Baxtiyorlar diyori

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Baxtiyorlar diyori” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rik-tanlov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017-yil 25-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi, Yoshlar ittifoqi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etilgan.

Fenstival ishtirokchi o‘quvchi-yoshlari Prezidentimizning ilgari surgan beshta muhim tashabbusi doirasida o‘z chiqishlarini namoyish etishdi. Bundan tashqari, ular o‘zlari tahsil olayotgan ta’lim muassasalarida qilinayotgan ibratli ishlar, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar natijasida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni sahna ko‘rinishlari orqali ko‘rsatib berishdi. Bu kabi tadbirlar, Mustaqillik davri sharoitida yoshlarga berilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanishni o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillariga keng targ‘ib qilish, o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va maqsadli tashkil etish, ular o‘rtasida do‘stlik va ijodiy yaqinlikni o‘rnatish, yoshlar ma’naviyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Festival yakunida ishtirokchilar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoatchilik fondi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

 

 

Azizbek AMONOV

Izohlar
Izoh qoldirish
single.php