YANGILIKLAR

Ekspertlarning prognozlariga ko‘ra, fan-texnika taraqqiyotidagi o‘zgarishlar tezligi, inson va kapital resurslaridan foydalanish imkoniyatlari kabi omillar mamlakatning uzoq muddatli rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beradi.

Mamlakat rivojlanishini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi PQ-3775-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini amalga oshirish maqsadida 2018-yil 30-oktabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Makroiqtisodiyot” kafedrasi tomonidan “O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi: omillar, natijalar va istiqbollar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

Anjumanning asosiy maqsadi yetuk olimlar va amaliyotchilarning O‘zbekiston iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, ilmiy va innovatsion salohiyatni ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy baholashdan iborat. Jumladan, mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishiga ta’sir etuvchi asosiy omillar va natijalarga, pul-kredit va byudjet soliq siyosatlarini qatiy muvofiqlashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan hulosalar berish.

Mazkur anjumanda iqtisodchi olimlar, ilmiy tadqiqot institutlari direktorlari, amaliyotchi-mutaxassislar, shuningdek nufuzli OTM professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi.

 

 

Taniqli iqtisodchi-olimlar va amaliyotchilarning Harakatlar strategiyasining uchinchi ustuvor yo‘nalishi “Iqtisodiyotni rivojlantirish va erkinlashtirish” bo‘yicha qator islohotlarni amalga oshirishga oid taqdimotlari keltirilgan. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish-ning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq “qabul qilingan o‘rta muddatli dasturlarni amalga oshirish asosida makroiqtisodiy muvozanatni saqlab qolish, tarkibiy va institutsional islohotlarni chuqurlashtirish hisobiga yalpi ichki mahsulotni barqaror yuqori o‘sish sur’atini ta’minlash” qayd etildi. Buning uchun an’anaviy o‘sish manbalari bilan birga yangi, yanada istiqbolli rivojlantirish omillarini ham ishga tushirish zarur.

2017 yilda mamlakatimiz YaIM 5,3%ga o‘sdi, shuningdek, 2017 yilda 68,4 trln. so‘m (dollar ekvivalentida 13,4 mlrd. AQSh dollari) yoki 2016 yilga nisbatan 120,4% asosiy kapitalga investitsiyalar o‘zlashtirildi. YaIMga nisbatan asosiy kapitalga investitsiyalarning ulushi 2017 yilda 26,9 %ni tashkil etib, o‘tgan yildagiga nisbatan 2,8% punktga ko‘paydi.

Bunda, mamlakatda investitsiya muhiti va ishbilarmonlik faolligini yanada oshirish, butun iqtisodiyot va uning tarmoqlari innovatsion tarkibini takomillashtirishni chuqurlashtirish, yakuniy mahsulotni ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishlarni keng ko‘lamli modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilash bo‘yicha chora-tadbirlar asosiy omil sifatida ilgari surilmoqda. Bu borada, innovatsion sohalarni rivojlantirish yo‘llarini ham inobatga olish lozim.

Barcha olimlar, jumladan xorijlik olimlarning anjuman maqolalari to‘plamiga qabul qilingan maqolalarda keltirilgan qiyosiy tanqidiy tahlillar va natijalar bo‘yicha xulosalari asosida hukumat uchun taklif va tavsiyalari tayyorlangan.

Ulashish:

Kalit so‘zlar: Iqtisodiyot, Logistika, Mehnat

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php