Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari va hokim talaba-yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor Rustam Jo‘rayev va Chilonzor tuman hokimi Sarvar Maxametov talaba-yoshlar bilan uchrashdi.

Ochiq muloqot shaklida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 27 dekabr kuni mamlakatimiz yoshlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi hamda Prezidentimizning Oliy Majlisga qilgan navbatdagi Murojaatnomasida mutasaddi rahbarlarga berilgan topshiriqlar ijrosi, shuningdek yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlar orasida uchrayotgan turli muammolar haqida so‘z yuritildi.

So‘zga chiqqanlar Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Ichki ishlar vazirligi va uning bo‘linmalari bilan hamkorlikda jamiyatimizda ma’naviy sog‘lom muhit barqarorligini ta’minlash, yoshlar ma’naviyatiga, e’tiqodiga, ularning bugungi va ertangi kamolotiga ta’sir qiluvchi yot illatlar, tahdidlar domiga tushib qolishini oldini olishga qaratilgan doimiy profilaktik tadbirlar o‘tkazib kelinayotgani qayd etildi.

General-mayor Rustam Jo‘raev bugungi kunda Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi tizimlari orqali aniqlangan jinoyatchilik va huquqbuzarlikning raqamlarda turli ko‘rinishlari, yuzaga keltirayotgan sabab va oqibatlarni hayotiy misollarda keng yoritib berdi.

Chilonzor tumani hokimi Sarvar Mahametov Prezident tomonidan mutasaddi rahbarlarga berilgan topshiriqlar doirasida chora-tadbirlar belgilangani, bugungi tadbir shaklida har bir hudud aholisi ayniqsa, yoshlari bilan yoniga borib ochiq muloqotlar o‘tkazib mavjud muammo, yechimini izlayotgan masalalarni joyida mutasaddilar tomonidan bartaraf etib borish mexanizmi joriy qilinganini aytdi.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi raisi Durdona Rahimova O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 27 dekabr kuni mamlakatimiz yoshlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi ishtirokchisi sifatida yig‘ilishda ta’kidlangan ustuvor vazifalar, yoshlar muammolari, yoshlar kelajagini yanada yuksaltirishga yo‘naltirilgan bunyodkor yangi ilohotlar, yoshlar va yoshlar siyosati bilan ishlashda mutasaddi rahbarlar oldida turgan vazifalar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi tomonidan Ichki ishlar organlari bilan olib borilayotgan ishlar, rejalashtirilgan aniq vazifalar haqida tadbir ishtirokchilariga ma’lumot berdi.

Tadbir davomida Chilonzor tuman hududida istiqomat qiluvchi uyushmagan yoshlar, talaba-yoshlar tomonidan ko‘plab savollar va takliflar berildi. Barcha bildirilgan fikrlar Chilonzor tumanining hududlarga biriktirilgan mutasaddilari tomonidan bevosita nazoratga olindi.

Ochiq muloqot mobaynida universitetning 3 nafar faol, yutuqlarga erishgan yoshlariga Vatanparvarligi uchun minnatdorlik so‘zlari aytildi, esdalik sovg‘alari topshirildi.

Taniqli estrada xonandalari, san’at ustalarining ijodiy chiqishlari ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Aytish o‘rinliki, tadbir tashkil etilgan saroyga kirishda yosh hunarmandlar tomonidan tayyorlangan ijodiy ishlar, mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlashga texnik imkoniyatlarni aks etuvchi ayrim mashina va texnika vositalarining ham ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Tadbir so‘ngida mutasaddilarga, ishtirokchilarga minnatdorlik bildirildi va navbatdagi bu shakldagi tadbir tartibi kelishib olindi.

 

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php