Davlat statistika qo‘mitasi raisi ochiq dars soati o‘tkazdi

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi raisi ishtirokida ochiq dars soati o‘tkazildi. Unda Davlat statistika qo‘mitasi mas’ul xodimlari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar, “Statistika” ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan va sohaga qiziquvchi iqtidorli talabalar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Davlat statistika qo‘mitasi raisi Bahodir Begalov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oliy Majlisga yo‘llangan murojaatnomaning mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida to‘xtalib o‘tdi. Tashabbuskor islohotchi bo‘lib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalash borasida ilgari surgan tashabbuslarga yig‘ilganlar e’tiborini qaratdi. O‘zbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirish maqsadlarini amalga oshirishda ilm-ma’rifat va innovatsiyaning o‘rni yuqori ekanligini yoshlarimiz doimo yodda tutishlari kerakligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, Davlat statistika qo‘mitasi raisi yig‘ilganlarga milliy statistika sohasida olib borilayotgan ochiqlik siyosati, statistika axborotlarining haqqoniyligi va shaffofligini ta’minlash borasida olib borilayotgan faoliyat haqida gapirib berdi. Talabalarga bugungi kundagi iqtisodiyot sohasidagi o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil tushunchalar berdi.

Ochiq dars davomida Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni hisoblash, tahlil etishning yangi metodikalari, axborot kommunikatsion texnologiyalar hamda joriy yilda amalga oshirilishi belgilangan chora-tadbirlar xususida ham ma’lumot berildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan Davlat statistika qo‘mitasi raisiga savollar bilan murojaat qildilar va ular yuzasidan atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldilar.

 

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php