Yoshlar kelajagiga tahdid soluvchi illatlar xususida suhbat

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Ekstremizm va terrorizm – yoshlar kelajagiga tahdid” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda “Katta Qozirabot” masjidi imom-xatibi Abdukahhor Yunusov professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Ta’kidlandiki, O‘zbekiston azaldan turli millatga mansub, turli dinlarga e’tiqod qiluvchi xalqlar tinch-totuv yashagan o‘lka bo‘lib kelgan. Ajdodlarimiz boshqa din vakillariga doimo hurmat bilan munosabatda bo‘lgani, Vatan taraqqiyoti yo‘lida yelkadosh bo‘lib mehnat qilgani tarixiy manbalarda ko‘p qayd etilgan. Qaerdaki, hukumat, xalq manfaatlari bilan hisoblashmayotgan, xalqning qalbiga quloq solmayotgan bo‘lsa, o‘sha joyda janjallar, birodarkushliklar ro‘y bermoqda. Minglab begunoh insonlar qurbon bo‘lmoqda. Bunday og‘ir jinoyatlarga asosiy sabab – ma’naviy qashshoqlikdir.

Tadbirda so‘zga chiqqan imom-xatib Abdukahhor Yunusov ijtimoiy tarmoqlarda savodsiz insonlar tomonidan diniy terminlar, so‘zlar, fikrlarni xijrat, xijob, soqol o‘stirish, jihot qilish, mahram-nomahram, taloq berish, xudkushlik, mas’habni ilgari surish, fatvo berish kabi bir qanchasi noto‘g‘ri talqin etilayotganini aytib, asosli ma’lumotlarni misollar bilan keltirib o‘tdi. Ishtirokchilarga diniy bilimlarini oshirish, ko‘proq ma’lumot olish, o‘z bilganiga yanada aniqlik kiritishi uchun rasmiy – qo‘mita, idora, tashkilotlar, muassasalar hamda rasmiy ruxsat etilgan adabiyotlar, manbalar, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar: telegramm sahifalari haqida ham ma’lumot berildi.

Ayni kunlarda Samarqand shahrida “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilayotganini ta’kidlab, sof islom taraqqiy etishida dunyo bugungacha hali-hanuz e’tirof etayotgan olimlarni, dinpeshvolarini ulg‘aytirgan zamin farzandi, yoshlari sifatida dinni niqob qilgan va boshqa ko‘rinishdagi turli yot illatlar hamda vayronkor tahdidlarga chalg‘imay, Vatatanparvarlik tuyg‘usi bilan ona yurtimiz taraqqiyotini, nufuzini yanada yuksaklarga ko‘tarish, milliy yuksalish g‘oyasi bilan yashash kerakligiga yig‘ilganlarni chorladi.

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.

 

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php