Madhiya kuni yuqori kayfiyatda nishonlandi

Bugun, 10-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida xodimlar uchun ish kuni hamda professor-o‘qituvchilar, talabalar uchun dars mashg‘ulotlari Davlat madhiyasi bilan boshlandi.

Universitet rektori Kongratbay Sharipov, prorektorlar, bo‘lim boshliqlari va xodimlar, markaz rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, ta’lim tarbiya maslahatchilari va talablar ishtirokida #MADHIYA, #Faxrimmadhiyam_TDIU, #Gururimmadhiyam_TDIU, #Бугун_10_декабрь heshtegi ostida bayram tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun. 1992-yil 10-dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Qonunda madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi ekani, unga katta ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchi ekani qayd etilgan. O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, mamlakatimizda yashab turgan boshqa shaxslar ham madhiyamizni hurmat qilishi shartligi alohida ta’kidlangan.

Davlat madhiyasining muallifi O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov bo‘lib, musiqasini O‘zbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Mutal Burhonov yaratgan. Madhiyada xalqimizning ezgu orzu-umidlari, kelajakka mustahkam ishonchi teran ifodalangan. Unda mardona va sharaflarga boy o‘tmishimiz, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ular tarannum etilgan.

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida xalqimizning ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy o‘zligimizga chuqur hurmatni shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida muhim tarbiyaviy vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

 

 

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php