“University 3.0” xalqaro o‘quv, ilmiy-innovatsion tadqiqotlar markazi tomonidan amaliy qo‘llanma ingliz tilida nashr etildi

Bugungi kunda respublikamizda xalqaro ilmiy platformalarda jumladan, AQShning Web of Science va Niderlandiyaning SCOPUS kompaniyalari ilmiy bazalarida maqolalarni chop etish orqali mamlakataimiz oliy ta’lim muassasalari xalqaro reytingini oshirib borish shuningdek, jahon ta’lim tizimida o‘zbek tadqiqotchilarining tanilib borishlariga muhim zamin yaratilmoqda. Biroq, mamlakatimizdagi keng tadqiqotchilar doirasiga bunday nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarga maqolalar tayyorlash va nashrga berish talablari to‘liq ma’lum bo‘lmaganligi, ularning ushbu jurnallarda maqolalar chop etishga bo‘lgan intilishlariga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda.

Ushbu masalaga amaliy yechim topish maqsadida bir guruh tadqiqotlar tomonidan muhim va foydali ishga qo‘l urildi. Natijada, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “University 3.0” xalqaro o‘quv, ilmiy-innovatsion tadqiqotlar markazi direktori, iqtisodiyot fanlari doktori Sherzod Mustafakulov, Jahon iqtisodiyoti kafedrasi o‘qituvchisi Aziz Zikriyoev, Ekonometrika kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD Sohibmalik Homidov, Elsevier kompaniyasining O‘zbekistondagi koordinatori Dilnoza Allanazarova va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Iqtisodiyot va moliya kafedrasi dotsenti, PhD Tohir Hasanovlar tomonidan “O‘zingni jahon reytingidagi tadqiqotchilar orasida kashf qil” (Explore yourself among world – class researchers) nomli amaliy qo‘llanma ingliz tilida nashr etildi.

Mazkur amaliy qo‘llanma, asosan, ilmiy-tadqiqot ishlarini endi boshlamoqchi bo‘lgan yurtimizdagi yosh olimlar va tadqiqotchilarga hamda nufuzli xalqaro ilmiy platformalardagi jurnallarda o‘z maqolalarini chop etish istagida bo‘lgan olim va mutaxassislar uchun mo‘ljallangan. Unda ilmiy-tadqiqotlarni olib borishda oliy ta’lim tizimining integratsiyalashuvi, jahon oliy ta’lim muassasalarining reytingini yuritadigan kompaniyalar (Buyuk Britaniyaning QS va AQShning Times Higher Education THE) va ularni hisoblash ko‘rsatkichlari, xalqaro ilmiy platformalar (Web Of Science, SCOPUS), jahonning yetakchi nashriyotlari (yelsevier, Taylor & Francis Group, Springer Nature, Sciencedirect), ilmiy jurnallarni ularning xalqaro reyting ko‘rsatkichlari asosda izlash (Impact Factor-Web of Science, Cite Score-SCOPUS), ISSN (International Standard Serial Number), h-index, JEL Classification Code, Doi ko‘rsatkichlari haqida umumiy ma’lumot keltirilgan.

Qo‘llanmada ilmiy-tadqiqot natijalarini xalqaro formatda joylashtirishga juda katta hissa qo‘shayotgan Google kompaniyasi platfomalari qisqacha izohlangan. Tadqiqot yuzasidan ma’lumotlarni to‘plash, ularni xalqaro integratsiyalashgan SPSS, E-Views, Latex, Matlab, Stata dasturlari yordamida tahlil qilishga oid qisqacha tushunchalar berib o‘tilgan. Jahonning yetakchi tadqiqotchilari orasida shaxsiy qarashlari, fikrlari va yondashuvlariga ega bo‘lgan yosh olimlarni bir platformaga jamlagan Mendeley dasturining dolzarbligi, ahamiyati hamda imkoniyatlari keng yoritib berilgan.

Shuningdek, qo‘llanmada statistik va ekonometrik jihatdan tahlil qilishning amaliy ko‘rsatmalari, ilmiy-tadqiqotlar natijalarini maqola shakliga keltirish tartibi yuzasidan ko‘rsatmalar keltirilgan bo‘lib, unda keltirilgan uslubiyat, asosan, Oksford va Kembridj universitetlari talablari asosida shakllantirilgan.

Mazkur amaliy qo‘llanmaning ahamiyatli tomoni shundaki, u mamlakatimizning barcha yosh olimlari hamda tadqiqotchilariga mo‘ljallangan bo‘lib, unda erishilgan miqdoriy va sifat ko‘rsatkichli natijalarni APA, MLA, Chicago style Harvard va boshqa uslub asosida yoritishga oid yondashuvlar o‘z aksini topgan.

Umuman olganda, mazkur amaliy qo‘llanma mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yuqori reytingli ilmiy-tadqiqotlar natijalarini nufuzli xalqaro ilmiy platformalardagi jurnallarda chop etishga hamda shuning asosida oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reyting ko‘rsatkichlarini oshirib borishga xizmat qilishiga umid bildiramiz.

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php