O‘zbekistonda 1 million dasturchi tayyorlashning yangi yo‘nalishlari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida joriy yilga “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nom berildi va joriy yilda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha tub burilish qilish hamda mazkur soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida xorijiy hamkorlarimiz bilan birgalikda “1 million dasturchi” loyihasini amalga oshirish kabi muhim vazifalar belgilab berildi.

Mazkur vazifalarni samarali hal etish, mamlakatimizda ilm-fanni yanada rivojlantirish hamda raqamli iqtisodiyotni shakllantirishda talaba-yoshlarimizni chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlarini ta’minlash juda muhim hisoblanadi.

Bugungi kunda raqamli iqtisodiyot butun dunyo mamlakatlari iqtisodiyotining qiyofasi va tuzilishini o‘zgartirmoqda. Ushbu jarayonda ba’zi kasblar qisqarmoqda, boshqalari esa paydo bo‘lmoqda. Bundan tashqari raqamli iqtisodiyotga o‘tish aholining xarid qobiliyatini, tovar va xizmatlardan foydalanish imkoniyatini oshirmoqda. Ichki tarmoqlararo raqobat kuchaymoqda, bozorlar kengaymoqda, ayrim mamlakatlarda tarmoqlarning raqobatbardoshligi oshmoqda, bu esa dunyo bozorining rivojlanishiga sabab bo‘lmoqda. Natijada, raqamli iqtisodiyotning texnologiyalarini faol ravishda qo‘llayotgan yirik kompaniya va tashkilotlar juda yuqori o‘sish samaradorligiga erishmoqda.

McKinseyning so‘zlariga ko‘ra Rossiya Federatsiyasi iqtisodiyotini raqamlashtirishning potensial iqtisodiy samarasi yalpi ichki mahsulotni 2025 yilga qadar 4-8,9 trln. rublga oshiradi.

Bundan tashqari 2025 yilga kelib dunyoda raqamli iqtisodiyotning ulushi 23 trln. AQSh dollariga yetadi. Uning jahon YaIMdagi ulushi hozirgi 17,1 foizdan 24,3 foizga o‘sadi, bulutli texnologiyalardan foydalanuvchi korxonalar soni 58 %ga, sun’iy intellekt – 86 %, raqamli katta hajmdagi ma’lumotlar – 80 %ga oshadi. Tarmoq standartlari: 5G standartidagi uyali tarmoqlarning ma’lumot almashish tezligi 20 Gbit/s ga yetadi, bu 4G standart tarmoqlaridan 4 barobarga yuqori ko‘rsatkichga ega.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, “Raqamli iqtisodiyot”ni shakllantirish kerakli infratuzilma, ko‘p mablag‘ va mehnat resurslarini talab etishini juda yaxshi bilamiz. Biroq, qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu ishga bugun kirishmasak, qachon kirishamiz?! Ertaga juda kech bo‘ladi. Shu bois, “Raqamli iqtisodiyot”ga faol o‘tish – kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘ladi. Bunda 1 mln. zamonaviy dasturchi-kadrlarni respublikamizning oliy ta’lim muassasalari (xorijiy yetuk mutaxassislarni jalb etgan holda) tayyorlashlari zarur. Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi.

Raqamli iqtisodiyotning quyidagi 14 ta kompleks innovatsion texnologiyalari mavjud:

Katta xajmli ma’lumotlar bilan ishlash texnologiyalari – BIG DATA;

Sun’iy intellekt –Artificial Intellect;

Neyrotexnologiyalar;

Kvant texnologiyalari;

Buyumlar interneti – Internet of Things;

Robototexnika va sensorika;

Rakamli elektron platformalar;

Bulutli texnologiyalar – Cloud Technologies;

Mobil texnologiyalar;

Virtual va qo‘shimcha reallik texnologiyalari (VR, AR);

Kraudsorsing va kraudfonding texnologiyalari;

Blokcheyn texnologiyalari;

Kriptovalyutalar va ICO texnologiyalari;

3D-texnologiyalar.

