Stetson universiteti professori xalqaro korporativ moliya haqida dars mashg‘ulotlari olib bordi

“Universitet 3.0” xalqaro o‘quv, ilmiy-innovatsion tadqiqotlar markazi tomonidan jalb qilingan AQShning Stetson universiteti Moliya kafedrasi professori Jenifer Fu uch oy davomida Magistratura bosqichi 1-kurs talabalari uchun “Xalqaro korporativ moliya” fanidan dars mashg‘ulotini olib bordi. Professor Jenifer Fu AQShning Fulbright granti stipendiati bo‘lib, ushbu dastur asosida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘zining tadqiqotini olib bordi. 9 sentyabrdan 25 noyabrgacha davom etgan ushbu kursning maqsadi global muhitda faoliyat yuritayotgan xalqaro kompaniyalarning xalqaro korporativ amaliyotlariga e’tibor qaratish bo‘lib, xalqaro moliya bozorlari, xalqaro biznesni moliyalashtirish, valyuta bozori va kursini aniqlash, xalqaro biznesda global strategiyalarni ishlab chiqish kabi mavzularni qamrab oladi.

Xalqaro korporativ moliya kursida ingliz tilini mukammal bilgan 20 nafar talabalar qatnashdi hamda qat’iy belgilangan baholash tizimi asosida dastur topshiriqlarini faol bajardilar. Kurs davomida talabalar o‘tilgan mavzular bo‘yicha 2 ta oraliq nazorati, 3 ta topshiriq va yakuniy imtihondan o‘tdilar. Kurs yakunida berilgan topshiriqlarni o‘z muddatida topshirgan va imtihonlardan muvaffaqqiyatli o‘tgan talabalarga sertifikat topshirildi.

28 noyabr kuni professor Fu hamda universitet rahbariyati ishtirokida kurs davomida yuqori natijalarga erishgan talabalarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bobur Urinov, Magistratura bo‘limi boshlig‘i Nodir Akbarov professor Jenifer Fuga chuqur minnatdorchilik bildirib, kelgusida Stetson universiteti va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida xalqaro hamkorlik mustahkamlanishiga umid bildirdilar.

 

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php