Ilm-ma’rifatli, yuksak ma’naviyatli yoshlar – kelajagimiz poydevori

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 27 dekabr kuni mamlakatimiz yoshlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish borasida belgilab bergan vazifalari hamda 2020 yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga qilgan navbatdagi Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida “Rektor va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.

So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarga bo‘lgan e’tibor, o‘sib kelayotgan barkamol avlodga bo‘lgan g‘amxo‘rlik davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bilan ham ahamiyatli ekanligini qayd etdilar. 2019 yil 27 dekabr kuni davlatimiz rahbarining yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvi tarixiy voqyelik sifatida o‘zbekistonlik yoshlarning qalbida abadiy muhrlanadi desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz, deya ta’kidladilar.

Mazkur uchrashuvda prezidentimiz yoshlar masalasiga alohida to‘xtalib, «Yangi O‘zbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz. 2020 yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili bo‘ladi» degan so‘zlari har bir vatanparvar inson, barkamol avlod uchun ozod va obod vatan qurish, erkin va farovon hayot barpo etish yo‘lidagi ezgu maqsadlariga turtki bo‘ladi desak, aslo xato qilmagan bo‘lamiz.

Shuningdek tadbir davomida davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga murojaatnomasida yoshlarga berilgan e’tibor, ular uchun yaratiladigan chora-tadbirlar rejasining ahamiyati haqida gapirib o‘tildi. Xususan, tashabbuskor islohotchi bo‘lib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalash borasidagi dolzarb vazifalar haqida tushunchalar berildi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuv davomida talaba-yoshlar hayotidagi muammolar, ularni bartaraf etish borasidagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi. Bu xususda navqiron avlod vakillari ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi raisi Durdonaxon Rahimova, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Sharofiddin Boltaboev, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira, adabiy tahririyat bo‘limi boshlig‘i Farog‘at Xudoyqulova, Nihol mukofoti sovrindori, Shuhrat medali sohibi Shurofiddin Murodov, Chilonzor tuman 3-sonli IIB huquqbuzarlikni barvaqt profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i Shoira Sobirova, Toshkent shahar Reabilitatsiya markazi xodimi Marg‘iyona Isfandiyorova va Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqiy teatri aktyori Nurbek Mamatovlar ishtirok etishdi. Uchrashuvda faol talabalar, nomdor stipendiya sohiblari, Zulfiya mukofoti sovrindorlari, fan olimpiadasi g‘oliblari va sport sohasida yutuqlarga erishgan talabalar ishtirok etishdi.

 

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php