Turizm sohasini rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari

Turizm va servis kafedrasi tashabbusi bilan “Turizm sohasini rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari” mavzusida innovatsion-korporativ hamkorlik doirasidagi ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi. Tadbirda Toshkent viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti direktori I.Xotamov, departament direktorining o‘rinbosari M.Barakaev, departamentning bo‘lim boshlig‘i E.Norboev hamda Xalqaro turizm fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 5 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ilmiy-amaliy seminarda yetakchi ekspertlar tomonidan mintaqada turizm sohasini jadal rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari yig‘ilganlarga aniq misollar yordamida tushuntirib berildi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2020 yil 28 yanvar kuni o‘tkazgan yig‘ilishida belgilab berilgan dolzarb vazifalar ijrosi doirasida turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ijtimoiy-iqtisodiy samaralari ko‘rsatib o‘tildi.

Turizm sohasidagi amaliy sa’y-harakatlar natijasida hududlar mahalliy byudjeti daromadlar qismi kengayib bormoqda. Shu bilan birga, mintaqaviy resurslardan samarali foydalanish asosida turizm sohasida yuqori haq to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlarining tashkil etilishiga ham zamin yaratilmoqda.   

Ilmiy-amaliy seminar yakunida ikki tomonlama manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish yo‘nalishlari aniqlab olindi.

 

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php