Oliy ta’lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish: muammo va ta’sirchan choralar

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Oliy Majlis Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan “Oliy ta’lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish: muammo va ta’sirchan choralar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Qo‘mita a’zolari, mutasaddi vazirliklar, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Anjumanda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, uning sifati va samaradorligini oshirish, oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayonining shaffofligini ta’minlash borasida muayyan ishlar olib borilmoqda. So‘nggi uch yilda oliy ta’lim sohasiga oid 200 dan ortiq qonun hujjatlarining qabul qilinganligi, 6 ta oliy ta’lim muassasasi, 17 ta filial va 14 ta xorijiy oliy o‘quv yurtlarining yangidan tashkil etilganligi, buning natijasida yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 20 foizga oshganligi sohaga bo‘lgan e’tiborni ko‘rsatmoqda.

Zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Uning doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish, ushbu illatning har qanday ko‘rinishiga barham berish, oliy ta’lim muassasalarida tajribali, halol, pok vijdonli, mas’uliyatli professor-o‘qituvchi va xodimlar safini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davra suhbatida oliy ta’lim muassasalarining jamiyat oldidagi hisobdorligi va ta’lim sifatini ta’minlashdagi mas’uliyatini oshirish, professor-o‘qituvchilar bilan talabalar o‘rtasidagi byurokratik unsurlarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi. So‘nggi ikki yilda tizimdagi 326 nafar xodim ta’lim jarayoni bilan bog‘liq jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilganligi, ularning 3 nafari rektor, 5 nafari prorektor, 15 nafari dekan va dekan o‘rinbosari hamda 62 nafari o‘qituvchi ekanligi tadbir ishtirokchilarining jiddiy muhokamasiga sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan 2018-yil 1-sentyabrdan boshlab, xorijiy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda talabalarni o‘qitish va ikki tomonlama tan olinadigan diplom berish amaliyoti joriy etilganligiga qaramasdan, ushbu jarayonda ham turli suiste’molchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganligi keskin tanqid qilindi.

 Tadbir davomida talabani o‘qishga qabul qilishdan boshlab, to diplom olishga qadar bo‘lgan har bir bosqichda kuzatilayotgan korrupsiya holatlari batafsil muhokama qilindi.

Davra suhbati doirasida oliy ta’lim sohasida «Korrupsiyasiz soha» loyihasini izchil davom ettirishga, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga barham berishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php