Mazkur texnologilarni samarali ishlatabilishni o‘rgatish uchun oliy ta’lim muassasalari o‘z mutaxassisliklarini 60 %ga yangilashi zarur. Xususan, raqamli iktisodiyotga to‘laqonli ravishda o‘tish uchun mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida quyidagi 26 ta yo‘nalishlarda zamonaviy mutaxassislar tayyorlashni (ayniqsa, 1 mln. dasturchilarni) yo‘lga qo‘yish zarur:

  1. Yuqori darajadagi dasturlash tillarida ishlay oladigan dasturchilar;
  2. Elektron platformalar va ekotizimlar bo‘yicha mutaxassislar;
  3. AR (qo‘shimcha reallik) va VR (virtual reallik) bo‘yicha mutaxassislar;
  4. Moliyaviy texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar;
  5. Digital Banking mutaxassislari;
  6. Ijtimoiy tarmoqlarda ishlash bo‘yicha mutaxassislar;
  7. Bilimlar bazalari bo‘yicha mutaxassislar;
  8. Ma’lumotlar xavfsizligi bo‘yicha muhandislar;
  9. Turli xil sohalardagi raqamli transformatsiya bo‘yicha mutaxassislar;
  10. Bulutli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar;
  11. Masofaviy ta’lim bo‘yicha mutaxassislar;
  12. Ma’lumotlar bazalari administratorlari;
  13. Raqamli logistika bo‘yicha mutaxassislar;
  14. Raqamli fazodagi marketologlar;
  15. Aqlli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar;
  16. Big Data bo‘yicha mutaxassislar;
  17. Digital Analitika bo‘yicha mutaxassislar;
  18. Buyumlar internetining arxitektori;
  19. Taqsimlangan ma’lumotlar bazalari bo‘yicha mutahassislar;
  20. Virtual muhit dizaynerlari – VR-arxitektorlar;
  21. Ovozli interfeyslar dizayneri;
  22. Buyumlar interneti interfeysi dizaynerlari;
  23. Robototexnika injenerlari;
  24. Ma’lumotlar bilan ishlaydigan mutaxassislar;
  25. Informatsion texnologiyalar bo‘yicha yuristlar;
  26. Komp’yuter lingvistikasi bo‘yicha mutaxassislar.

1 mln dasturchi tayyorlash uchun ta’limda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan islohotlar.

Singapur tajribasi: Singapur “Iqtisodiy mo‘jizasi” muallifi Li Kuan Yudan “Qanday kilib mittigina davlatda mo‘jiza yarata oldingiz?” deb so‘rashganida, u shunday javob bergan ekan: “Davlat byudjetini ta’limga yo‘naltirdim. Muallimni eng quyi tabaqadan Singapurdagi eng yuqori martabaga ko‘tardim. Davlatdagi eng katta mo‘jizalarni qilgan insonlar – bu muallimlardir. Ular ilm, ahloq, mehnat va haqiqatni sevadigan kamtar avlodni yetishtirib berdilar. Buning uchun ulardan minnatdormiz”.

Singapur tajribasini O‘zbekistonda amalga oshirish islohotlari:

maktablarda matematikaga qobiliyati yuqori bo‘lgan o‘quvchilarni  ajratib olish (1-4 sinflar);

qobiliyatni rivojlantirish modelini joriy etish;

turli xil tanlovlarni o‘tkazib qobiliyati bor o‘quvchilarni rag‘batlantirish (masalan, sportchilarga o‘xshab);

dasturchi tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarida grant asosida o‘qishga qabul qilishni ko‘paytirish;

barcha dasturchilarni dunyodagi yangi dasturlarni o‘zida mujassam etgan komyuterlar (Noutbuklar) bilan ta’minlash;

Prezident maktablarini dasturchilar tayyorlashga yo‘naltirish;

