Raqamli iqtisodiyot: yangi O‘zbekistonni yangi texnologiyalar, platformalar va biznes modellari orqali rivojlantirishning yangi bosqichi

Bugun, 26-fevral kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Tadqiqot.uz, Toshkent moliya instituti va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti hamkorligida “Raqamli iqtisodiyot: yangi O‘zbekistonni yangi texnologiyalar, platformalar va biznes modellari orqali rivojlantirishning yangi bosqichi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman mamlakatimizda ilm-fanni yanada rivojlantirish hamda O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot texnologiyalari, platformalari va biznes modellarini qo‘llash bo‘yicha talaba-yoshlarning chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlarini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Ta’kidlandiki, bugungi kunda O‘zbekiston sharoitida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning qonuniyatlari, tendensiyalari va imkoniyatlari, xususan, zamonaviy axborot texnologiyalarini iqtisodiyotning turli sohalariga kirib borish darajalarini ilmiy asosda o‘rganish nihoyatda dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Vatanimiz taraqqiyoti va istiqboli, mamlakatimizda keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati milliy iqtisodiyotimizga yangi innovatsiyalarni joriy etishga bevosita bog‘liqdir. Shu sababli raqamli iqtisodiyotni takomillashtirish, uning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va huquqiy asoslarini ilmiy-amaliy jihatdan tadqiq etish muhim ahamiyatga ega.

Milliy iqtisodiyotning raqamli sektorini rivojlantirish masalasi O‘zbekistonda davlat darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, bu borada keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, elektron hujjat aylanishi tizimlari joriy etilmoqda, elektron to‘lovlar rivojlantirilmoqda va elektron tijorat sohasida yaratilgan normativ-huquqiy baza takomillashtirilmoqda. Shu bilan birga, axborot-texnologik platformalarda faoliyat yuritayotgan raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanmoqda. Bu esa shunday platformalarning yangi modellarini yaratish zaruratini taqozo etmoqda.

Anjuman ishida mamlaktimiz Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda tegishli farmon va qarorlarda belgilab berilgan dolzarb vazifalarning ilmiy-amaliy jihatlarini muhokama qilish asosida tegishli xulosalar va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Konferensiyada “Elektron hukumat: ochiq-oshkoralik va ishonchlilik garovi”, “Bank va moliya tizimida raqamli texnologiyalardan foydalanishning innovatsion yondashuvlari”, “Elektron soliq xizmatlari va elektron imzo”, “Ta’limda raqamli tizimlarni qo‘llashning zamonaviy imkoniyatlari”, “Raqamli iqtisodiyotda blokcheyn va mayning texnologiyalari”, “Raqamli iqtisodiyot: xorijiy mamlakatlar tajribasi” kabi ma’ruzalar keng muhokama qilindi.

Konferensiyada mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni shakllantirish va uning axborot xavfsizligini ta’minlash bilan shug‘ullanuvchi davlat boshqaruvi organlari, sohada faoliyat olib borayotgan mutasaddi tashkilotlarning rahbar va mutaxassislari, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va ilmiy tadqiqotchilari, shuningdek xorijiy mamlakatlar universitetlarining vakillari ishtirok etdi. Jumladan, Afg‘onistonning Reshad universiteti rektori, Nigeriyaning milliy ochiq universiteti va Telavi davlat universiteti professorlari Web-net orqali, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi, Toshkent moliya instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti hamda ilmiy tadqiqot institutlari vakillari konferensiya ishida hamkor sifatida ishtirok etib, uni yuqori saviyada tashkil etishga munosib hissa qo‘shdilar.

 

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php