Iqtisodiy rivojlanish tendensiyalarini modellashtirish va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash istiqbollari

Bugungi kunda O‘zbekiston sharoitida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning qonuniyatlari, tendensiyalari va imkoniyatlarini, xususan, axborot texnologiyalarining iqtisodiyotning turli sohalariga kirib borish darajalarini ilmiy asosda o‘rganish nihoyatda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Vatanimiz taraqqiyoti va istiqboli, mamlakatimizda keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati milliy iqtisodiyotimizga yangi innovatsiyalarni joriy qilishga bevosita bog‘liqdir. Shu sababli raqamli iqtisodiyotni takomillashtirish, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va huquqiyasoslarini ilmiy-amaliy jihatdan tadqiq etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti 2018 yil 28 dekabrdagi 2019 yil uchun eng muhim ustivor vazifalar haqidagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham mamlakatimizda raqamli iqtisodning rivojlanishi bo‘yicha quyidagilarni aytib o‘tdi: “Iqtisodiyotning barcha sohalarini raqamli texnologiyalar asosida Yangilanishini ko‘zda tutadigan “Raqamli iqtisodiyot milliy kontseptsitasi”ni ishlab chiqishimiz kerak. Shu asosda “Raqamli O‘zbekiston-2030” dasturini hayotga tadbiq etishimiz zarur. Raqamli iqtisodiyot yalpi ichki mahsulotni kamida 30 foizga o‘stirish, korruptsiyani keskin kamaytirish imkonini beradi. Nufuzli halqaro tashkilotlar o‘tkazgan tahlillar ham buni tasdiqlamoqda.Shuning uchun Hukumatga ikki oy muddatda raqamli iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha “yo‘l haritasi”ni ishlab chiqish topshiriladi. Bu borada axborot havfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish zarur”.

Milliy iqtisodiyotning raqamli sektorini rivojlantirish masalasi O‘zbekistonda davlat darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, bu borada keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.Xususan, elektron hujjat aylanishi tizimlari joriy etilmoqda, elektron to‘lovlar rivojlantirilmoqda va elektron tijorat sohasida yaratilgan normativ-huquqiy baza takomillashtirilmoqda. Shu bilan birga, axborot-texnologik platformalarda faoliyat ko‘rsatayotgan raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanmoqda.Bu esa shunday platformalarning yangi modellarini yaratish zaruratini taqozo etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-fevraldagi «Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish maqsadida 2018-yil 3-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining“O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruviga raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat hamda axborot tizimlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 5598-sonli Farmoni va boshqa me’yoriy-huquqiy xujjatlar asosida mamlakatda raqamli iqtisodiyotni keng va samarali joriy etish va axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgan.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Iqtisodiyotda axborot texnologiyalari” va “Ekonometrika” kafedralari tomonidan tashkil etilgan “Raqamli iqtisodiyot: iqtisodiy rivojlanish tendensiyalarini modellashtirish va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash istiqbollari” mavzusidagi ryespublika ilmiy-amaliy anjumani “Harakatlar strategiyasi” va yuqorida nomlari keltirilgan qonun va qarorlarda belgilab berilgan dolzarb vazifalarning ilmiy-amaliy jihatlarini muhokama qilish asosida bu borada tegishli xulosalar va tavsiyalarni ishlab chiqishga bag‘ishlangan.

Ushbu anjuman ishida mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni shakllantirish va uning axborot xavfsizligini ta’minlash bilan shug‘ullanuvchi davlat boshqaruvi organlari, sohada faoliyat olib borayotgan mutasaddi tashkilotlarning rahbar va mutaxassislari, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va ilmiy tadqiqotchilari, ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlarining xodimlari ishtirok etmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Axborot xavfsizligi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining “Texnik ko‘maklashish markazi” DUK, Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti shuningdek sohaga oid boshqa tashkilot va korxonalar, hamda ilmiy tadqiqot institutlari anjuman ishida hamkor sifatida ishtirok etib, uni yuqori saviyada tashkil etishga munosib hissa qo‘shmoqda.

Anjumanda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy ma’ruzalar muhokama qilinmoqda:

  • Raqamli davrda iqtisodiyot va boshqaruvni rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari, ijtimoiy va huquqiy jihatlari;
  • Mamlakat iqtisodiyoti ob’ektlarida axborot infratuzilmasi va axborot xavfsizligi tizimlarini rivojlantirish;
  • Raqamli iqtisodiyotni shakllantirish jarayonlarini modellashtirish va prognozlash;
  • Raqamli iqtisodiyotni shakllantirish sharoitida uzluksiz ta’lim tizimida innovatsion texnologiyalar;

Anjumanning yalpi majlisida sohaga oid yetakchi mutaxassis va olimlarning ilmiy ma’ruzalari tinglanadi va muhokama qilinadi. Kunning ikkinchi yarmida anjuman ishtirokchilari 5 ta sho‘baga bo‘lingan holda muhokamalarni davom ettirishadi.

Anjuman tahrir hay’atiga respublika oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar va soha mutaxasislarining 200 dan ortiq ilmiy maqolalari hamda ma’ruza tezislari taqdim etilgan bo‘lib, ularning eng saralari to‘plam sifatida chop etilmoqda. Anjuman ishi yuqori saviyada va qizg‘in bahs-munozaralar bilan o‘tmoqda. Anjuman yakuni bo‘yicha qaror qabul qilinib, muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlarga taqdim etish uchun xulosa va tavsiyalar tayyorlanadi. Ular mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni shakllantirish va uning axborot xavfsizligini ta’minlash hamda “Harakatlar strategiyasi”da belgilangan ustuvor vazifalarni bajarishda muayyan darajada o‘z hissasini qo‘shadi.

 

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php