YANGILIKLAR

Bugun, 10-oktabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Shoyhontohur tumanidagi 20-sonli o‘rta umumta’lim maktabi o‘qituvchilari va o‘quvchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

 

Tashrif buyuruvchilar dastavval universitet rektori, professor Bahodir Xodiev bilan uchrashdilar. O‘zaro muloqot shaklida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda universitet rektori ta’lim jarayonlari, yaratilgan sharoitlar, xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari, ta’lim sifatini oshirish borasidagi amaliy sa’y-harakatlar yuzasidan ma’lumot berib o‘tdi. Kelajagimiz egalariga inson umri, har bir vaqtning g‘animatligi, undan maqsadli va samarali foydalanish insonni yuksak cho‘qqilarga olib chiqishi xususida gapirib o‘tdi. Jumladan, ota-ona uchun eng qadrli sovg‘a bu – farzandining o‘z intilishi va iqtidori bilan muvaffaqiyatlarga erishishi ekanligi, buning uchun berilgan umrdan maqsadli foydalanish zarurligini qayd etib o‘tdi.

 

 

O‘quvchilar universitet boshqaruvi, uning tarixi, fakultetlari, ta’lim yo‘nalishlari, xorijiy grand va loyihalar haqidagi o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

 

 

Shundan so‘ng, Shoyhontohur tumanidagi 20-sonli o‘rta umumta’lim maktabning iqtidorli o‘quvchilari — “Kitob mening taqdirimda” tanlovi g‘olibasi Shirin Vohidova, tuman fan olimpiadasida 1-o‘rinni egallagan Robiya Abdulhakimova, futbol bo‘yicha shahar chempionatida 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan Anvarxo‘ja G‘anixo‘jaevlarga universitet rektorining esdalik sovg‘alari hamda maktab kutubxonasiga badiiy adabiyotlar to‘plami topshirildi.

 

 

Tashrif davomida 20-sonli o‘rta umumta’lim maktabi vakillari ta’lim dargohida yaratilgan sharoitlar, o‘quv auditoriyalari, o‘quv laboratoriyalari, TDIUning Ural davlat iqtisodiyot universiteti va Krems amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturi bilan tanishdilar.

TDIU Axborot xizmati

Ulashish:

Kalit so‘zlar: Iqtisodiyot, Logistika, Mehnat

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php