Professor-o‘qituvchilar hamkorlik istiqbollariga oid muzokarada ishtirok etdilar

Toshkent viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Turizm va servis kafedrasi professor-o‘qituvchilari ishtirokida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollariga oid muzokara o‘tkazildi. “Turizm sohasida biznes-tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasi” mavzusida amaliy muloqot shaklida uyushtirilgan mazkur tadbirda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Turizm va servis kafedrasi professor-o‘qituvchilari M.Amonboev, M.Alieva, Sh.Sayfutdinov, M.Mirzohidov, D.Umirova, S.Xalilov, N.Jo‘raeva, J.Jamolov, B.Dehqonov ilmiy asoslangan takliflari bilan faol ishtirok etdi.

Mazkur amaliy muloqotda turistik faoliyatning turli yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar tahlil qilindi. Ayniqsa, erkin sayyohlik hududlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish istiqbollari, mehmonxonalar boshqaruviga innovatsion usullarni joriy qilish yo‘llari kizg‘in muhokama qilindi.

Turistik xizmatlar bozorida raqobat muhitini kuchaytirishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlari, xizmatlar sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini takomillashtirish, mintaqalarda ekologik turizmni rivojlantirish strategiyalari kabi mavzularda ham bahs-munozara olib borildi.

Professor-o‘qituvchilar “Amirsoy” sayyohlik ob’ekti hamda “Chorvoq” erkin sayyohlik hududi salohiyati bilan tanishtirildi. Amaliy muloqot yakunida mintaqada turizm sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro manfaatli ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadga muvofiq, deb topildi.

 

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php