YANGILIKLAR

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga O‘zbekistonning «2019-2021 yillarga mo‘ljallangan tizimli islohotlar asosiy yo‘nalishlarining yo‘l xaritasi» taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirda xalqaro ekspert sifatida ishtirok etayotgan Adolfa Ibanes universiteti professori Eduardo Bitran tashrif buyurdi.

 

 

Tashrif avvalida Chililik ekspert universitetdagi o‘quv jarayonlari, dars berish uslublari, o‘quv auditoriyalari va laboratoriyalari, ta’lim beruvchilar va ilm o‘rganuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Talabalar va professor-o‘qituvchilar bilan suhbatlashib, ta’lim dargohining imkoniyatlari keng ekanligini e’tirof etdi. Ilmiy salohiyatli mutaxassislar har bir davr va davlatda jamiyatni farovonlikka, barcha sohalarni rivojlantirishga yetaklovchi kuch bo‘lishini aytib, bu yo‘lda talabalar va universitet pedagog jamoasiga ulkan muvaffaqiyat tiladi.

 

 

 

Shundan so‘ng, universitet huzuridagi O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimlari, professor-o‘qituvchilar, talabalar, ilmiy izlanuvchilar va tadqiqotchilar ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Janob Eduardo Bitran “Infrastruktura xizmatlari samaradorligini ta’minlash” (“Efficient Provision of Infrastructure Services”) mavzusida ma’ruza qildi. U o‘z ma’ruzasida o‘tish davrida iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, mehnat resurslaridan samarali foydalanish, ilmiy izlanishlar va tadqiqotlarni amaliyotda qo‘llash, aholining farovonlik darajasini oshirish bo‘yicha Chili davlati tajribasi xususida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekistonda ayni kunlarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning yo‘l xaritasi, iqtisodiy islohotlarning hozirgi holati va ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish mexanizmlari to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

 

 

Ishtirokchilar yurtimizdagi islohotlarning xorijliklar nigohida qanday gavdalanayotgani va ma’ruza yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha ma’lumot oldilar.

Tadbir so‘ngida Adolfa Ibanes universiteti professori Eduardo Bitranga amaliy tashrif uchun tashakkur bildirilib, kelgusida ham shu kabi tadbirlarni hamkorlikda o‘tkazish bo‘yicha taklif berildi.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatimizda Iqtisodiyot, Moliya vazirligi hamda Jahon bankining ishchi guruhi bilan birgalikda tarkibiy o‘zgarishlar va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish maqsadida beshta asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga olgan «islohotlar yo‘l xaritasi» ishlab chiqilgan.

Ulashish:

Kalit so‘zlar: Iqtisodiyot, Logistika, Mehnat

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php