Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari haqida atroflicha ma’lumot berildi

Bugun, 3-mart kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Moliya vazirligi mutasaddi vakillari, Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirokida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Moliya vazirligi Buxgalteriya hisobi va audit uslubiyati boshqarmasi boshlig‘i Xudoybergan Ortiqov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha-chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati ochib berildi. Shuningdek, u o‘z so‘zida moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tishni jadallashtirish orqali xorijiy investorlarni zarur axborot muhiti bilan ta’minlash va xalqaro moliya bozorlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, hisob va audit sohalari mutaxassislarini xalqaro standartlar bo‘yicha tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadlari haqida ma’lumotlar berib o‘tdi.

Qarorga ko‘ra, moliyaviy hisobotni ixtiyoriy ravishda MHXSga muvofiq tayyorlaydigan tadbirkorlar buxgalteriya hisobining milliy standartlari bo‘yicha moliyaviy hisobot taqdim etishdan ozod etiladi.

Aksiyadorlik jamiyatlari, tijorat banklari, sug‘urta tashkilotlari va yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar 2021 yil 1 yanvardan boshlab, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) asosida buxgalteriya hisobi yuritilishini tashkil etadi. 2021 yil yakunlaridan boshlab moliyaviy hisobotni MHXS asosida tayyorlaydi. 2021 yil yakuniga qadar «MHXS bo‘yicha moliyaviy hisobot» fanini muvaffaqiyatli topshirganligi to‘g‘risidagi hujjatga yoki xalqaro buxgalter sertifikatiga ega kamida 3 ta buxgalteriya xizmati xodimlari faoliyatini ta’minlaydi.

Shuningdek, 2021 yildan boshlab, MHXS va auditning xalqaro standartlari bo‘yicha o‘qitish faqat buxgalteriya hisobi sohasidagi xalqaro tashkilotning akkreditatsiyasidan o‘tgan o‘quv markazlari tomonidan amalga oshiriladi.

Xalqaro buxgalter sertifikatiga ega bo‘lgan talabgorlar oliy ta’lim muassasalari magistraturasining «Buxgalteriya hisobi» va «Audit» mutaxassisliklariga kirish imtihonlarini topshirmasdan to‘lov-kontrakt asosida kirish huquqiga ega bo‘ldi.

Tadbir yakunida mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha ma’lumot berib o‘tildi.

 

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php