladi. Agar bu bosqichda mahsulotda nuqson aniqlansa, shu qatordagi 50 ta mahsulotning bari qayta yig‘ishga jo‘natiladi. Kompleksda ishlab chiqarish liniyalari zamonaviy texnikalar bilan boyitilganligi bizni hayratga soldi.

 

 

“Artel”ning ishlab chiqarish kompleksida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar detallarining asosiy qismi mahalliylashtirilgan. Metall qismlar “Angren metal zavodi”dan, plastmas qismlar esa, Jizzahdan keltiriladi va shu yerda yig‘iladi. Import detallar esa, yaqin hamkorlar bo‘lmish Yaponiyaning “Shivaki” va Janubiy Korreyaning “Samsung” kompaniyalaridan keltiriladi. Kompleks mtaxassislari ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin kelajakda konditsioner ishlab chiqaruvchi dunyoning eng  yetakchi kompaniyasi “Carrier” bilan hamkorlik o‘rnatilishi kutilmoqda.

Tashrif davomida professor-o‘qituvchilar va talabalarga hamrohlik qilgan xodimlar juda xushmuomala bo‘lishdi va ularni qiziqtirgan barcha savollarga xolisona javob berishga harakat qilishdi. Tashkilotchilar kerak bo‘lsa, har bir detall uchun alohida to‘xtalib, nimadan qilinganini, qanday qilinganini, nima uchun ishlatilishini va vazifasini to‘liq tushuntirib berishdan erinishmadi.

 

 

Mazkur amaliy dars mashg‘uloti talabalarda yuqori taassurot qoldirdi. Ekskursiya davomida shunga amin bo‘lindiki, korxonada mahsulot sifatiga katta e’tibor qaratilar ekan. Tashrif buyuruvchilarning guvohi bo‘lganidek “Artel” mahsulotlariga bo‘lgan salbiy fikr noto‘g‘ri. “Artel – sifatsiz”, “Artel – uch kunlik mahsulot” kabi gap-so‘zlar o‘z tasdig‘ini topmadi, aksincha, yig‘uv jarayoni naqadar qunt bilan, sifatli darajada bo‘lishini ko‘rsatdi. Endi boshqalarga “Artel” mahsulotlarini bemalol taklif etishimiz mumkin.

“Artel” biz o‘ylagandan ko‘ra ko‘proq ishlarni amalga oshirgan. O‘z mahsulotlarinining sotuvini dunyo bozoriga ildamlik bilan olib chiqmoqda. O‘zining yuqori texnologik ishlab chiqarish liniyalari tufayli mahsulotlarning sifatini oshirishga erishmoqda, bu esa xaridorlarning ishonchini oqlaydi. Hozirda kompaniya o‘z mahsulotlarini barcha chegaradosh respubliklardan tashqari, Ozarbayjon, Belorussiya va Ukraina kabi davlatlarga ekport qilmoqda. Injinerlar esa, yangi, ekportbop mahsulotlar qatorini kengaytirish ustida tinimsiz ishlashmoqda

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php