“C7 – Jahon iqtisodiyoti va biznes” mavzusida xalqaro talabalar konferensiyasi o‘z ishini boshladi

Bugun, 28-fevral kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Magistratura bosqichi talabalari tashabbusi bilan “C7 – Jahon iqtisodiyoti va biznes” mavzusida xalqaro talabalar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Anjuman Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi va BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamorlikda tashkil etilgan bo‘lib, unda BMTning Ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi, Jahon banki, Jahon savdo tashkiloti, Yevropa ittifoqi va shu kabi jami 7 ta tashkilotlar vakillari, Indoneziya, Hindiston, Pokiston, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Respublikamizning barcha viloyatlaridan umumiy soni 550 nafardan ortiq iqtidorli iqtisodchi-yoshlar ishtirok etdi.

“C7 – Jahon iqtisodiyoti va biznes” xalqaro anjumani iqtisodchilar, iqtidorli yoshlar va tadbirkorlarni bir platformada jamlaydi va dunyodagi global ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga yoshlarning o‘z bilim va salohiyatlaridan kelib chiqib yechimlarni taqdim qilishlari uchun imkoniyat yaratadi. Mazkur anjumanda muvaffaqiyatga erishgan 25 nafar yosh iqtisodchilar keyingi bosqichda tashkil etiladigan “Respublika yosh analitiklar klubi” a’zolariga aylanadilar. Mazkur klub Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bazasida tashkil etilib, unda 10 dan ortiq mahalliy va xalqaro universitetlarning iqtisod yo‘nalishida eng iqtidorli talabalari tanlov asosida tanlab olinib, klub a’zoligiga qabul qilinadi.

Yosh tahlilchilar klubi a’zolari O‘zbekistonda jahonda sodir bo‘layotgan iqtisodiy o‘zgarishlarni tahlil qilib boradi va mustaqil ilmiy izlanishlar olib borish bilan shug‘ullanadi.

Anjuman World Trade Organization, Shanghai Cooperation Organization, World Bank, European Union, UN ECOSOC va UNWTO kabi dunyodagi yirik integratsion iqtisodiy tashkilotlar hamda hukumatlararo tashkilotlar simulyasiyasiga asoslangan. Ya’ni, anjumanda yuqorida ko‘rsatilgan tashkilotlarning majlislarini simulyasiya qilish orqali, ishtirokchi delegatlar mazkur xalqaro tashkilotlar kun tartibiga qo‘yilgan mavzular – ijtimoiy muammolarga boshqa ishtirokchilar bilan turli bahs-munozaralarga kirishish orqali umumiy yechimlar topishlari va konferensiya so‘ngida xalqaro rezolyusiya yoki direktiva yozishlari lozim bo‘ladi.

Anjuman bugungi kunda jahon iqtisodiyotida yetakchi vazifani bajarib kelayotgan 7 ta xalqaro tashkilot simulyasiyasi tashkillashtirilgani sababli “C7 – Jahon iqtisodiyoti va biznes” nomini oldi.

Mazkur loyihaning maqsadi dunyoning eng yirik integratsion iqtisodiy tashkilotlar simulyasiyasini tashkillashtirish orqali yoshlarni mazkur tashkilotlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirib, bugungi global iqtisodiy va ijtimoiy muammolarga ilmiy asoslangan va kreativ yechimlar taqdim qilishdan iborat. Shuningdek, mazkur xalqaro anjuman orqali O‘zbekistonning barcha hududlaridan yosh iqtisodchi talabalarni bir platforma atrofida jamlab, konferensiya jarayonida “Peer to peer”, ya’ni “Yoshlar yoshlarga” tamoyili asosida yoshlarning iqtisodiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda o‘zaro almashinuvini ta’minlashga qaratilgan.

 

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php