YANGILIKLAR

O‘zbekistonda marketing va reklama sohasidagi eng katta tadbir bu – ADWEEK marketing va reklama haftaligi hisoblanadi. Ilk marotaba 2016 yilda tashkil etilgan mazkur haftalik marketing va reklamaga befarq bo‘lmagan mutaxassislar uchun muhim voqyea bo‘lib qoldi. Ushbu haftalik bugungi kunda marketing va reklamaga oid ko‘rik-tanlovi, yarmarka hamda konferensiyalarni o‘z ichiga qamrab olmoqda. ADWEEK bu – professional muloqot, zamonaviy marketing va reklama texnologiyalaridagi yutuqlar ko‘rgazmasi va bilimlar hamda amaliy tajriba almashinuvidir.

Toshkentda 2018-yilning 26-fevral – 2-mart kunlari Marketing va reklama haftaligi deb e’lon qilingani barchamizga ma’lum. Mazkur haftalik bir nechta yirik tadbirlarni qamrab olib, ulardan biri 27-fevral, seshanba kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Milliy marketing markazi bilan hamkorlikda “Innovatsion g‘oyalar, texnologiya va loyihalar” ko‘rik-tanlovi hamda mahorat darslari ketma-ketligidan iborat keng miqyosli Innovatsion yarmarka bo‘lib o‘tdi.

Ilk marotaba Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Milliy marketing markazi bilan hamkorlikda ADWEEK marketing va reklama haftaligi doirasida “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” hamda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”ga bag‘ishlangan “Innovatsion g‘oyalar, texnologiya va loyihalar” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi. Ko‘rik-tanlovi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi shafeliklari ostida tashkil etildi.

Mazkur tadbirda xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallari va mahalliy OTM talabalarining iqtidorlarini namoyon etish, ular tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion ishlanmalarni munosib baholash, sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda ularni moddiy-ma’naviy rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan edi. “Innovatsion g‘oyalar, texnologiya va loyihalar” ko‘rik-tanlovida TDIUdan tashqari Toshkent shahrining 12 ta OO‘Yudan iqtidorli talaba-yoshlar o‘z innovatsion g‘oya va ishlanmalari bilan ishtirok etishdi.

Ko‘rik-tanlov ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismda talaba-yoshlar tomonidan yaratilgan innovatsion loyiha taqdimotlarini eshitish, ularni baholash va g‘oliblarni taqdirlashga bag‘ishlandi. Talabalar tomonidan taqdim etilgan innovatsion loyihalar, ishlanmalar, texnika-texnologiyalar va g‘oyalarni taqdim etish shakli: taqdimot va turli xildagi ishlanmalar, texnika-texnologiyalar va moddiy ko‘rinishda amalga oshirildi.

Taqdimotda innovatsion loyihaning mavzusi, loyiha muallifi-talabaning familiyasi, ismi va sharifi, loyihaning maqsadi, loyihaning bugungi kundagi ahamiyati, imkoniyatlari, xorijiy mamlakatlar va mahalliy iqtisodiyotda analogining mavjudligi va ulardan farqli jihatlari, hayotga tatbiq etish mexanizmi, uning samaradorligi, unumdorligi hamda natijadorligi, aniq hisob-kitoblari, yakuniy xulosa kabi boshqa zaruriy slaydlar bo‘lishi talab etildi. Texnika va texnologiyalar bo‘yicha tanlovda ishtirok etayotgan talabalardan buyumlashgan ko‘rinishda yaratgan texnika-texnologiya va ishlanmani taqdim etish talab etildi.

Loyiha taqdimotida uchta nominatsiya: “Eng yaxshi innovatsion biznes g‘oya va loyihalar”, “Eng yaxshi innovatsion AKT va ishlanmalar” hamda “Eng yaxshi innovatsion texnika va texnologiyalar” bo‘yicha tanlovda ishtirok etadigan yoshlarning ishlanmalarini baholash uchun yo‘nalishlar kesimida professor-o‘qituvchilar, amaliyotchi-mutaxassislardan tarkib topgan ekspertlar guruhi tuzildi. Uch guruhdan iborat ekspertlar uchta nominatsiya bo‘yicha taqdim etilgan ishlanmalarni baholab, g‘oliblarni aniqladilar va ularga 1-,2-, 3- darajali diplomlar va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Tadbirning ikkinchi qismida respublikaning nufuzli va muvaffaqiyatga erishgan, yirik investitsion loyihalarni amalga oshirib kelayotan biznes vakillari – Murod Nazarov «Murad Buildings» kompaniyasining asoschisi, kompaniya direktori, Zafar Xoshimov «Korzinka.uz» komaniyasining asoschisi, kompaniya direktori, Dilshod Azimov O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, bo‘lim boshlig‘i, Akmal Fayziev «My Taxi» kompaniyasi asoschisi, kompaniya direktori, Vecheslav Kan «torg.uz»ni tashkil qilgan tadbirkorlarning “mahorat dars”lari tashkil etildi.

 

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, texnologiyalarga bo‘lgan insonlarning ehtiyoji shiddat bilan o‘sib bormoqda. Iqtisodiyotning globallashuvi sharoitida ilm-fan va innovatsiyalarda ortda qolib ketmaslik uchun zamon bilan qadam ba qadam borishlik talab etiladi. Buning uchun esa, ichki imkoniyatlarni ishga solgan holda, iqtidorli va kreativ mushohada qiladigan talaba-yoshlarni kashf etish mexanizmini takomillashtirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shularni e’tiborga olib TDIU da tashkil etilgan “Innovatsion g‘oyalar, texnologiya va loyihalar”ga bag‘ishlangan ko‘rgazma – bu barcha OO‘Yu ishtirokchilari uchun o‘zlarining innovatsion biznes g‘oyalari, loyihalari va ishlanmalari hamda uning samarasi uchun yangi g‘oyalar, original yechimlar manbasi va muloqat maydonchasi bo‘lib xizmat qildi desak, ayni xaqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Ulashish:

Kalit so‘zlar: Iqtisodiyot, Logistika, Mehnat

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php