YANGILIKLAR

Umumta’lim maktabida tahsil olayotgan o‘quvchilarning ilm-fan va kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish va bunda o‘qituvchilarning mas’uliyatini yanada oshirish yuzasidan oliy ta’lim muassasasi va umumta’lim maktabi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Shoyhontohur tumanidagi 34-sonli o‘rta umumta’lim maktabi o‘rtasida o‘zaro hamfikrlilik memorandumini imzolangan edi.

 

 

Ushbu memorandumning 7-bandida “Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 34-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari uchun “Ochiq eshiklar kuni”ni tashkil etib borish, bunda o‘quvchilarga qiziqishlari bo‘yicha ekskursiyalar tashkil etish orqali ARM, ATM, laboratoriya, muzeylar, ma’ruza zallari va talabalar bilan o‘tkaziladigan dars jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish” nazarda tutilgan.

 

 

Shu maqsadda Shayxontohur tumanidagi 34-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari ta’lim dargohimizga tashrif buyurdilar.

 

 

Tashrif buyuruvchilar universitet rektori, professor Bahodir Xodiev bilan uchrashuvda inson umri, undan unumli foydalanish, ilm olish mashaqqati, universitet hayoti, ota-onaga hurmat, ustozlarga ehtirom ko‘rsatish xususida suhbatlashdilar.

 

 

Inson hayotga kelar ekan, turli sinovlarni yengib, o‘zi uchun baxt deb biluvchi mavqyega intiladi. Kimdir ushbu mavqyega 10 yillarda erishadi, kimdir esa 1 yilda. Bu uning uchun berilgan sarmoya — vaqtdan qanchalik oqilona foydalanishiga bog‘liq hodisa. Berilgan umr soatlaridan ota-onaga, oilaga, do‘stlarga, ilm olishga, ezgu maqsad sari intilishga sarf etilsa, inson jismonan mavjud bo‘lmasada, buyuk ajdodlarimiz singari asrlar osha yashayveradilar. To‘g‘ri taqsimlangan vaqt, oqar suv kabi o‘tuvchi vaqtdan maqsadli foydalanish insonni ulug‘laydi. Siz ham o‘zingizga berilgan imkoniyatdan samarali foydalanasiz degan umiddaman, deya ta’kidlab o‘tdi universitet rektori.

 

 

O‘quvchilar universitet fakultetlari, ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar, xorijiy davlatlar bilan tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturlari xususidagi o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

 

 

Shundan so‘ng, Shoyhontohur tumanidagi 34-sonli o‘rta umumta’lim maktabning iqtidorli o‘quvchilari — BAAning Dubay shahrida o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati vitse-chempioni Bobur Rasulov, Fan olimpiadasining shahar bosqichi g‘olibasi Sarvara Ergasheva, Fan olimpiadasining tuman bosqichi g‘olibi Akbar Murodov, Fan olimpiadasining tuman bosqichi g‘olibasi Mohira Tolipova, Fan olimpiadasining tuman bosqichi g‘olibasi Malika Bahromovalarga universitet rektorining esdalik sovg‘alari hamda maktab kutubxonasiga badiiy adabiyotlar to‘plami topshirildi.

 

 

Tashrif davomida 34-sonli o‘rta umumta’lim maktabi vakillari ta’lim dargohida yaratilgan sharoitlar, o‘quv auditoriyalari, o‘quv laboratoriyalari, TDIUning Ural davlat iqtisodiyot universiteti va Krems amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturi bilan tanishdilar.

TDIU Axborot xizmati

Ulashish:

Kalit so‘zlar: Iqtisodiyot, Logistika, Mehnat

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php