Umringizga befarq bo‘lmang!

2018-yil 31-oktabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori, professor Bahodir Xodiyev hamda guruh sardorlari, Yoshlar ittifoqi guruh yetakchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda ta’lim-tarbiya jarayonlari, talabalarning bilim darajasini oshirish, ma’naviy qiyofasini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va bu yo‘nalishda mavjud muammolarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, yuzaga kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, befarq bo‘lmaslik, berilgan vaqt va imkoniyatni behuda ishlarga sarflamaslik aniq maqsad sari intilishga amaliy yordam beradi.

 

 

Universitet rektori berilgan umr lahzalaridan unumli foydalanish borasida o‘zining fikrlarini bildirib o‘tdi:

 

 

— Inson, ayniqsa o‘sib kelayotgan yosh avlod berilgan umrni arifmetik sonlar bilan hisoblab yashashi kerak emas, balki ma’noli hayot kechirish bilan, uni mazmunli qilish bilan asrlar osha yashash mumkinligini anglab yetishi kerak. Zaminimizda yashab o‘tgan va dunyo tamadduniga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning hayot va ijod yo‘lini ibrat maktabi sifatida qabul qilib, o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ya oladigan, yangi chorlovlarga “labbay” deya javob bera oladigan yoshlar el-yurtimizning ishonchi, umidi sifatida katta hayotga qadam bosadi.

 

 

Biz Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlayotgan har bir talaba o‘z tanlagan ta’lim yo‘nalishining malakali mutaxassisi bo‘lishiga ishonamiz va bu yo‘lda har bir talaba uchun ko‘makdosh bo‘lishga, ularga jami sharoitlarni yaratishga barcha sa’y-harakatlarimizni safarbar etamiz.

 

 

Uchrashuvda muhokama etilgan masalalardan kelib chiqib, bugungi kunda ayrim auditoriyalarda kuzatilgan holatlar muhokama qilindi. Namoyish etilgan videolavhalarda guvohi bo‘linganidek, talabalar o‘z vaqtlarini behudaga sarflash bilan birga, o‘z tengdoshlarining ham qimmatli vaqtlarini befoyda ishlarga sarflashlari achinarli holat ekanligi qayd etildi. Bu kabi holatlarnining takrorlanmasligini ta’minlash maqsadida tegishli vazifalar va amaliy harakatlar rejasi belgilab olindi.

 

 

Shundan so‘ng talabalar o‘zlarini o‘ylantirayotgan, yechimini kutayotgan muammolar xususida universitet rektori Bahodir Xodiyevga murojaat qildilar. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan qabul qilinayotgan qonunlar, Prezident farmon, qaror va farmoyishlarini o‘rganishga bag‘ishlangan qo‘shimcha dars soatlarini tashkil etish, xorijiy tillarni o‘rganish bo‘yicha qo‘shimcha to‘garak va dars soatlarini tashkil etish, ayrim xonalardagi multimedia moslamalarini ta’mirlash yoki yangisiga almashtirish, iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish borasida qo‘shimcha tadbirlarni o‘tkazish, “Ishchi davtarlar”ni nashr etishda sifat jihatlariga e’tibor qaratish va ma’no jihatdan yaxshilash borasida o‘zlarini o‘ylantirayotgan muammoli masalalar xususida savollar berdilar.

 

 

Mazkur masalalar yuzasidan mutasaddi va mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilib, ularning amaliy ijrosini tez fursatda bajarish vazifasi yuklatildi.

 

 

Talabalarga o‘z iqtidorlarini to‘laqonli namoyon etishlari uchun zarur bo‘lgan masalalar yechimi, ta’lim sifatini oshirish yuzasidan takliflar va fikr-mulohazalarni universitet rektoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish, tashkil etilgan ijtimoiy tarmoq yoki elektron pochta orqali bildirib borish maqsadga muvofiqligi aytib o‘tildi.

TDIU Axborot xizmati

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php