Ilm-ma’rifat har bir insonni ulug‘laydi

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan o‘qishdagi muvaffaqiyatlari hamda ta’lim, fan, adabiyot, san’at, sport sohalarida erishgan alohida yutuqlari uchun 28 nafar iqtidorli qizlar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Quvonarlisi, ular orasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Korporativ boshqaruv fakultetining 4-bosqichida tahsil olayotgan Dilafro‘z Azimova ham bor.

Shu munosabat bilan Dilafro‘z Azimovani tabriklash tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Kongratbay Sharipov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodir Jumaev, universitet faollari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

So‘z olganlar, D. Azimovani ushbu muvaffaqiyat bilan samimiy muborakbod etib, kelgusi faoliyatida yangi zafarlar tilashdi. Voyaga yetkazgan ota-onasi, tarbiya bergan ustozlariga rahmatlar aytishdi.

— Ilm-ma’rifatga va o‘z iste’dodini namoyon etishga bo‘lgan intilish har bir insonni ulug‘laydi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodir Jumaev. — O‘ylaymizki, Dilafro‘z kabi yoshlarimiz o‘z tengdoshlariga namuna ko‘rsatadi. Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga kamarbasta bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Dilafruz Azimova sportning tennis turi bo‘yicha 4 karra xalqaro gran-pri va O‘zbekiston kubogi sohibasi, «Barkamaol avlod sport o‘yinlari — 2014» g‘olibi, 8 karra O‘zbekiston chempioni, stol tennisi bo‘yicha sport ustasi hisoblanadi. U 2016 yilda «O‘zbekiston Mustaqilligiga 25 yil» esdalik nishoni bilan taqdirlangan.

 

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php