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti  va Toshkent shahridagi INHA universitetlarining filiallari va fakultetlarini viloyatlarda ko‘paytirish va mazkur oliy ta’lim muassasalarida grant bo‘yicha qabul kvotalarini shuningdek, professor-o‘qituvchilarning ish xaqini va talabalarning stipendiyalarini keskin oshirish;

o‘quv jarayonida korrupsiyani oldini olish maqsadida oraliq va yakuniy nazoratlarni 2 kursdan boshlab abiturientlar qabul sinovini o‘tkazuvchi test markazida o‘tkazish (Qozog‘iston tajribasi), yoki yevropa Ittifoqi (yeI) tajribasiga muvofiq barcha imtihonlarni yozma ravishda olib, shifrlab boshqa OTMlarga bir oy ichida sinchiklab tekshirishga yuborish (masalan Toshkent shahridagi Singapur va Vestminstr universitetlari);

yakuniy natijalar bo‘yicha talaba va professor-o‘qituvchilarning foaliyatini tahlil qilish va tegishli choralar ko‘rish;

o‘quv dasturlarini  va darsliklarni yaratishda AQSh  va yeIning eng yangi dasturlaridan  foydalanish;

talabalar, magistrantlar va tadqiqotchilarni  Amazon, Apple, Alibaba, IBM va boshqa gigant kompaniyalarni tahlil qilishga yo‘naltirish va mazkur kompaniyalarda ishlashga tayyorlash;

tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchilarga raqamli iqtisodiyotning 15 ta texnologiyasini O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha dissertatsiya ishi mavzularini biriktirish va ularga yetarlicha sharoit yaratib berish;

tadqiqotchilarning dissertatsiya ishlari mavzusining boblari va paragraflarini magistratura va bakalavriat bosqichi talabalariga kurs ishi sifatida biriktirish;

“Zamonaviy dasturlash ochiq universitetlari”ni tashkil etib, 6 oylik va 1 yillik qisqa kurslarda masofadan dasturchilar tayyorlash (Xindiston va Xitoy tajribasi);

dasturchilarni uchta kategoriyaga bo‘lib tayyorlash maqsadga muvofiq hisoblanadi:

1) ilmiy izlanuvchi  va yangi dastur yaratuvchilar;

2) barcha tarmoq va sohalarda mavjud  bo‘lgan  raqamli iqtisodiyot texnologiyalarini  va internet tizimlarning ishini yurituvchilar;

3) iste’molchilarni raqamli savodxonligini oshiruvchilar.

ta’limda  xarajatlarni  “faol” va “passiv”ga bo‘lish. Bugungi kunda ta’limga berilayotgan xarajatlarning 50-60%i qurilish ishlariga   berilmoqda (Al-Xorazmiy, Beruniylar davrida  bugungidek hashamatli  o‘quv binolari va sport majmualari bo‘lmagan).

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, O‘ylaymizki, yuqorida keltirilgan fikr-mulohazalar O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyot dasturini hayotga tatbiq qilish, mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotning institutlari va infratuzilmasini yaratishga, respublikaning barcha tarmoqlarini qamrab oluvchi informatsion jamiyat tashkil qilish uchun kerakli bo‘lgan barcha chora-tadbirlarni amalga oshirishga, global miqyosda va global bozorlarda respublikamizning raqobatbardoshliligini oshirishga, yangi texnologiyalar yaratishga to‘sqinlik qilayotgan huquqiy to‘siqlarni yangi normativ-huquqiy baza yaratish yordamida to‘liq bartaraf qilishga, raqamli iqtisodiyot infratuzilmasini yaratish va rivojlantirish, shu jumladan, tarmoqlar, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, texnik va dasturiy ta’minotning zamon talablariga mos ravishda rivojlanishiga, ta’lim tizimining har tomonlama rivojlanishini va yangilanishini ta’minlashga, shuningdek mamlakatdagi turli xil kompaniyalar, firmalar va davlat korxonalarining hamda biznesning rivojlanishiga puxta asos yaratilishiga hamda raqamli iqtisodiyot sohasida ko‘plab tashkilotlar vujudga kelishiga munosib hissa qo‘shadi.

Saidahror GULOMOV,

Fanlar akademiyasi akademigi, i.f.d., professor.

Munis ABDULLAYEV,

Iqtisodiyotda axborot texnologiyalari kafedrasi mudiri v.v.b. i.f.f.d. (PhD).

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php