Ilm-fan ortidan qadr topgan olima bilan uchrashuv

Bugun, 9-mart kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida iste’dodli yosh olima, AQShning nufuzli Kolumbiya universiteti professori Aziza Shonazarova bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda universitet rektori Kongratbay Sharipov, Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Olimjon To‘ychiyev va boshqalar so‘zga chiqib, ilm olamida dunyoni zabt etgan o‘zbek olimasi erishgan yuksak yutuq barcha yurtdoshlarimiz qalbiga faxr-iftixor tuyg‘ularini baxsh etganini aytib o‘tdilar. Mazkur uchrashuv yoshlarning ilm-fanga mehrini oshirish, ularni yuqori marralarni egallashlariga rag‘bat uyg‘otishga xizmat qilishini ta’kidlashdi.

Shundan so‘ng, Aziza Shonazarova o‘zi erishgan daraja va unga eltuvchi yo‘l, hayoti, oiladigan tarbiyaning ilm-fan sirlarini o‘rganishdagi ahamiyati haqida yig‘ilganlarga gapirib berdi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berib o‘tdi.

Poytaxtimizning Qoraqamish dahasida voyaga yetib, Toshkent sharqshunoslik institutida, keyinchalik Polsha va AQShdagi mashhur universitetlarda ta’lim olgan Azizaxon 32 yoshida tarix va dinshunoslik yo‘nalishida fan doktori bo‘lgani, 500 ta talabgor orasida konkursda g‘olib chiqib, ana shunday yuksak ilmiy darajaga erishgani olqishga sazovordir.

Uning ilmiy ishi so‘fizm, gender tarixi va ayollarning Markaziy Osiyo tarixida tutgan o‘rni bo‘lib, shu mavzuda bir necha yillardan beri izlanish olib bormoqda. Hozirda AQShda joylashgan Pittsburg Universitetining Islomda gender va ayollar masalasi bo‘yicha postdoktorantura izlanuvchisi. Pittsburg universitetida bahorgi semestrda dars berishni tugatishi bilan, Oksford universitetiga boradi. U yerda ma’ruzalar berish bilan bir qatorda, 2020 yilda BRILL nashriyotida birinchi kitobi ustida ishni davom ettiradi.

Aziza ilmiy ish bilan birga chet ellik talabalarga dars beradi. Dastlab Indiana universitetida dars berish faoliyatini boshlagan, keyin Stanford universitetida lektor darajasida o‘z faoliyatini davom ettirdi. Dunyoning eng qadimgi universitetlaridan biri hisoblangan Oksford universitetining Islomshunoslik markazining ilmiy tadqiqotchisi hisoblanib, u yerda ham ma’ruzalar o‘qiydi. 

AQSh, yevropa va Osiyo mamlakatlaridagi bir qancha yetakchi universitetlari va ilmiy markazlari bilan ilmiy hamkorlikni davom ettirib kelmoqda. Shu jumladan, Manchester universiteti, Varshava universiteti, Ogayo universiteti, Illinoys universiteti, Stenford universiteti, Sorbonna universiteti, Bonn universiteti, Pekin universiteti va AUCA (Bishkek)ni sanab o‘tish mumkin.   

Aziza Shanazarova Markaziy Osiyodagi so‘fi ayollarning yirik vakilasi bo‘lgan Hazrat og‘oyi buzurg (Hazrat Qizbibi) va Hofiz Basirning unga bag‘ishlab yozgan “Mazhar al-Ajoyib” asarining chop etish ustida ish olib bormoqda.

Tadbir so‘ngida Aziza Shonazarova, mamlakatimizning va universitetning ilm-fan sohasidagi bir guruh olimalariga bayram munosabati bilan anvoyi gullar taqdim etildi.

 

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php