YANGILIKLAR

2018-yilning 26-iyun kuni BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn hamda O‘zbekistonning 20dan ortiq oliy ta’lim muassasalari talaba va tinglovchilari ishtirokida vebinar o‘tkazildi. Videomuloqot Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Birlashgan millatlar tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining Markaziy Osiyodagi boshqarmasi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorligida tashkil etildi.

Ta’kidlanganidek, inson huquqlari sohasidagi ta’lim yoshlarni xalqaro hamjihatlik, hamkorlik, totuvlik va inson huquqlari hamda asosiy erkinliklariga hurmat, mas’uliyat ruhida tarbiyalash, inson huquqlarini himoyalash va kafolatlash, inson huquqlari umumiy madaniyatini taraqqiy toptirishda muhim ahamiyatga egaligini inobatga olgan holda, yosh avlod orasida inson qadr-qimmati tengligini rag‘batlantirishga qaratilgan ta’lim dasturlari va tadbirlarini o‘tkazish dolzarblik kasb etadi.

Vebinarni o‘tkazishdan maqsad talabalarni inson huquqlarini himoya qilishning universal va mintaqaviy mexanizmlari, inson huquqlari sohasidagi dolzarb muammolari va ularni yechish yo‘llaridan xabardor qilish, inson huquqlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, inson huquqlari madaniyatini tarbiyalash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari holatidan xabardor qilish bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasida demokratik huquqiy davlat barpo etish ko‘p jihatdan fuqarolik-huquqiy ta’lim darajasiga bog‘liq. BMT tomonidan ilgari surilgan “ta’lim demokratiya asosi” formulasi maktab, oliy ta’lim muassasalari va o‘qituvchining mazkur vazifani bajarishdagi alohida o‘rnidan dalolat beradi. Jamiyat taraqqiyotida yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, shuningdek, ta’lim-tarbiya jarayoni rahbari – o‘qituvchi, murabbiyning tayyorgarlik darajasi ham katta ahamiyatga ega. Shunga ko‘ra, vebinar ishtirokchilari kadrlar tayyorlashning mukammal tizimini shakllantirish, inson huquqlari bo‘yicha ta’limning xalqaro standartlarini samarali bajarish va inson huquq va erkinliklariga rioya etilishini ta’minlash masalalariga qiziqish bildirdilar.

Interaktiv muloqot ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasining inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishdagi fidoiyligi, fuqarolar, jamiyat va davlat tomonidan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va milliy qonunchilikda e’tirof etilgan prinsip va qadriyatlariga bildirilayotgan qiziqishni ta’kidlab o‘tdilar. Buning isboti sifatida esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 70 yilligiga bag‘ishlangan Tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi Farmonining qabul qilinishini keltirish mumkin.

Shu bilan bir qatorda, ishtirokchilar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganidan ancha vaqt o‘tgan bo‘lsada, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyil va me’yorlarining buzilishi hamon dolzarbliligicha qolganini aytib o‘tdilar.

Vebinar davomida, shuningdek, O‘zbekistonning inson huquq va erkinliklari sohasidagi xalqaro hamkorlik aloqalarini mavjud muammolarning ochiq va konstruktiv muhokamasi tamoyillariga, inson huquqlari xalqaro standartlari implementatsiyasi bo‘yicha ilg‘or tajriba almashinuviga, bundan tashqari, BMTning nizomiy va shartnomaviy organlari, inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachilar, xalqaro tashkilotlar, jumladan, yevropa Ittifoqi, yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro va xorijiy tuzilmalar bilan hamkorlikni kengaytirish asosida chuqurlashtirish lozimligi ham ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi dunyoda yoshlar huquqi targ‘ibotida faol ishtirok etib kelmoqda, xususan, mamlakat globallashuv sharoitida yoshlarga oid siyosatni amalga oshirishga yo‘naltirilgan Yoshlar huquqi to‘g‘risidagi BMT Konvensiyasini tayyorlash, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining asosiy maqsadlaridan biri bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni mustahkamlashga bosh qo‘shish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilar huquqlari himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaslikka qaratilgan “Ma’rifat va bag‘rikenglik” maxsus rezolyusiyasini ishlab chiqishning tashabbuskori bo‘ldi.

Ishtirokchilar O‘zbekistonning inson huquq va erkinliklari sohasidagi xalqaro majburiyatlari ijrosi masalalariga ham alohida e’tibor qaratdilar. Mazkur tizimning muhim tarkibiy qismi milliy ma’ruzalarni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan BMT ustav va shartnomaviy organlari tavsiyalarini bajarishga yo‘naltirilgan harakatlar milliy rejalarini tayyorlash va qabul qilishdan iborat.

Talabalar Birlashgan millatlar tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining inson huquq va erkinliklari xalqaro standartlarini amalga oshirishda mamlakatlarga metodik va texnik yordam ko‘rsatish yuzasidan rejalari bilan ham qiziqishdi.

Ulashish:

Kalit so‘zlar: Iqtisodiyot, Logistika, Mehnat

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php